Ta’limga homiylik qilinsa…

Date:

Sifatli ta’lim istiqbolli, nurli kelajak garovidir. Shu sababdan ham yurtimizda ta’lim-tarbiya masalasiga jiddiy qaralgan holda katta qadamlar tashlanayotir. Yoshlarning o‘qib o‘rganishlari, ta’limning keyingi bosqichlarini davom ettirishlari uchun maktablarda ta’limga alohida e’tibor qaratilayotir. Maktablarning moddiy-texnik bazasi deymizmi, kitoblar fondi-yu, shu kabi masalalar, qolaversa, tajribali pedagoglarning jalb etilishi tizimni tubdan isloh qilishga xizmat qilmoqda. Sarf etilayotgan vaqt, mablag‘, tajriba va bilimlar to‘g‘ri yo‘nalsa, salohiyatli kadrlar yetishib chiqsa, bildirilgan ishonch o‘zini oqlagan bo‘ladi.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni, sohaga oid qaror va farmonlarni kutib, natijaga erishib bo‘lmaydi. Tizim fidoyilikni, jonkuyarlikni talab etadi. Barcha bolalarni o‘zinikidek bilib, o‘qitishni talab etadi. Oramizda shunday insonlar borki, ularning fidoyiligi, ibratli ishlari hali ham oramizda mehr-oqibat, vatanparvarlik, insoniylik yo‘qolmaganini ko‘rsatib turgandek bo‘ladi. Ular bizni o‘ylashga, mushohada qilishga chorlaydi, o‘zimizni tergab, taftish qilishga undagandek bo‘ladi. Ha, saxovat qilish uchun insonning boy-badavlat, tadbirkor bo‘lishi ham shart emas ekan. Shunchaki, ko‘ngil amri bilan qilingan ishlar qahramonimiz Mamlakat aya Fattoyevaning mingdan bir sifatini ochiqlagandek bo‘ladi.


Sariosiyo tumanining chekka hududi sanalmish “Sebzor” mahallasida uzoq yillardan beri maktab yo‘qligi uchun mahalla o‘g‘il-qizlari qo‘shni qishloqdagi maktabga borib o‘qishlariga to‘g‘ri kelardi. Buning uchun bir necha kilometr masofa bosishga to‘g‘ri kelar, farzandlari borib kelguniga qadar ota-onalarning yurak xovuchlab o‘tirishini aytmaysizmi? Mahalla ahlining azaliy orzusi bir necha yil avval ushalib, “Open budjet” loyihasida g‘olib bo‘lib, 82-sonli maktab qurib berilgani yoshu keksani quvontirgan edi. Yoshlarning uzog‘i yaqin bo‘lgani nur ustiga nur bo‘ldi. Ammo, kichikkina maktabda kutubxona yo‘qligi kishi ta’bini xira qilishi aniq. Shu mahallada Mamlakat Fattoyeva degich, sobiq o‘qituvchi ham yashaydi. Kutubxona masalasi Mamlakat Fattoyevani bee’tibor qoldirmadi. Yoshlar uchun munosib shart-sharoit yaratishni o‘yladi. Qachon budjetdan mablag‘ ajratilishi yoki qandaydir grant tanlovi bo‘lib, maktab ma’muriyatining loyihasi g‘olib chiqadi-yu, kutubxona quriladi. O‘tayotgan har bir soniya g‘animat, yillarni o‘tkazish esa yoshlar umrini besamar sovurishdek gap. Shunda rahmatli turmush o‘rtog‘i farzandlari uchun poytaxtdan olib qo‘ygan uyini sotib, puliga maktabga kutubxona qurish xayoliga kelgan ayani farzandlari ham qo‘llab-quvvatladi. Ana shundan keyin 2022-yilda maktab uchun kutubxona qurish ishlari boshlab yuborildi. Ha, bir uyning puli yetmasdi, bankdan kredit olib, kutubxonaning chala qolgan ishlari yakuniga yetkazilib, tayyor holatga keltirildi. So‘ng, maktabdagi kitob fondi ko‘chirilib, kutubxonaga fayz kirgandek bo‘ldi. Qolaversa, vohadagi “Ma’naviyat karvoni” Sariosiyo tomonlarga ham yetib kelib, maktab kutubxonasiga 500 ta kitob sovg‘a qilingani barchani quvontirdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham Suroxndaryoga tashrif buyurganida Sariosiyo tumaniga kelib, kutibxonaga ham qadam ranjida qildi. Albatta, quruq kelmadi, kitoblar bilan o‘quvchi-yoshlarga biro lam ma’naviy xazina olib kelgandek bo‘ldi. Mamlakat opa bilan uchrashib, ta’lim sohasiga qilgan homiyligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Keng va yorug‘ kutubxonaga kelgan o‘quvchining bahri dili ochiladi. Javonlardagi kitoblarga bir-bir ko‘z yugurtirib, izlagan adabiyotini topishga muvaffaq bo‘lgandagi jarayonni kuzatish Mamlakat aya uchun maroqli jarayonga aylangan. Aya har kuni erta tongdan kutubxonaga yo‘l oladi-da, o‘zi ham biror kitobni tanlab, bir chekkada joylashib olib, mutolaaga kirishadi. Kitobxon yoshlarni zimdan kuzatadi. Fikrimizcha, homiy uchun jon kuydirib, amalga oshirgan ishlari besamar ketmaganini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Yana bir gap, tadbirkor qandaydir g‘oyaga, loyihaga sarmoya tikishdan avval undan keladigan daromadni hisob-kitob qiladi, xomcho‘tlaydi. U foyda olib kelishiga amin bo‘lsagina pul tikadi. Mamlakat Fattoyevaning kutubxonadan oladigan foydasi esa mahalla yoshlarining shu kutubxonadan foydalanishlari, ma’naviyatini oshirishlaridir.
Qahramonimiz kutubxonaning nechog‘lik zarurat ekanini, yoshlar uchun muhimligini juda yaxshi biladi. Uning pedagogika texnikumini tamomlab, boshlagan ishi ham tumandagi 38-maktabdagi kutubxonachilik bo‘lgan. 14 yil davomida o‘quvchilarni kitobga oshno qildi. Nima kitob izlayotganini so‘rash bahonasida u yoki bu asarni tavsiya qildi, taassurotlarini so‘radi. Kutubxonadagi ajoyib ma’naviy muhit kitobxon yoshlar safini kengaytirib borardi. Kutubxonachi qizning bu qiziqishi uni o‘qituvchi bo‘lishga, dars berishga undardi. Buni qarangki, bu qiziqish, orzu ro‘yobga chiqib, Mamlakat Fattoyeva boshlang‘ich sinflarga dars berishni boshladi.
— Katta hayajon bilan birinchi sinflarga dars berishni boshladim, — deydi M.Fattoyeva. — Bungacha o‘qituvchilar darsini kuzatganim, kutubxonadagi faoliyatim naf berib, menga mo‘ltirab turgan, bilimga, o‘rganishga chanqoq qora ko‘zlarni savodini chiqarishdek mas’uliyatli ishni uddasidan chiqdim. Bu o‘zimga bo‘lgan ishonchni oshirdi.
O‘z ishiga qiziqib ketgan yosh ustozning tajribasi oshib, saboqlariga shu qadar sho‘ng‘idiki, 30 yildan oshiq umri ta’lim sohasiga baxshida bo‘libdi. O‘tgan umridan sira achinmaydigan, qayta va qayta ustozlik kasbini tanlashini ta’kidlaydigan aya nafaqaga chiqib ham o‘zini sohadan ayro his eta olmadi. Hali-hamon o‘zi faoliyat yuritgan maktabga, mahalladagi 82-maktabga tez-tez borib turadi. Yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga qiziqadi. Pedagoglarning darslarini kuzatadi. Yosh shogirdlariga o‘zining samimiy o‘git va tavsiyalarini beradi.
Ustoz shu qadar kamtarki, qilgan savobli ishlari haqida so‘rasangiz, sukut saqlaydi yoki gapni boshqa mavzuga burishga urinadi. Ezgu ishlarni, insonlarga yaxshilik qilishni ko‘ngil amridek qabul qilgan qahramonimiz bundan ta’ma ham, manfaat ham kutmaydi. Oddiylikdan o‘ziga zeb bergan ustozning siyratiga boqib, ixlosingiz oshadi.
Ha, aytgancha, qahramonimiz juda ham ziyrak. U o‘qituvchilarning kamchiligini, ta’lim sohasidagi og‘riqlarni, muammolarni darrov anglaydi. U buni jar solib, o‘zini ba’zilardek kuyunchaklik qiladigandek tutmaydi. Nutqidagi qurolga aylantirmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda zo‘r fikr yozib qo‘yib, “like” yig‘maydi, munosabat kutmaydi. Shunchaki, uni o‘z imkoni darajasida bartaraf etishga harakat qiladi. Mahallada maktab bor, kutubxona faoliyat yuritib, yoshlarga ko‘ngildagidek xizmat qilyapti. Ammo, yoshlar qo‘shimcha darslar uchun haliyam tuman markaziga qatnayapti. Bu holat Mamlakat ayaning e’tiboridan chetda qolmadi. Kutubxona qurishayotganda, yerto‘la qazishgani, hozirda u yer foydalanilmay yotgani yodiga tushdi-yu, farzandlari bilan darrov kengashib, munosib sharoit yaratib, o‘quv markazi qursakchi, deb qoldi. Qarabsizki, ertasi kuniyoq o‘quv markazini tayyorlar sa’y-harakatlari boshlab yuborildi. Shu tariqa o‘tgan yili o‘quv markazi ham foydalanishga topshirildi. Ingliz tili, tarix, biologiya, ona tili va adabiyoti kabi fanlardan o‘quv kurslari ochildi. Asosiysi, tajribali pedagoglar jalb qilindi. Asta-sekin o‘quvchilarning qiziqishi ortib, kurslarga qatnay boshladi.

Ustoz besh nafar farzandni oq yuvib, oq taradi. Munosib ta’lim-tarbiya berishga, o‘qib uqishga undadi. Jamiyatga naf tegadigan insonlar bo‘lsin dedi va buning uddasidan ham chiqa oldi. Buni onasining har bir qarorini hurmatlab, qo‘llab-quvvatlashidan ham bilsa bo‘ladi. Bugungi kunda ular jamiyatimizning turli sohalarida xizmat qilib, ota-onalari bildirgan ishonchni oqlab, yuzlarini yorug‘ qilgan.
Mamlakat Fattoyevaning bunday kuyunchakligi, fidoyiligi besamar ketmadi. U o‘tgan yil yakunida “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mamlakat aya esa uni e’tirof etishganidan hijolat chekadi, bu ishlarni mukofot yoki rahmat uchun qilmaganini qimtinibgina so‘zlaydi. Ishonchimiz komil, Mamlakat Fattoyeva ziyraklik va uyg‘oq ko‘ngil bilan yana katta-katta ishlarga bosh bo‘ladi. Yoshlar taqdiri uchun befarq emasligini, ularning barchasini o‘z bolalaridek ko‘rishini yana bir bor ko‘rsatadi. Ayadan so‘rasangiz, o‘ylaganlari, rejalari havasingizni keltirishi tayin. Sababi aya “mahallam uchun bir masjid qurib bersam…” deya niyatlaydi. Lekin qanday, bu yog‘i bizga ayon emas. Ko‘ngliga yorug‘ orzu-o‘ylarni singdirgan, uning ro‘yobi uchun ham munosib yo‘l ko‘rsatishi aniq…

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Fayz” savdo markazi ochildi…

Bugun Bandixon tumani aholisi uchun unutilmas shodiyona kun...

“G‘armaqo‘rg‘on” yo‘llari asfaltlanmoqda

Ko‘chalarimizning notekis o‘nqir-cho‘nqirligi nafaqat kayfiyatimizga balki xavfsizligimiz uchun ham...

Jarimasi bor…

Telefonsiz hayotimizni tasavvur eta bo‘lmas darajaga yetganmiz. Uyda ham,...

Yig‘im-terim avj oldi

Kuz fasli qishloq xo‘jaligi sohasida yil davomida amalga oshirilgan...
KunTun
KunTun