Yerga mehr bergan kishidan ona zamin o‘z saxovatini ayamaydi. Xalq orasida ham “Mehnat qilsang, rohatini ko‘rasan”, degan ibora bejizga aytilmagan. Bugungi kunda yurtimizda tomorqa yer egalari o‘z ixtiyorlaridagi yer maydonida dehqonchilik qilib, oilaviy daromadlarini oshirishga harakat qilishmoqda.
Dehqonchilik hadisini olgan, ketmon bilan sirlashgan mirishkorlar yiliga ikki-uch marta, ayrim holatlarda esa to‘rt martagacha hosil olishga erishib, el dasturxoni to‘kinligini ta’minlamoqda. O‘zining tomorqasida mehnat qilib, rohatini ko‘rish insonga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi, albatta. Bugungi kunda tomorqasida mehnat qilib, natijada mo‘l hosil va daromad olayotgan zamondoshlarimiz oramizda ko‘pchilikni tashkil etadi.
O‘rolbek Sodiqov Sho‘rchi tumanining “Go‘zallik” mahallasida istiqomat qiladi. Ilm-fanga, ayniqsa, til o‘rganishga qiziqqan O‘rolbek ingliz va koreys tillarini o‘zlashtirgan. Bo‘sh vaqtlarida esa tomorqasidagi issiqxonada mehnat qilib, oilasiga daromad keltiradi.
— Avvallari tomorqamizga makkajo‘xori, kartoshka va shunga o‘xshash mahsulotlar yetishtirardik, — deydi O‘rolbek Sodiqov. — Bir yildan buyon imtiyozli kredit evaziga tashkil qilgan issiqxonamizdan samarali foydalanyamiz. Hatasiga ikki marotaba pamidor, bodring mahsulotlarini terib, bozor rastalariga olib chiqyapmiz. Bu esa oilaviy daromadimizni rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, “Go‘zallik” mahallasidagi qaysi bir xonadonga bormang, xonadon egalarining tomorqadan samarali foydalanib, bandligi ta’minlangan, ro‘zg‘orining obodligi uchun mehnat qilayotganiga guvoh bo‘lasiz. Xonadon vakillari mo‘jazgina tomorqalarida tashkil qilingan issiqxonalarda barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini parvarish qilishmoqda.
Uzoq yillar tarbiyachi bo‘lib ishlagan Venera Ahmedova hozirda gulchilik bilan shug‘ullanmoqda. Yilning to‘rt faslida ham, fasllarga mos gullarni o‘zgacha ishtiyoq bilan parvarish qilmoqda.
— Gulchilik bilan oilaviy shug‘ullanamiz, — deydi gulchi Venera Ahmedova. — Dastlab, gullarni shunchaki qiziqib yetishtirib ko‘rgandik. Keyinchalik bu yumushimiz tadbirkorlikka, daromad manbayiga aylandi. Gul ham insonga o‘xshaydi, mehrga muhtoj. Ko‘ngildagidek parvarishlanmasa, tezda so‘lib, nobud bo‘ladi. Hozir yigirmadan ortiq gul turi parvarishlanmoqda. O‘tgan yili mehnatimiz orqasidan 15 million so‘m daromad oldik. Ba’zan daromadimiz undan ham oshib ketishi mumkin. Gulni o‘zimiz ekib, parvarish qilganimiz uchun sarf-chiqimlar unchalik katta emas.
Shu yerlik Baxtiyor Akaboyev xonadonidagi issiqxonada pamidor, bodring, qulupnay, hattoki qovun ham ekilgan. Oila vakillari barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mehr bilan parvarish qilib, dasturxonlarining obodligi uchun harakat qilishmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun tom ma’noda “mehnat qilaman, o‘zimni ham, boshqalarni ham ish bilan ta’minlayman” degan tadbirkorlikda qobiliyatli bo‘lgan yoshlar uchun shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlar bisyor. Zero, mehnat orqali rohatga erishish mumkin.
Nigina Shoyeva,
jurnalist