Alisher Navoiy deganda ko‘z o‘ngimizda o‘zbek xalqining ulug‘ shoiri va buyuk mutaffakiri gavdalanadi. Haqiqatan ham bu nom dunyoning eng mashhur shoirlari, davlat va jamoat arboblari qatorida tilga olinadi. Buyuk olim, g‘azal mulkining sultoni, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy barcha davrlarda turk dunyosi tomonidan “shams ul-millat” ya’ni “millat quyoshi” deb e’zozlangan va e’zozlanib kelinmoqda.
Bugun yurtimiz bo‘ylab buyuk bobokalonimiz tavalludining 583 yilligi keng va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Termiz shahrida ham yangidan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofa kasb etgan Alisher Navoiy haykali joylashgan maydon erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchilar, shoirlar, talaba va o‘quvchi-yoshlar bilan gavjum bo‘ldi. Bu yerda buyuk bobokalonimiz tavallud kuni munosabati bilan madaniy tadbir tashkil etildi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, barchani Alisher Navoiyning tavallud kuni bilan samimiy qutlab, buyuk bobokalonimiz yaratgan o‘lmas asarlari xalqimizning boy ma’naviy merosida, xususan, yoshlar tarbiyasida alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
Samimiy tilaklar go‘zal g‘azallarga, ajoyib kuy-qo‘shiqlarga ulandi. Ayniqsa, katta maydonda Alisher Navoiy siymosi ko‘rinish berib, so‘z mulkining sultoni nomidan aytilgan fikrlar tomoshabinlarni junbushga keltirdi.
Ushbu chiqish hozir ham o‘zining qimmatli fikrlari, asarlari bilan ko‘ngil uyimizni, ma’naviy olamimizni duru javohirlar bilan to‘ldirishda davom etayotgan bobomiz hali-hamon avlodlar uchun xolis xizmatda ekani, yonimizda, qalbimizda ekanini ko‘rsatib turgandek bo‘ldi. “Alisher Navoiy” spektaklidan namoyish etilgan parcha tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Yakunda esa viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar va ziyolilar Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Bayram tantanalari viloyat San’at saroyida tashkil etilgan “Nazm va navo” kechasiga ulanib ketdi.
S.Normurodova,
D.Xolmo‘minov
(surat)