Bir kuni podshoh vaziri bilan sayrga chiqibdi. Yo‘lda ketayotib, bir qishloqqa duch kelishibdi. Shinamgina uy oldida o‘tirib, to‘qish bilan mashg‘ul bo‘lgan yosh bir qizni ko‘rib qolishibdi. Podshoh qizning yoniga yaqinlashib, so‘rabdi:
– Salom, qizim. Otang uydami?
Qiz javob beribdi:
– Otam uyda yo‘qlar! Ozni ko‘p qilgani ketganlar.
Podshoh yana so‘rabdi:
– Onang uydami?
Qiz debdi:
– Onam ham uyda yo‘qlar! U kishi birini ikki qilgani ketganlar.
Podshoh debdi:
– Qizim, uyingiz juda chiroyli-yu, ammo mo‘risi egri ekan.
Qiz bo‘sh kelmay javob qaytaribdi:
– Mo‘risi egri bo‘lsa ham, tutuni to‘g‘ri chiqadi.
Podshoh kulimsirab:
– Senga bir g‘oz yuborsam, yula olasanmi? – deb so‘rabdi.
Qiz:
– Ijozat bersangiz, eng mayda patlariga qadar yulib olaman! – debdi.
Podshoh qizga “Omon bo‘l!” deb, vaziri bilan yana yo‘lida davom etibdi. Saroyga qaytgach, podshoh vaziridan so‘rabdi:
– Qiz bilan nima haqida gaplashganimizni tushundingmi?
Vazir:
– To‘g‘risini aytsam, tushunmadim, shohim, – deb javob beribdi.
Podshoh:
– Tez borib bilib kel! Aks holda seni vazirlikdan bo‘shataman! – deb buyuribdi.
Vazir sarosimaga tushib, saroydan chiqib ketibdi. Qiz yashaydigan qishloqqa yetib boribdi va so‘rabdi:
– Ey yaxshi qiz, oqila qiz! Bugun yonimda bir kishi bilan kelgan edim. U siz bilan suhbatlashgandi. O‘sha gaplaringiz nimani anglatardi?
Qiz shart qo‘yibdi:
– Har bir javobim uchun o‘nta oltin berasan.
Vazir rozi bo‘libdi. Qiz tushuntiribdi:
– “Ozni ko‘p qilgani ketganlar” deganim – otam dehqon, urug‘ ekgani ketgan edi.
Vazir o‘nta oltin beribdi.
– “Birini ikki qilgani ketganlar” deganim – onam doya, tug‘ruqqa ketgan edi.
Yana o‘nta oltin.
– “Mo‘risi egri bo‘lsa ham, tutuni to‘g‘ri chiqadi” deganim – ko‘zim qiyshiq bo‘lsa ham, nigohim o‘tkir degan ma’noda edi.
Vazir yana o‘nta oltin berib:
– Xo‘sh, “Senga bir g‘oz yuborsam, yula olasanmi?” degani nima?
Qiz tabassum qilib:
– O‘sha g‘oz – sizsiz. Buni bilish uchun menga o‘nlab oltinlaringizni ham berib qo‘ydingiz-ku…

