Abituriyentlar talaba bo‘lish ishtiyoqida yonish bilan birga katta hayajon va qo‘rquvni ham boshlaridan kechirayotir. “O‘qishga kira olamanmi, imtihonoldi tayyorgarligim yetarmikan, savollarga to‘g‘ri javob bera olamanmi” degan savollar ularni qiynayotgani tabiiy. Tabiiy ravishda ushbu savollar qatoriga “bu yilgi kirish imtihonlari qachon va qayerda bo‘larkin” degan savol ham bor.
2024/2025 o‘quv yili uchun Oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilish (25-iyunga qadar) boqichi yakunlangach, ba’zi yo‘nalishlar bo‘yicha ijodiy imtihonlar 1-iyuldan 25-iyulgacha o‘tkazilishi rejalashtirilganini hisobga olsak, ayni paytda abituriyentlar ijodiy imtihonlardan o‘tishmoqda. Kirish test sinovlari esa 14-28-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Joriy o‘quv yili uchun OTMlarga kirish test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4319-son hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini o‘z vaqtida sifatli bajarish, test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida bu yil Surxondaryo viloyatida test sinovlarini o‘tkazish 2 ta hududda (Termiz shahri va Denov tumanidagi) jami 6 ta muassasaning 8 ta binosi tanlab olingan.
Mazkur binolarda bir navbatda 83 ta guruhda 2 ming 490 nafar, ikkinchi navbatda ham yana shuncha, bir kunda jami 166 ta guruhda 4 ming 980 nafar abituriyentdan test sinovlari olish rejalashtirilgan. Bu yil Surxondaryo viloyatida Termiz shahridan 35 850 nafar, Denov tumanidan 20 750 nafar abituriyent test sinovlarini topshirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Shunga ko‘ra, joriy yilda test sinovlari 12 kun davom etishi rejalashtirilgan.
Bu yilgi test sinovlari Termiz shahridagi Surxon sport majmuasi 1- va 2-sport zallari, Termiz olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 1- va 2-sport zallarida o‘tkazilsa, Denov tumanida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti, Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi hamda Denov tuman bolalar, o‘smirlar sport maktabi sport zallarida bo‘lib o‘tishi reja qilingan.
Abiturientlarga test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsatnomalar test sinovlari
boshlanishidan kamida uch kun avval abituriyentlarning shaxsiy kabinetlarida e’lon qilinadi.
Ma’lumki, bu yil test sinovlari Prezidentimizning 81-sonli qaroriga muvofiq “Avval test, keyin tanlov” tamoyili asosida o‘tkaziladi. Bunga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan abituriyent ijodiy va test sinovlaridan o‘tgandan so‘ng, 30-iyuldan 13-avgustgacha (13-avgust kuni ham) ta’lim yo‘nalishlarini tanlaydilar. Qolaversa, joriy o‘quv yilidan boshlab, alohida oliy o‘quv yurtlari uchun davlat kvotalari taqsimlanmaydi. Endi ular kunduzgi bo‘limda o‘qish uchun bakalavriat va magistraturani hisobga oladi. Oliy harbiy va harbiylashtirilgan (huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini tayyorlash uchun) ta’lim muassasalari bundan mustasno bo‘ladi.
Shunday ekan, hurmatli abituriyenlar va ularning ota-onalari, test sinovlariga ruxsatnomada ko‘rsatilgan sana va vaqtdan kechikmasdan kelishlaringiz so‘raladi. Aks holda, Nizomga muvofiq test sinovlariga kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Date: