Moliya tizimida shaffoflik va qonun ustuvorligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biroq ayrim holatlarda mansabdor shaxslar va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi noqonuniy til biriktirishlar katta miqdordagi mablag‘larning talon-toroj qilinishiga sabab bo‘lmoqda.
Shunday holatlardan biri “NFI” MCHJ bilan bog‘liq jinoyat ishida kuzatildi. Tergov davomida aniqlanishicha, jamiyatning norasmiy rahbari A.A. bir qator mansabdor shaxslar bilan til biriktirib, 2017-yilda meva-sabzavot saqlash uchun muzlatgich uskunalari xarid qilish bahonasida 325 ming AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratilishiga erishgan. Mazkur mablag‘ xalqaro moliya instituti kredit liniyasi hisobidan, past foiz stavkasi bilan berilgan.
Kreditni olishda garov ta’minoti sifatida yuqori baholangan ko‘chmas mulklar taqdim etilgan. Biroq keyinchalik ushbu mulklar turli sxemalar orqali boshqa korxonalar nomiga o‘tkazilib, garov amalda “yo‘q qilingan”. Xususan, kadastr ma’lumotlarini o‘zgartirish, mulkni qayta rasmiylashtirish orqali kredit ta’minotisiz qoldirilgan.
E’tiborlisi, mazkur noqonuniy harakatlar yillar davomida yashirib kelingan. Bank va boshqa tegishli tashkilotlarning ayrim mansabdor shaxslari tomonidan muntazam ravishda soxta monitoring dalolatnomalari tuzilib, go‘yoki kredit mablag‘lari maqsadli ishlatilgani va garov mavjudligi haqida yolg‘on ma’lumotlar rasmiylashtirilgan. Aslida esa garov mulklari allaqachon begonalashtirilgan edi.
Bundan tashqari, A.A. o‘ziga aloqador bir nechta MCHJlar orqali mulklarni biridan boshqasiga o‘tkazib, izlarni yashirishga uringan. Natijada davlat va bank manfaatlariga juda katta — qariyb 4 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Mazkur jinoyat sxemasi prokuratura organlari tomonidan fosh etilib, yetkazilgan zarar to‘liq qoplandi. Ushbu holat bir narsani yana bir bor tasdiqlaydi: moliyaviy intizom, nazorat va javobgarlik tizimi sust bo‘lgan joyda korrupsiya ildiz otadi.
Bu kabi holatlar nafaqat iqtisodiy zarar, balki jamiyatda ishonchning susayishiga ham olib keladi. Shu bois har bir kredit, har bir garov va har bir mansabdor qarori ustidan qat’iy va shaffof nazorat o‘rnatilishi bugungi kunning dolzarb talabidir.
A.Chariyev,
Surxondaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i

