Inson huquqlarining ishonchli qalqoni

Date:

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlarini himoya qilishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan izchil islohotlar davom etmoqda. Xususan, 2024-yil 10-iyunda qabul qilingan “Tezkor-qidiruv
hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bu borada muhim qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat sud-huquq tizimida muvozanat va adolatni ta’minlash, fuqarolarning konsti-tutsiyaviy huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishni ko‘zda tutadi.
Ma’lumki, sud hokimiyatining asosiy vazifasi — fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishdan iborat. So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aynan shu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatdiki, jinoyat ishlarini sudga qadar yuritish bosqichida inson huquqlarini ta’minlash mexanizmlari har doim ham yetarlicha samarali ishlamagan. Ayniqsa, ayblanuvchining erkinlik va shaxsiy daxlsizlik bilan bog‘liq huquqlarini sud nazorati orqali kafolatlash zarurati tobora dolzarb masalaga aylangan edi.
Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, milliy huquq tizimiga yangi institut — tergov sudyasi lavozimi joriy etildi. 2025-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida faoliyat yurita boshlagan tergov sudyalari sudgacha bo‘lgan bosqichda muhim vakolatlarga ega bo‘ldi.
Tergov sudyasining asosiy vazifasi — tergov jarayonida shaxsning huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlashdir.
U qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash, ularning muddatini uzaytirish, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvlarini eshitish, mol-mulkni xatlash kabi sanksiyalarni berish masalalarini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish yoki ushlab turish muddatini uzaytirish kabi majburlov choralarini qo‘llash ham uning vakolatiga kiradi.
Eng muhimi, tergov sudyasi qarorlari ustidan shikoyatlar apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan bo‘lib, bu tizimda qo‘shimcha nazorat mexanizmini yaratadi. Natijada sudlar o‘rtasida muvo-zanat va shaffoflik ta’minlanadi.
O‘zbekistonda tergov sudyasi institutining joriy etilishi bir nechta muhim natijalarga xizmat qiladi. Avvalo, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari — erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, mulk huquqi — sud himoyasi ostida bo‘ladi. Ikkinchidan, tergov organlari faoliyati ustidan samarali sud nazorati o‘rnatilib, asossiz yoki ortiqcha aralashuvlarning oldi olinadi. Uchinchidan, aybsizlik prezumpsiyasining amalda ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Tergov sudyasi boshqa sudya-lardan farqli ravishda ishni yakuniy ko‘rib chiqmaydi, balki u sudgacha bo‘lgan bosqichda faoliyat yuritib, ehtimoliy qonunbuzilishlarning oldini oladi. Shu jihatdan u jinoyat protsessining o‘ziga xos “huquqiy filtri” vazifasini bajaradi.

Zaxriddin Temirov,
Viloyat ma’muriy sudi sudya
katta yordamchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

53 nafar fuqaro ishli boʻldi

Sho‘rchi tumanida “Murod shifo” xususiy tibbiy markazining ochilishi aholiga...

Yoshlarimiz sovrindor boʻldi

Toshkent viloyatining Angren shahrida o‘tkazilgan parayengil atletika bo‘yicha U-20...

Festival yakunlandi

Boysun tumanida o‘tkazilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali...

“Xotira turniri” — jasorat va matonatni ulug‘ladi

Termiz shahrida “Burch, jasorat, matonat” shiori ostida Sariosiyo voqealaridagi...
KunTun
KunTun