Unda mujassamdir g‘urur, did, o‘zlik

Date:

Liboslar – har bir xalq tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u o‘ziga xoslikni aks ettiradi. Liboslar turli etnik belgilari bilan ham ajralib turadi, insoniyat taraqqiyotining eng qadim davrlarida, ya’ni 40-25  ming yillardayoq paydo bo‘lgan kiyimlarda xalqning moddiy ahvoli, kishilarning didi, go‘zallik va nafosatga bo‘lgan intilishlari yaqqol namoyon bo‘ladi. 

Mintaqamizdagi iqlim, shart-sharoit va ko‘p yillik tarixga ega e’tiqodimiz asosida o‘ziga xos milliy liboslarimiz shakllangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular nafaqat millatimiz ko‘rkini, balki ma’naviy mafkuramizni va dunyo tamaddunida tutgan o‘rnimizni ham namoyon etadi. Bugungi kunda mana shu uzoq tarixni bosib o‘tgan, ajdodlarimiz mafkurasi va dunyoqarashi haqida so‘zlaydigan milliy liboslarimizni saqlab qolish va targ‘ib etish milliyligimizni asrash demakdir. 

Milliy liboslar — xalqimizning boy tarixi, urf-odatlari va an’analarining ifodasi, ajdodlarimiz didi va estetik qarashlarining yorqin aksidir. Shu bois, bugungi kunda yoshlarning milliy liboslarga bo‘lgan qiziqishini oshirish nihoyatda muhim.

O‘z milliy libosini kiygan inson o‘z madaniyatiga hurmat bilan qaraydi. Libos insonning ichki dunyosini aks ettiruvchi ko‘zgudir, milliy libos esa uning ildizlarini namoyon qiladi. Har bir milliy libos ortida ajdodlar donishmandligi va hunarmandlarning san’ati yotadi.

Nega endi hamma narsadan zamonaviylik, yangi uslub yarata-

yotganlar milliy mato va libosla-rimizda yangilik qilishmaydi?! Qizlarimiz sochlarini qirq kokil qilib o‘rib, atlas-u adrasni kiyishmaydi? Bu kabi savollar ko‘p bor tug‘iladi. Albatta, javoblar, yondashuv va fikrlar turlicha. Ammo, Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Milliy liboslar – millat ko‘zgusi” mavzusida tashkil etilgan konferensiyada ko‘pchilikning fikri bir joydan chiqdi.

Konferensiyada ishtirok etgan respublika hamda vohaning taniqli ayollari yoshlarga milliy liboslarimizning ahamiyati haqida o‘zlarining qimmatli fikrlarini bildirishdi. Qolaversa, kiyinish odobi, madaniyati, milliy liboslarning tarixi va buguni, mavjud muammo va kamchiliklar ham keng muhokama qilingan. Go‘zallik va nafosat, ibo va hayo  namunasi bo‘lgan milliy liboslarimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbida azaliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat ruhini tarbiyalash maqsadida an’anaviy tarzda “Xon atlas” festivali o‘tkazib kelinayotir. Festival doirasida Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida ham katta tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Surxonning  Barchinoy qizlari, suluv kelinchaklari-yu kayvoni onaxonlarining egnidagi milliy liboslar yal-yal yonib tovlanadi.

— Milliyligimiz va ma’naviyatimizning bebaho qirralarini asl holicha asrash bizning oldimizga muhim vazifalarni qo‘yadi, — deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova. — Bugun dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoridan joy olishga intilar ekanmiz, bu jarayonda milliyligimizni, o‘zligimizni, ajdodlar merosiga hurmat hissini saqlab qolmog‘imiz shart. Bu borada esa milliylikni targ‘ib etishga qaratilgan festivallar alohida ahamiyat kasb etadi.

Libos — bu shaxsiy tanlov, shunga qaramay, milliy libos millat g‘ururi hamdir.

Go‘zal Samiyeva,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Xayr bog‘cha – salom maktab”

Viloyatimizning barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida "Xayr bog‘cha – salom...

Yong‘in 14 soatda o‘chirildi

Boysun tumanidagi “Kengdala” o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash...

TerDU: targ‘ibot tadbirlari Boysunda

Yurtimizda oliy ta’lim dargohlari soni yil sayin oshib bormoqda....

“Yozgi sog‘lomlashtirish — muhim davr”

Uzun tumanidagi 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Yozgi sog‘lomlashtirish...
KunTun
KunTun