UMUMJAMOA HISOBIDA UCHINCHI…

Date:

Imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslarni sport bilan muntazam shug‘ullantirish, ular o‘rtasida sportning parayengil atletika, parastol tennisi, aravachada stol tennisi, parashaxmat, parashashka turlarini ommalashtirish maqsadida joriy yilning aprel oyida respublika sport vazirligi hamda O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan tumanlar, shaharlar va mahallalarda istiqomat qiluvchi 16-30 yoshdagi imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasida “Besh tashabbus paralimpiadasi” musobaqalariga start berilgan edi.
Viloyatimizda ham O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati bo‘limi mas’ullarining sa’y-harakati bilan tumanlar, shaharlar va mahallalar miqyosida bellashuvlar tashkil qilindi. Ushbu musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallagan parasportchilar Termiz shahri sport zallarida tashkil qilingan viloyat bosqichi bahslarida ham faol ishtirok etishdi. Ular orasida g‘olib bo‘lgan 7 nafar xotin-qiz va shuncha erkak sportchilarimiz poytaxtda uyushtirilgan musobaqaning respublika bosqichida qatnashdi. Uzun tumani “Malandiyon” mahallasida yashovchi Sunnatulla Ahmedov parastol tennisi, Denov tumani “Namuna” mahallasi fuqarosi Dadajon Abdimurodov aravachada stol tennisi, Termiz shahar “Navro‘z” mahallasida yashovchi Mehriniso Qurbonnazarova parashashka, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Navro‘z” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Dilshoda Hayitova parashaxmat bahslarida garchand kuchli raqiblar bilan bellashgan bo‘lsalar-da, g‘olib bo‘lishdi va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqalarda 2 ta oltin, 2 ta kumush medal sohibiga aylangan surxondaryolik parasportchilar umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallashdi.
Viloyatimizning shahar-u tumanlarida istiqomat qilayotgan imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar orasidan sportga qiziquvchi hamda sport bilan shug‘ullanish istagi bor shaxslarni izlab topish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalar, tumanlar hamda viloyat bosqichi musobaqalarini o‘tkazish, shu toifadagi sportchilarning mahorati va tajribasini oshirish, ularning respublika musobaqalariga qatnashishlari uchun imkoniyat yaratib berishda O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi Surxondaryo viloyati bo‘limi xodimlarining xizmati katta bo‘lyapti. Ular imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidan iqtidorli sportchilarni izlab topish barobarida musobaqalar uyushtirish hamda respublikamizning turli shaharlarida o‘tkaziladigan turli darajadagi musobaqalarga viloyatdagi paralimpiya sportchilarini qatnashtirish uchun homiylar topish kabi yumushlarda fidoyilik bilan mehnat qilishayotir. Bo‘lim rahbari Abduolim Usmonov hamda tajribali murabbiylarning samarali mehnati behuda ketmayapti. Misol uchun, viloyatimizning olti nafar paralimpiyachi sportchisi joriy yil Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan XXVII yozgi paralimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini beruvchi yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan.
O‘rni kelganda aytish kerakki, paralimpiyachi sportchilar orasida sportning barcha turlarini ommalashtirish, sportchilarni tuman, viloyat va respublika darajasidagi musobaqalarga ishtirok etishini ta’minlash va g‘oliblarni rag‘batlantirishda homiy tashkilotlarning xizmati beqiyos ekanligini ta’kidlash kerak. Surxondaryo viloyati hokimligi, viloyat sport boshqarmasi, “Neftbaza” Termiz shahar bo‘limi, “Agrobank” viloyat filiali, Angor tumanida faoliyat olib borayotgan “Angor zamini klaster” MCHJlar jamoalari imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan sportchilarni musobaqalarga ishtirok etishiga doimiy homiylik qilib kelishmoqda.

Narzulla Rajabov,
O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi Surxondaryo viloyati bo‘limi mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Menda savol bor?

Qaysi holatlarda notarial harakatni amalga oshirishni rad etish mumkin?—...

“Men buni uddalay olaman”

Hayot — bu turli sinovlar va imkoniyatlarga to‘la daryoga...

Metodik mahorat muhim

Maktabgacha ta’lim tizimi — bolalarning o‘qish, rivojlanish va tarbiya...

Ziyoratga olib boruvchi yo‘l obodonlashtirilmoqda

Yurtimizning qay bir hududiga bormang, qadimiy ziyoratgohlar, ularning nomlanishi,...
KunTun
KunTun