“Mahalla yettiligi” bejizga faoliyat olib bormayapti. Bugun aholini qiynayaotgan muammolardan tortib, ehtiyoj va talablarini o‘rganish ularning kun tartibidagi asosiy masalaga aylangan. Zero, inson qadri ulug‘lanayotgan jamiyatda hech bir inson uni tinglashmayotganidan, o‘z qozonida o‘zi qovrilayotganidan aziyat chekmasligi kerak. Shu maqsadda eshikma-eshik yurib, oilalar, ulardagi shart-sharoit o‘rganiladi, muammo va qiziqishlariga, taklif va tashabbuslariga quloq tutiladi. Shundan keyin yettilik o‘z xizmat vakolatidan kelib chiqib, fuqarolarni qo‘llab-quvvatlaydi, yordam beradi. Fuqarolar bandligini ta’minlash, ishga joylashish, tadbirkorlikka qiziqishi va layoqati borlarni esa ish boshlashlari uchun birinchi qadamni tashlashlari uchun yo‘l ko‘rsatish esa mahalla faollarining birinchi galdagi vazifasidir. Shu jihatdan, Sariosiyo tumani, Sharg‘un shahri, “Madankon” mahallasi hududida doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi oyning o‘zida mahallada yashovchi 29 nafar fuqaroning o‘zini-o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlandi. Shundan 12 nafar fuqaroning bandlik to‘lovlari to‘lanib, bandligi rasmiylashtirilganini alohida e’tirof etish o‘rinlidir.
Inson qanday ishda ishlamasin, vaqti mazmunli o‘tar ekan, qilayotgan amalidan zavq olar ekan, tanlagan qaroridan sira achinmaydi. Ammo uni xush ko‘rmagan ishiga faqat moddiy manfaatdorlik uchun ishga joylashtirib qo‘yingchi, qancha muddatgacha ishlarkin? Albatta, bu uzoq cho‘zilmaslgi aniq. Shu ma’noda, fuqarolar bilan ishlashda, bandligi masalasida, ularning qiziqishlari, layoqati ham e’tiborga olinadi. Fuqarolar Tohir Narzullayev, Abduxoliq Kucharov Abduxolik va Nargiza Tojiyevalarga “Biznesga ilk kadam” dasturi asosida 5 million so‘mlik imtiyozli kredit olish orqali tadbirkorlik faoliyatlari boshlab berilgan bo‘lsa, fuqaro Gulbahor Bekova jamoat ishlariga ishga joylashtirildi. Sitora Nuraliyeva va Takbir Bobomurodovlarga kasb-hunarga o‘qishga yo‘llanma berildi.
Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit va subsidiyalar ajratilishida ko‘maklashib kelinmoqda. “Ayollar daftari”da hisobda turgan ishsiz fuqaro Nigora Nuriyeva oziq-ovqat va xomashyoni qayta ishlab chiqarish, qandolatchilik va milliy shirinliklar tayyorlash va sotish yo‘nalishida imtiyozli kredit olib berildi. Bu bilan nafaqat bir insonning balki Nigoraning oilasiga ham qo‘shimcha daromad olib kelishni boshladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestrida”da hisobda turgan Farida Gafforovaning shart-sharoitlari o‘rganilib, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishga ko‘maklashildi. Amalga oshirilgan ishlardan ko‘rish, kuzatish mumkinki, insonning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun unga turtki berish, yo‘l ko‘rsatishning o‘zi kifoya ekan. Ana shundan keyin mahallada bunyodkorlik, rivojlanish, o‘sish kuzatiladi. Odamlar kayfiyatida, yurish turishida ham buning ijobiy natijalari yaqqol seziladi. Qolaversa, muammolar, illatlar chekinadi. Aslida, bekorchilikdan oilaviy nizolar kelib, chiqadi, yoshlar hayotida izdan chiqish kuzatiladi. Barcha o‘z ishi, tadbirkorligi bilan band ekan, boshqa narsalar o‘z-o‘zidan chekinishini hayotiy tajriba isbotlab turganda, ortiqcha so‘zga ne hojat.
Bundan tashqari, fuqaro Sayyora Shodmonova yangidan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini boshlab, imtiyozli kredit asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish arafasida. Shuningdek, E-Auksion tizimi orqali o‘nga yaqin ishsiz yoshlarga yer maydonlari ajratilib, “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida ekin ekib, daromad ko‘rishlari mumkinligi tushuntirildi.
Mahallalarda kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mikroloyihalarning manzilli dasturi shakllantirilayotir. Ushbu dastur biznes loyihalarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashadi.
Mahallada yuqoridagi ishlar bilan to‘xtab qolinmay, bank xodimlari bilan birgalikda xonadonma-xonadon yurib, kambag‘al oilalar aniqlanib, ular bilan individual ishlaydigan dastur ishlab chikilgan. Ushbu dasturgan 100 ta xonadon kiritilgan bo‘lib, har bir oila a’zolarini mehnatga jalb qilib, tomorqalaridan, shuningdek, uyidagi va o‘zidagi bor imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali qo‘shimcha daromadga ega bo‘lish choralari ko‘rilgan. Sanobar Kucharovaning uzumchilik yo‘nalishiga qiziqishi va imkoniyatlari borligi aniqlanib, unga kredit asosida uzm uchun voish qurib berilishligi uchun 15 million so‘m imtiyozli kredit olishiga tavsiya berildi.
Ha, bugun madankonliklar katta shijoat, kuch-g‘ayrat bilan odimlashmoqda, javlon urib mehnat qilishmoqda. Ko‘rayotgan daromadlari oilasi uchun naf keltirayotgan bo‘lsa, xizmatlari bilan xalqning og‘irini yengil, mushkulini oson qilishayotgani, talablariga yarasha xizmat ko‘rsatishayotgani, mahsulot ishlab chiqarishayotgani kishini quvontiradi. Kimnidir jinoyat qilgani, qaysidir oilada kelishmovchiliklar sabab ajralishlar soni ko‘payayotgani-yu, alimentga tortilgan otaning farzandlarining moddiy ta’minotidan qochib yurgani haqidagi xabarlardan, o‘zgarishlar, yangilanishlar, rivojlanishlar nasimi esayotgan “madankon”liklarning halol mehnat, peshona teri ila rizq topayotgani haqida eshitish boshqalarni ham ruhlantirishi aniq.