Ma’naviyatimizga tahdid qilmasin…

Date:

Bilasizmi, yarim asr avval ilk bora mobil aloqa vositasidan qo‘ng‘iroq amalga oshirilgan. Martin Kuperning olamshumul ixtirosi bugun dunyoni zabt etdi. Uning yangidan-yangi qulayliklar va dizayndagi shakllari esa kunda-kunora “telefon jinnilari”ni o‘z atrofida jam etmoqda. Smartfonlar insonlardan ko‘ra aqlliroq, kezi kelsa, qo‘limizdagi texnika bizni boshqarayotir. Sog‘ligimizga zarar berib, hamyonimizga ham “ko‘z olaytirayotir”. Kiberjinoyatlar avj olgan ayni pallada moddiyatdan ko‘ra qimmatliroq sog‘ligimiz haqida gaplashishni ma’qul ko‘rdik.
— Olimlarning aniqlashlaricha, mobil aloqa – inson organizmi uchun zararli bo‘lgan elektromagnit nurlanish manbaidir. Hozirgi kunga kelib, elektromagnit to‘lqinlar hujayra darajasidagi o‘zgarishlarni rag‘batlantirib, gen tartibidagi buzilishlarga hamda kasal hujayralar va o‘simtalarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotganligi isbotlangan — deydi Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi oftalmolog shifokori Zamira Ulashova. — Elektromagnit ko‘lami miya to‘qimalari, ko‘zning to‘r pardasi, ko‘rish, vestibulyar va eshitish analizatorlari tarkibi tomonidan yutilib, organizmning ayrim organlari bilan bir qatorda asab tizimiga ham bevosita salbiy ta’sir etadi. Asab, yurak, qon-tomir va endokrin tizimlarida kechadigan o‘zgarishlar esa juda xavfli oqibatlarga olib keladi.
Mobil telefonlardan nurlanishga, ayniqsa, yosh bolalar ta’sirchandirlar. Mobil telefondan ko‘p foydalangan bolalarda xotiraning pasayishi hamda uyquning buzilishi ehtimoli ko‘proq. Ularning asosiy sababi, sust harakatdagi elektromagnit to‘lqinlarining bolaning kichkina va nisbatan ingichka miya qobig‘iga tez kirib borishi deydi olimlar. Bu nurlanish miya ritmlariga ta’sir etib, bolaning rivojlanish jarayonida bo‘lgan immun tizimiga zarar yetkazishi mumkin. Elektromagnit to‘lqinlaridan nurlangan insonlarda quyidagi holatlar kuzatiladi: Organizm hujayralarining barqarorligi buziladi, asab tizimi faoliyati ishdan chiqadi, tez-tez bosh og‘rib, uyqu qochadi, deydi shifokor. Shuningdek, doimiy toliqqanlik sindromi bezovta etib, ko‘z og‘rig‘i va qadalishi, ko‘z shilliq qavatining qurishi, ko‘rish qobiliyatining juda tez pasayishi kuzatiladi. Bu belgilarning hammasi vegetativ tomir distoniyasi alomatlari. Bundan tashqari, mobil telefon yuzaga keltiradigan zararli elektromagnit maydonlari ta’siri ostida organizmda immun tizimi tangligining reaksiyasi paydo bo‘ladi.
— Hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq muammolar kun sayin oshib bormoqda. Buning asosiy sababchisi, telefon, gadjetlardan me’yordan ortiq foydalanishlik, ko‘rish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Telefon yoki kompyuter ekraniga qanchalik yaqin masofadan qaralsa, ko‘z shunchalik zo‘riqadi. Natijada, yaqindan ko‘rishga moslashgan ko‘zimiz uzoqni xira ko‘ra boshlaydi, – deydi oftalmolog Zamira Ulashova. — Asosan, yosh bolalarning aksariyatida ko‘z bilan bog‘liq muammolar ko‘proq uchrayotir. Ayniqsa, yosh onalarimiz o‘zlarining xotirjamligini ko‘zlab, bolajonlarini ovutish maqsadida telefondan foydalanishadi. Aslida bilmaydiki, eng katta zararni ota-onalarimizning o‘zlari bermoqda.
Aytish kerakki, mutaxassislar tomonidan o‘rganilganda 5 yoshgacha bo‘lgan bolajonlarimizga telefondan foydalanish qat’iy taqiqlanadi. Shuningdek, 5 yoshdan 8 yoshgacha bo‘lgan yosh bolalarda ko‘z mushaklarining to‘liq rivojlanmaganligi bois ko‘z mushaklari o‘z holatida qotib qoladi. Uzoq muddat telefon gadjetidan yaqindan foydalanganda ko‘zning gavhari zo‘riqadi. Shuning uchun ham yoshlarimiz orasida hozirgi paytda uzoqni xira ko‘rish kasalligi ko‘payib bormoqda. Bunday holatlarning oldini olish uchun me’yorni bilish kerak. Ya’ni, mobil telefondan o‘zimizga kerakli bo‘lgan ma’lumotni olmoqchi bo‘lsak, 15 daqiqa me’yor hisoblanib, orada 10-15 daqiqa ko‘zni dam oldirishimiz muhim. Telefonda o‘yin o‘ynayotgan yosh bolalarning hali yigirmaga kirmay ko‘z nuri xiralashib, ko‘zoynak taqishga majbur bo‘lishayotganligi achinarli.

Ilgari oliygohga o‘qishga kirish maqsadida kitobdan bosh ko‘tarmay tayyorgarlik ko‘rayotgan yoshlarimizni har qadamda uchratar edik. Endi o‘z-o‘ziga baqirayotgan kabi taassurot uyg‘otayotgan yoshlar davrasiga duch kelmoqdamiz. PUBG virtual o‘yiniga mukkasidan ketgan yoshlar safi kengayib, o‘yinning kattalar orasida ham urf bo‘lganligi achinarli. Serzarda farzandlar, ko‘zoynakli bolalar zamoni kelmoqda. Ehtiyot bo‘lingki, telefoningiz nafaqat elektromagnit nurlanish bilan tahdid qilmoqda, balki ma’naviyatingizga daxl qilib, bolalaringizni jamiyatdan tortib olmoqda.

Dinara Qo‘zimurotova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Tadbirkor qizlar” biznes marafoni start oldi

Xotin-qizlarni biznesga qiziqtirish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun yetarlicha...

Yangi imkoniyatlar…

Surxondaryo viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati jamiyat hayotining deyarli...

Surxondaryo delegatsiyasi Tojikistonda

Yurtimiz Mustaqilligining 33 yillik shodiyonalari hali tugagagni yo‘q. xalqimiz...

«Qo‘mondonlik kubogi» musobaqasida

Sport birdamlikka, sport jismoniy chiniqish-u muvaffaqiyatga boshlaydi. Yoshlarimizni sportga...
KunTun
KunTun