Mamlakatimizda davlat hokimiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratilganidan xabardormiz. Aholi muammolarini hal etishda deputatlarning faolligini oshirish maqsadida mahalliy Kengashlarga keng vakolatlar berilishi ularning chinakam “xalq ovozi” bo‘lishiga zamin hozirlayotir. Qolaversa, mahalliy Kengashlarga hokim emas, balki deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi belgilab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi esa mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilishga, tom ma’noda xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Farmon bilan O‘zbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model –“Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berildi. Shunday ekan, oldimizdagi eng ustuvor vazifalardan biri bu ushbu farmonni deputatlar, qolaversa, keng jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish, mazmun-mohiyatini yetkazishdir. Ayni maqsadda Termiz shahridagi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi binosida Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlari deputatlari, viloyat adliya boshqarmasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu farmonining mazmun-mohiyatini deputatlarga yetkazish bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Albatta, Kengash kuchli bo‘lishi uchun deputatlar kuchli bo‘lishi kerak. O‘z hududini, u yerdagi muammo va kamchiliklarni, barcha sohalardagi masalalarni o‘rgangan, yaxshi bilgan bo‘lishi kerak. Ana shundagina tegishli tashkilot va idoralarning rahbarlari o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadi. Shu ma’noda jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda aholining fikrini inobatga olish lozim. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hudud infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilayotir.
Qaysi hududda maktab yoki bog‘cha ehtiyoj bor, ayni jihatlarni hisobga olgan holda ta’lim muassasalarini qurish bo‘yicha qaror qabul qilish aynan mahalliy Kengashlar vakolatiga kiradigan bo‘ldi. Atrof-muhitni muhofazasi ham mahalliy Kengashlar nazoratida bo‘ladi. Atmosfera havosini ifloslantiruvchi yoki unga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi korxona va inshootlar quriladigan, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylar xalq vakillari roziligi bilan belgilanadi. Mazkur islohot, shubhasiz, umummilliy boyligimiz bo‘lmish tabiiy resurslarni asrashga xizmat qiladi.
Shuningdek, shahar yo‘lovchi transportida yo‘nalishlarni tashkil etish, yangi yo‘nalishlar ochish, bekatlar, to‘xtab turish va dispetcherlik manzillarini joylashtirish yerlari mahalliy Kengash bilan kelishilishi lozimligi belgilandi. Transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga, tabiiy obyektlarga nom berish hamda ularning nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar bevosita mahalliy Kengashlar tomonidan kiritiladi. Bundan tashqari, ayrim toifadagi shaharsozlikfaoliyati ob’ektlarini mahalliy ahamiyatga molik obyektlar sirasiga kiritish ham mahalliy Kengashlar qarori bilan amalga oshiriladi.
Aholi punktlarining hududiy zonalari toifalariga mahalliy sharoitlardan kelib chiqib o‘zgartirish kiritish, ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflarni tasdiqlash kabilar ham Kengashlar tomonidan amalga oshiriladi. Ta’kidlash joiz, jamiyat hayoti uchun muhim bo‘lgan masalalarni aholi fikrini inobatga olgan holda xalq vakillari tomonidan hal qilish imkonini beradi.

— Qaror va farmonlarning qabul qilinishi barcha sohalarni isloh qilishga, aholi hayot tarzi, turmushini yaxshilashga qaratilgani bilan e’tiborga loyiq. — deydi viloyat Adliya boshqarmasi huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash sho‘basi yetakchi maslahatchisi Z.Hamroyev. — Shu jumladan, prezidentimizning mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida qabul qilgan farmoni orqali mahalliy Kengashlarning vakolatlari aniq belgilab berildi. Farmon bilan Kengashlarning hisobot va axborot eshitishga oid ayrim vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, ular sohalar bo‘yicha tizimlashtirildi. Farmon bilan Kengashlar oldida tegishli hududda faqatgina hokim, shuningdek, hududiy davlat organlarining birinchi rahbarlari hisobdorligi belgilanishi kelgusida ushbu rahbarlarning Kengash oldida ham siyosiy ham professional mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida 2024-yilgi saylov yakunlari bo‘yicha, dastlab viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida, so‘ngra 2026-yildan e’tiboran tuman (shahar) Kengashlarida Kengash raislari va hokimlar alohida-alohida faoliyat yuritishi belgilandi. Shu sababli, amaldagi qonunchilik bilan bugunga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan umumiy vazifa va funksiyalarning mahalliy vakillik organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq taqsimlanishi belgilanmoqda. Shunga ko‘ra, Farmon bilan “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, manfaatdor vazirlik va idoralarga Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli qonunchilikdagi vakolatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Farmonda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi Kengashlarni joylardagi aholi manfaatlarini himoya qilish, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga imkon qadar tezroq yechim topish, viloyat, tuman va shahar hokimining mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi, mas’uliyati va javobgarligini oshirishga, mahalliy davlat hokimiyati darajasidabir-birini tiyib turuvchi mexanizmlar samarali ishlashiga xizmat qiladi.
S.Allayeva,
D.Xolmo‘minov
(surat)