Mamlakatimiz tarixida oila jamiyatning mustahkam poydevoridir. U inson kamolotining eng muhim bo‘g‘ini, elimizning go‘zal urf-odatlari hamda qadriyatlarimizni o‘zida saqlaydigan muqaddas va mo‘jaz maskan hisoblanadi. Bugungi kunda jamiyatimizda duch kelayotgan xotin-qizlarning zo‘ravonlik va tazyiqqa uchrashishining oldini olish va bunday holatlarni bartaraf etish, qolaversa, umuman, yo‘l qo‘ymaslikka erishish uchun barcha bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, yurtimizda 2024-yil davomida ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 54 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderlari berilgan.Ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlik, an’anaviy qarashlar, ma’rifat va huquqiy bilimsizlik, oilaviy nizolar hamda muammolar, ruhiy va jismoniy salomatlik muammolari, spirtli ichimliklar, giyohvandlik xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka asosiy sabab bo‘lib xizmat qiladi.Zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan ayollarning psixoemotsional holatlari murakkab va o‘zgaruvchan bo‘lib, ular quyidagi shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin:
• Qo‘rquv va xavotir: Ayol o‘zining yoki yaqinlarining xavfsizligi uchun doimiy tashvishda bo‘lishi mumkin.
• Depressiya: Ruhiy tushkunlik, umidsizlik va hayotga bo‘lgan qiziqishning yo‘qolishi.
• Uyat va aybdorlik hissi: Jabrlanuvchilar ko‘pincha o‘zlarini aybdor his qilishadi va boshqalarning ayblashidan qo‘rqishadi.
• O‘ziga past baho berish: Zo‘ravonlik natijasida ayol o‘z qadr-qimmatini yo‘qotganini his qilishi mumkin.
• Post-travmatik stress buzilishi (PTSB): Zo‘ravonlikdan keyin takroriy dahshatli xotiralar, uyqusizlik va konsentratsiya qiyinligi kuzatiladi.
• Izolyatsiya va yolg‘izlik hissi: Jamiyat yoki yaqinlar tomonidan tushunilmaslik natijasida ayol o‘zini yolg‘iz his qilishi mumkin.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologlari ana shunday holatga tushib qolgan xotin-qizlarda ruhiy charchoqni yengishda, hissiyotlarni boshqarishda, ichki motivatsiyani shakllantirishga yordam berib, o‘zi va kelajagiga bo‘lgan ishonchni qaytaradi.
Psixologik xizmatlar nafaqat ayolning ruhiy salomatligini tiklashga, balki uning jamiyatga qaytib, faol hayot kechirishiga ham yordam beradi. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik muammosi kompleks yondashuvni talab etadi. Jamiyatdagi barcha qatlamlarning hamkorligi orqali ushbu muammoga qarshi samarali kurashish mumkin. Qonunchilikni takomillashtirish, ta’lim va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish — bularning barchasi tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga xizmat qiladi.
Habibullo Ochilov,
Sherobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi