Bugun biz yashayotgan sayyoramiz — yagona uyimiz. U nafaqat bizga, balki kelajak avlodlarga ham tegishli.
Inson va tabiat o‘rtasidagi aloqadorlik azaldan mavjud. Hayot davom etishi uchun, avvalo, atrof-muhitdagi resurslarga tayaniladi: havo, suv, yer, o‘simlik va hayvonot dunyosi kishiga yashash uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni beradi. Bugungi kunda inson faoliyatining keskin o‘sishi, texnologik taraqqiyot va sanoatlashuv natijasida tabiat muvozanatiga jiddiy zarar yetmoqda. Atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslarning kamayishi kabi muammolar insoniyat oldida turgan eng katta muammodir.
Ko‘pchilik tabiatni va atrof-muhitni muhofaza qilishni murakkab ish deb o‘ylaydi. Aslida esa bu oddiy odatlardan boshlanadi. Misol uchun, keraksiz joyda chiroqni o‘chirish, suv resurslarini tejab ishlatish, plastik paket o‘rniga matoli sumkadan foydalanish, chiqindilarni ajratish va hokazo.
Bolalar tabiatga qanday munosabatda bo‘lishni bizdan o‘rganadi. Shuning uchun oilada, maktabda yoki mahallada ekologik tarbiyani yo‘lga qo‘yish nihoyatda muhimdir. Daraxt ekish, chiqindilarni tozalash, atrof-muhitni asrash kabi turli tanlovlar va davra suhbatlarida ishtirok etish ularni ongli va mas’uliyatli fuqarolarga aylantirishi shubhasiz.
So‘nggi yillarda insoniyat taraqqiyoti davomida sanoat, texnologiya va urbanizatsiya jarayonlari sezilarli darajada rivojlandi. Afsuski, bu rivojlanish ko‘pincha tabiatga zarar yetkazdi: havo va suvning ifloslanishi, o‘rmonlarning kesilishi, hayvonot dunyosining kamayishi kabi muammolarning kuchayib borishiga sabab bo‘ldi. Agar biz hozirdanoq bu jarayonlarga e’tibor qaratmasak, kelajak avlodlarga sog‘lom yashash uchun yaroqli muhit qoldira olmaymiz.
Atrof-muhitga tahdid solayotgan muammolar dolzarbligicha qolmoqda. Atmosferaning ifloslanishi, avtotransport vositalari, sanoat korxonalari, energiya ishlab chiqaruvchi zavodlar tomonidan chiqarilayotgan zararli gazlar o‘z yechimini kutayotgan masalalardir. Ekologik muammolarni hal etishda ta’lim va targ‘ibotning o‘rni beqiyosdir. Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan boshlab barcha ta’lim muassasalarida ekologik tarbiyani yo‘lga qo‘yish zarur. Yosh avlodda tabiatga mehr, uni asrash zarurligi va ekologik mas’uliyat singdirilishi kerak. Ommaviy axborot vositalari, internet platformalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ekologik ongni shakllantirishga xizmat qiluvchi loyihalar, ijtimoiy roliklar, maqolalar, ma’ruzalarni keng ommaga yetkazish lozim. Shuningdek, davlat tomonidan ekologik qonunchilikni takomillashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish ham atrof-muhit muhofazasida eng samarali usulidir.
Najmiddin Nurgaliyev,
TerDU katta o‘qituvchisi, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD.