XX asr o‘zbek adabiyotida esa ayol ijodkorlar safi yanada kengaydi va ularning ovozi
jamiyat hayotida yanada baralla yangray boshladi. Ular orasida ham adiba, ham shoira sifatida
Saida Zunnunova ijodi
alohida o‘rin tutadi. Dastlab, she’rlar yozgan, ustoz shoir G‘afur G‘ulom tomonidan ilk she’riy kitobiga sarlavha qo‘yilib, e’tirofga sazovor bo‘lgan esa-da, adiba oila, ayol, qadriyatlar, yoshlar va tarbiya kabi turli ijtimoiy mavzular qalamga olingan nasriy asarlari bilan ham mashhur bo‘ldi. Uning lirik asarlari ichida “Ruh bilan suhbat” dostoni yuksak badiiyat namunasidir. U she’riyatda ham, nasrda ham ayol qalbining nozik kechinmalari, hayotiy haqiqatlarni samimiy va ta’sirchan ifodalashga erishdi. Ijodkor zabardast yozuvchi Said Ahmad bilan nihoyatda go‘zal, ibratli oila sifatida xotiralarda muhrlandi. Bu baxtli ijodkorlar oilasi haqida “Said va Saida”, “Sen tomon talpinar yurak” kabi qator filmlar suratga olingan. Har ikki sevimli ijodkorimiz xotirasi, ularning adabiyotimiz va mamlakatimiz ma’naviy hayotini yuksaltirishga qo‘shgan xizmatlari ehtiromga arziydi.
Shu munosabat bilan Termiz davlat universitetida adiba va shoira Saida Zunnunova tavallu-dining 100 yilligiga bag‘ishlangan badiiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir nafaqat shoira merosini yodga olish, balki yoshlar qalbida adabiyotga bo‘lgan muhabbatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbirda o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani A.Xudoyqulov, filologiya fanlari doktori N.Yuldashev, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori R.Zaripovalar ijodkorning hayoti, murakkab ijodiy yo‘li va o‘zbek adabiyotidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdilar. Ma’ruzalar davomida uning ijodiy merosida aks etgan ayol qalbining kechinmalari, asarlarida ulug‘langan insoniy fazilatlar va jamiyat hayotidan olingan ijtimoiy muammolar talqini haqida fikrlar aytildi.
Jo‘shqin va ko‘tarinki ruhda o‘tgan badiiy qismda talabalar tomonidan shoira she’rlari ifodali aytilib, uning mashhur hofizlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlari yangradi. Ayniqsa, “Adabiyotshunoslik” to‘garagi a’zolari tomonidan adibaning “Buvi” hikoyasi asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi barchada chuqur taassurot qoldirdi. Tadbir davomida talabalarning faolligi, ijodiy yondashuvi va adabiyotga bo‘lgan qiziqishi alohida
e’tirof etildi. Bu esa bugungi kunda yoshlar orasida milliy adabiyotimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborning ortishi, kitobxonlik madaniyatining keng miqyosda targ‘ib etib borilayotganining yaqqol dalilidir.
Feruza Sultonqulova,
TerDU dotsenti

