Kunlar, oylar, yillar shamoldek o‘taveradi. Avlodlar almashaveradi. Bugungacha “Surxon tongi“ atalmish muqaddas dargohga uch yuz nafardan ortiq ijodiy va texnik xodim kelib ketgan. O‘tgan 85 yil ichida gazeta tahririyatini o‘n to‘qqizinchi muharrir boshqarmoqda.
Gazeta qadim-qadimdan juda katta ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot, mafkuraviy kuch hisoblangan. Hozir shahar chekkasida joylashgan Termiz tumanidagi Pattakesar manzilgohida 1932 yil 15 apreldan “Qizil chegarachi“ degan gazeta kichik hajmda chiqa boshlaydi. Chegara hududida bo‘lganligi, Termiz strategik ahamiyatga ega janubiy darvoza ekanligi hisobga olinib, birinchi bo‘lib ana shu hududda o‘sha davrning eng kuchli mafkuraviy quroli — gazeta tashkil qilingandi. Unga birinchi muharrir etib, Saidboyev tayinlanadi. U kishi bu tahririyatni o‘n uch yil davomida boshqaradi. Nihoyat, 1935 yil 18 martdan “Qizil chegarachi“ o‘rniga “Ilg‘or Surxon uchun“ gazetasi chiqa boshlaydi. Gazetaga muharrir etib tayinlangan Rustam Abdurahmonov negadir uning “guvohnoma“ siga e’tibor bermaydi. Aslida “Qizil chegarachi“ bu nashrning o‘tmishdoshi bo‘lganligi uchun uning tituli tagiga “Gazeta 1932 yil 15 apreldan chiqa boshlagan“ deb yozilishi kerak edi. Shu hisobda bu yil sevimli nashrimiz 85 yoshga to‘ladi.
Endi o‘sha paytlarda «Ilg‘or Surxon uchun» tahririyatida o‘z davrining yetuk insonlari ishlashganligini e’tirof etish lozim. Viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotini yoritishda Olim Nosirov, Abdulla Sharipov, Abdurahmon Rahmatullayev, Akrom Qodiriy, Zoir Mullajonov, Ahmad Tillayev, Nishon Qosimov, Do‘stboy Yangiboyev, Halil Zufarov, Quvondiq Jo‘rayev, Narzulla Safarov, Nur Davxonov, Qodir Gʻulomov, Bozor Melikov kabi zabardast ijodkorlar ishlashgan. Garchi ular jurnalist bo‘lishmasa-da, tug‘ma iste’dod sohibi, tajribali qalamkash bo‘lishgan.
1941 yilga kelib gazeta haftasiga uch marta chiqadigan bo‘ladi. Shunda ish hajmi kengaygach, yangi ijodiy kuchlarni jalb etishga to‘g‘ri keladi. Shu munosabat bilan jamoaga N. Ergashev, Yusuf Aslidinov, Ahmad Muxtarullin, R. Tilakzoda, M. Ikromov, S. Abduqahhorlar kelib qo‘shilishgan. Ana shu yillarda gazetaga Zokir To‘raxonov, Mamarayim Qo‘chqorov, Husan Umarov, Halim Boqiyev, Yusuf Sulaymonov kabi insonlar bosh muharrir bo‘lishgan. Ikkinchi jahon urushi boshida bir muddat jamoani O‘roz Ermonov boshqargan. 1941 yilda Surxondaryo viloyati tashkil topgach, gazeta nufuzi yanada ortib, besh ming nusxada chop etila boshlangan va unga Temir Gabidov bosh muharrir etib tayinlangan.
Biz yuqorida bejiz “Bu dargohga uch yuz nafardan ortiq insonlar kelib ketishgan” demadik. Urushdan so‘ng Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari qo‘shiladi. Qashqadaryodagi barcha viloyat tashkilotlari Termizga ko‘chiriladi. Shu jumladan, Qashqadaryo viloyat gazetasi xodimlari ham Surxondaryoga ishlash uchun ko‘chib kelishga majbur bo‘lishadi. 1959 yilda “Ilg‘or Surxon uchun” gazetasi “Lenin bayrog‘i” nomi bilan katta formatda chop etiladi. Endi u haftasiga besh marta chiqar, o‘quvchisi ham ancha ko‘paygandi. Bosh muharrir esa qashqadaryolik Yo‘ldosh Umarov bo‘ladi. Ikki viloyat ijodkorlari juda katta jamoani tashkil etadi. O‘z davrida ijodiy faoliyati bilan mamlakat miqyosida tanilgan qashqadaryolik Samar Nurov, Meli Mahmudov, Suvon Soqiyev, Samar Qodirov, Suhrob Rustamovlar bilan birga vohadoshlarimiz Farid Shamanov, Nizomjon Parda, Kenja Qodirov, Ergash Murodov, Vosit Vohidov, Toshqo‘zi Mullayevlar astoydil ijod qilishgan. Qo‘shilish davrida gazetaning jug‘rofik qamrovi kengligi, muxbirlar sonining ko‘pligi, mavzuning rang-barangligi bilan yangi bosqichga chiqqan, desak to‘g‘ri keladi. Gazeta taxlamlarini varaqlaganda, bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Xullas, ikki viloyat yana ajralgach, qashqadaryolik hamkasblar ham “Lenin bayrog‘i” ni tark etishadi. Shu orada jamoaga Abdulla Lutfullayev rahbarlik qila boshlaydi. U kishi bir muddat boshqargach, gazeta jamoasiga Saidmurod Jo‘raqulov rahbar etib tayinlanadi. Bu inson gazeta tarixida eng uzoq — o‘n sakkiz yil muharrirlik qilgan.
Oltmishinchi-yetmishinchi yillar gazetaning eng yuksalish davri hisoblanadi. Bu vaqtda “Lenin bayrog‘i” tahririyatida Tesha Saydaliyev, Norqul Hayitqulov, Bolta Yoriyev, Isomiddin Otaqulov, Xurram Maqsadqulov, Tansiqboy Tumishev, Botir Mengliqulov, Rahmatulla Abdurahmonov, Mengziyo Safarov, Zoir Mamajonov, Rahmatjon Ahmadjonov, Xolmamat Mamatqulov, Muhiddin Merganov, Hamid Rahmonov, Ahmad Ergashev, Turg‘un Xudoynazarov, Chori Alimov, Chori Shomurodov, Olimjon Usanov, Tojiddin Razzoqov, Xolmo‘min Xudoyqulov, Azamat Rebyajev, Tursunpo‘lat Qo‘shoqov, Salomjon Mengnorov, Muhammadjon Rahmonov kabi eng sara jurnalist-ijodkorlar to‘planishgandi.
Shuni unutmaslik kerakki, gazeta viloyat hayotida juda katta mavqega ega minbar bo‘lgan va shunday bo‘lib kelmoqda. Saksoninchi yillardan so‘ng gazeta sifat va mazmun, badiiy, ijtimoiy-siyosiy saviya jihatidan ham o‘sganligini ko‘ramiz. Shu davrga kelib gazeta 45 ming nusxada chop etiladi. Eng muhimi, har bir davrda jamoaga yangi kuchlar kelib qo‘shilishgan. Toshkentdagi nufuzli matbuot nashridan kelgan Xudoyberdi Eshonqulov, Annaqul Shoymardonov, Chori To‘xtayev, Mahmud Abulfayizov, Usmonali Normatov, Jovli Xushboqov, Alimardon Bo‘ronov, Annaqul Jabborov, Xayrulla Sultonov, Karomat Begasheva, Jamila Ergasheva, kamina va Egam Do‘stlar kelishgan bo‘lsa, to‘qsoninchi yillarda jamoani Mahkamtosh Abrayeva, Azizali Aliboyev, Xolmuhammad Tog‘aymurodov, Alisher Poyonov, Shamsiya Xudoynazarovalar to‘ldirishdi. Keyingi yigirma olti yil ichida jamoamizga bittagina jurnalist Sayyora Allayeva kelib qo‘shildi.
Safar OMON