Ingliz tili xalqaro aloqa vositasi sifatida nafaqat grammatika va lug‘at boyligini, balki uni ishlatish kontekstini, madaniy fonini ham tushunishni talab etadi. O‘zbek maktablarida ingliz tili o‘rgatilayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab hollarda madaniy komponentlar yetarlicha e’tibordan chetda qolmoqda. Hozirgi kunda, dolzarb mavzulardan biri maktablarimizda ingliz tilini kommunikativ o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish nafaqat ingliz tili, balki ingliz madaniyati bilan ham tanishtirish, ya’ni o‘quvchilarning dunyoqarashini keng muloqotga tayyor inson qilib yetishtirish zarur.
Hozirgi kunda chet tillarini o‘rgatishga qiziqish oshdi va yoshlar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratib berildi. Respublikamizda chet tilining o‘qitilishi, chet tili o‘qituvchilarining bilim va ko‘nikmalarini baholashning umumevropa ramkalari tavsiyanomalari (CEFR)ga mos ravishda yangi usul va talablari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchun darsliklar yaratildi. Ushbu talablarga mos ravishda o‘quv xonalari stendlar va yangi axborot kommunikativ texnikalar bilan jihozlandi. Chet tili fani to‘rt aspektga (o‘qish, yozish, tinglab tushunish va gapirish) bo‘linib, ularning har biri bo‘yicha alohida tushuncha va ko‘nikmalar berilmoqda. Madaniyatlararo muloqotda nafaqat og‘zaki yoki yozma nutq muhim, balki tana harakati, imo-ishoralar, yuz ifodalari ham katta ahamiyatga ega. Masalan, biror madaniyatda ko‘zga tik qarash hurmat deb hisoblansa, boshqa madaniyatda bu qo‘pollik sifatida qabul qilinadi. Shuning uchun ham madaniyatlararo kommunikatsiya bu — turli tafakkurga ega odamlar o‘rtasida bir-birini to‘g‘ri tushunishga erishish vositasidir.
Shuningdek, bu tushuncha insonlarda bag‘rikenglik, ochiq fikrlilik va madaniyatlararo hurmat tuyg‘usini rivojlantiradi. Odamlar faqat o‘zining madaniyatiga yopishib qolmasdan, boshqa xalqlarning turmush tarzi, dunyoqarashi va qadriyatlariga ham tushunish bilan yondashishni o‘rganadilar. Bu esa hozirgi globallashayotgan dunyoda juda muhim ko‘nikma hisoblanadi.
Madaniyatlararo yondashuvni samarali qo‘llash o‘qituvchidan yuqori darajadagi tayyorgarlikni talab etadi. U nafaqat ingliz tili, balki ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarning tarixiy, ijtimoiy va madaniy xususiyatlari haqida ham yetarli bilimga ega bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, o‘quvchining dunyoqarashini rivojlantirishga qaratilgan dars uslublarini qo‘llay olishi lozim.
So‘nggi yillarda ayrim maktablarda olib borilgan tajribaviy ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, madaniyatlararo yondashuvni tatbiq qilish o‘quvchilarning til o‘zlashtirish darajasini sezilarli darajada oshiradi. Ularning nutq madaniyati, fikrlash kengligi va chet el fuqarolari bilan muloqotga tayyorlik darajasi yuqori bo‘lmoqda. Bunday yondashuv asosida o‘qitish – bu nafaqat tilni chuqur o‘zlashtirish, balki zamonaviy, global fikrlovchi yoshlarni tarbiyalash uchun muhim vositadir.
Bekzod Norqulov,
DTPI o‘qituvchisi