Panjara ortidagi turfa taqdirlar yoxud egri yo‘lning “to‘qmog‘i” bor

Date:

Endigina 24 yoshni qarshi olayotgan, ammo umr bahorining besh yildan ortig‘ini qamoqda o‘tkazishga mahkum etilgan bandixonlik D.Ining taqdiri izidan chiqishiga birgina internetning qaysidir taqiqlangan saytidan kelgan diniy xabarni beixtiyor o‘qib qolgani va uni tanigan va tanimaganlarga tarqatgani sabab bo‘ldi. O‘spirin yigit bu taqiqlangan diniy ma’lumotning nima ekanligini va buning ortida qanday maqsad yashiringanini ham anglab yetmagandi. Bunga esa uning bilimsizligi, ma’naviyati “bo‘sh”ligi pand berdi.
Johilligi uni ayni o‘ynab-kuladigan, oila qurib, baxtli turmush kechiradigan, kasalmand onasining xizmatini qilib, duosini oladigan mahalida qamoqqa mahkum etdi.
2 yil davomida boshqa bir qamoqxonada jazosini o‘tagan mahkum yigit u yerda yog‘ochsozlik sir-asrorlarini o‘rgandi. Kemachalar, shaxmat taxtalari, lavhdan tortib, shkatulkalar, bejirim suvenirlar yasay boshlagan mahbusning qobiliyati unga daromad ham keltira boshladi. Tayyorlagan har bir buyumi uchun ma’lum miqdorda haq oladigan hunarmandning mehnati mahsulini ishonasizmi-yo‘qmi ko‘plab xaridorlar intiq kutishadi.
Hattoki D.Ining qamoqdan chiqishini, suvenirlar yasab berishini kutayotgan homiylar ham tayyor. Ish joyi ochib berib, tadbirkorligini boshlashiga ko‘maklashib, iste’dodini yuzaga chiqarishni istayotganlarning borligi esa mahkum yigitga motivatsiya bergani uchun ham tezroq qamoqdan chiqsam, bilib-bilmay qilgan gunohimdan kechishsa, degan ilinj bilan Prezidentimizga afv so‘rab murojaat ham qilgan. Uning qobiliyati, mehnatsevarligi, kaloniya rahbariyati tomonidan ham e’tirof etilayotir. U Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili tavsiyasi bilan muddatidan oldin ozodlikka chiqishga umid bog‘layotir…
Insoniylik va isnod orasi bir qadam
Yaratiqlar ichida eng oliy zot sifatida ongli mavjudot qilib yaratilgan inson hayotga bir marta keladi. Onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, u dunyoga rixlat etar chog‘i ham xuddi shunday ikki qo‘li bo‘sh omonatini topshiradi. Biroq inson maqomi bilan dunyoga kelgan har hilqatning fe’l-atvori turfa, turli xil maqsad va orzulari bor, hattoki, taqdirlari ham turlicha. Berilgan hayotini qanday o‘tkazish, umrini qanday kechirish faqatgina insonning o‘zigagina bog‘liq. Inson umri xuddi oq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga nimani bitishu nelarni muhrlash, tom ma’noda umr egasining mahoratiga bog‘liq.
Ming afsuski, oramizda shunday insonlar ham borki, to‘g‘ri yo‘ldan adashib, egrilikning “etagi”dan tutgan, jinoyat yoki huquqbuzarlik ko‘chasiga kirib, salbiy illatlar iskanjasida qolgan, bilib bilmay yoki qasddan jinoyat sodir etib, gul umrini olovga otgan. Ular o‘z hayotlarining eng go‘zal damlarini panjara ortida o‘tkazishga mahkum etgan insonlardir…
Biroq kim va qaysi toifadagi inson bo‘lishidan, yutq va muvaffaqiyatlaridan yoinki xato va kamchiliklaridan qat’i nazar baribir hammamiz insonmiz. Insonning esa huquq va manfaatlari, qadr-qimmati qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Hattoki ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarning-da, insoniy huquqlari, manfaatlari hukumatimiz tomonidan himoya qilinadi. Inson huquqlarining poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ayniqsa, bugungi kunda inson manfaatlari har narsadan ustun bo‘lgan bir davrda viloyatimizda ham ushbu masalaga eng oliy maqsad sifatida qaraladi.
Mahkum etilganlar, tazyiq va zo‘ravonliklarga uchrayotgan, fuqarolarning xatti-harakati nazorat ostida turadigan isnonlarning daxlsizligi, huquqlarini himoya qilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning ahamiyati yuqori.
“Chek”iga tushganni bir chetdan tatiyapti
Xo‘sh, savol tug‘ilishi tabiiy. Haqiqatdan ham mahkum va mahkumalarning insoniylik huquqlari ta’minlayaptimi? Jinoyatchi ekan deb ularni qiynoqqa solish kabi holatlar uchramayaptimi, sha’ni va qadr-qimmati toptalmayaptimi?

Mahbuslar uchun manzilli kaloniyalarda shart-sharoitlar yaratilganmi? Hibsda saqlanayotgan fuqarolarning tarbiyasi, ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ozodlikka chiqqach, takror jinoyat sodir etmasliklari uchun ma’naviyatidagi “bo‘shliq”ni to‘ldirish uchun ma’lum bir chora-tadbirlar amalga oshirilayaptimi?
Ozodlikka chiqqan mahbuslar o‘zini uddalab ketishi, ro‘zg‘or tebratib peshona teri bilan rizq terib, qilgan xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishi uchun ular bilan qay tarzda ish olib borilayotir?
Bu kabi savollarga javob topish, mahbuslarning huquq va manfaatlari ta’minlanishi jarayonlarini monitoring qilish maqsadida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artiqov, Yuksalish harakati viloyat hududiy bo‘limi rahbari Gulmira Amirova bilan birgalikda Sherobod tumani “Mehrobod” mahallasida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi JIED To‘rtinchi mintaqaviy hudud 41-son manzil-koloniyasi bordik.
Ushbu kaloniya ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etib ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar hamda umumiy va qattiq tartibli muassasalardan jazo muddatini qonunda belgilangan qismini o‘tab insonparvarlik dalolatnomalari asosida manzil-koloniyalariga o‘tkazilgan mahkumlar uchun mo‘ljallangan.
Qamoqxona deganda ko‘pchilikning tasavvurida mahbuslar qiynoqqa solinadigan, sovuq va zax xonalar, oshu nonsiz, tinimsiz ish bilan band qilinadigan panjara ortidagi mahbuslar ko‘z oldiga kelsa kerak. Ayni tasavvurlar ko‘plar qatori menda ham bor edi.
Kaloniyaga birinchi bor tashrif buyurganim uchun avvaliga, ushbu hududni hech bir qamoqxonaga o‘xshatmadim. Negaki, barcha shart-sharoitlar yaratilgan, ayollar uchun alohida yotoqxona, kutubxona, oshxona, zamonaviy mebel jihozlar, toza va ozoda bir maskan, erkaklar uchun alohida yotoqxonalar mavjud.
Koloniyada hozirda jami 471 nafar mahkumlar saqlanmoqda. Shulardan ICHK dala brigadalarida 35 nafar, koloniya yashash sahnida 187 nafar, (shundan, 20 nafari xo‘jalik turkumiga ishga jalb etilgan, 47 nafari ayol mahkumalar), shartnoma obyektlarida 210 nafar, kasalxonada 7 nafar, koloniya va shartnoma obyektlarga jami 219 nafar mahkum(a)lar ish bilan ta’minlangan. Shu bilan birga jazo muddatini o‘tayotgan mahkum(a)larni mehnat orqali tarbiyalash maqsadida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, bunda asosiy e’tiborni ustoz-shogirt ananalariga muvofiqlashtirilgan holda usta hunarmand, tikuv ustasi, durodgorlik, payvandlash (chilanganlik) ustasi, sartaroshchilik, kompyuter yo‘nalishlari bo‘yicha mahkum(a)lar ichidan hunarmandlar tanlab olinib o‘quv mashg‘ulotlari olib borilayotir.
Mahbuslar belgilangan vaqt davomida farzandlari, turmush o‘rtog‘i yaqinlari bilan ko‘rishib, ular bilan ma’lum muddat birgalikda vaqt o‘tkazishlari uchun alohida xonalar ham tashkil etilgan.
Bir tomonda gulchilik issiqxonasida 10-15 chog‘li mahkuma ayollar ishlashayotir. Bir tomonda tikuvchilik sexi. Unda o‘nlab mahkumalar tikish-bichish bilan band. Nonvoy ayollar tomonidan ishlab chiqarilayotgan issiqqina bulka nonlar aholi iste’moli uchun mahalliy bozorga chiqariladi. Hunarmandchilikning yog‘och o‘ymakorligi, eshik-derazalar yasash yo‘nalishida ham ko‘plab mahkumlar mashg‘ul. Kompyuter to‘garagida esa ertaga biror sohada ish yuritaman yoki kompyuter xizmatlari ko‘rsatuvchi tadbirkor bo‘laman, degan maqsadni oldiga qo‘ygan mahbuslar shug‘ullanishadi. Kaloniyada bedanayu tovuqlar ham boqiladi. Shu orqali mahbuslar chorvachilikka ham o‘rgatiladi.
Maqsad esa jiyonat sodir etib, hayoti izdan chiqqan, tushkunlikka tushgan, qattiq adashgan, boshi berk ko‘chaga kirib qolib turmushiga “tamg‘a” qo‘ygan insonlarning ozodlikka chiqishi, inson sifatida yashab, halol mehnat qilib, jamoatchilik oldiga borganda o‘zini ayro his qilmasdan yashashda davom etishi, qayta bundayin tuban yo‘llarga kirmasligi uchun ularni ijtimoiy hayotga tayyorlashdan iboratdir.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mahbus bo‘lsa-da, ularning ozodligidan o‘zga ehtiyoji ham imkoniyatlari ham cheklanmagan. Har birining qo‘lida telefon. Oila a’zolari bilan ishdan tashqari vaqtlarda muloqot qilishi, haq-huquqlari poymol etilgan taqdirda tegishli tashkilotlarga murojaat etishlari ham mumkin. Ana shunday vaqtda ularga ko‘makka Ombudsman keladi.
Ushbu kaloniyada asosan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatiga mansub mahbuslar jazo muddatini o‘tashayotir.
Pushaymonlik, afsus, nadomatlar…
Kaloniyadagi mahbuslarning fikrlari, dil anduhlari, fikr-mulohazalariga quloq tutdik.
“Sariosiyo tumanidanman. 7 yilu 3 oydan buyon ushbu kaloniyada jazo muddatini o‘tab kelaman. Davlatning siyosiy tuzumiga qarshi turganim uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinganman. Bu yerda kasb o‘rganib, mehnatga tutindim, shu yerda tashkil etilgan sexda tikuvchilik bilan shug‘ullanib, mahkuma ayollarga ish o‘rgatayapman.
Kaloniyada bizga barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yotoq joy, issiq ovqat, ma’nan yuksalib, dunyoqarashimizni ijobiy tomonga o‘zgartirishimiz uchun mashg‘ulotlar, targ‘ibotlar olib boriladi. Psixologlar biz bilan ishlaydi. Sexda ishlab o‘z ehtiyojimdan orttirgan mablag‘ni uyga yuborib turaman. Oilamdagilar bilan belgilangan muddatda ko‘rishishim uchun ruhsat berishgan. Bu yerda hamma narsa yetarli, biroq ozodlikning, oila bag‘rida, farzandlar mehri bilan yashashning gashti boshqacha…
Men qattiq adashganimda pushaymonman. Ayol kishi hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerak ekan. Hunar o‘rganib, halol mehnat qilib ham pul topish mumkinligini, insonlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, shukronalik ruhida yashab, vatanga hiyonat qilmaslik kerakligini angladim. Birgina xatoyim, o‘ylovsizligim, noshukurligim sabab nomaqbul yo‘lga kirganim esa o‘n yarim yil umrimni qamoqxonada o‘tkazishdek achchiq qismatga duchor etdi. To‘rt nafar farzandim bor. Ba’zan ularning ko‘zlariga ham qarolmayman. Ular har soniya ko‘z o‘ngimda turadi.
Bu yerdan chiqib, hunarimni ishga solib jamiyatga foyda keltiradigan ishlar bilan shug‘ulanishni, tadbirkorlik qilishni, vatanim, oilam, ona, qachon kelasiz, deya yo‘limga intizor bo‘lib turgan qorako‘zlarim oldida ham yaxshi amalim bilan gunohlarimni yuvishni maqsad qilganman, deydi mahkuma A.Q”.
XXX
“Men eng og‘ir jinoyatni sodir etganman. Bir notanish ayolni qasddan o‘ldirganman. Pushaymonlik va vijdon azobi meni har soniya taqib qiladi. Yashayapman, ishlayapman, biroq o‘sha jinoyat sodir etgandagi holat meni hali hanuz tark etmagan. Bir insonning umrini uvol qildim. Arzimagan rashk, tilla-taqinchoqlar, pul oldi-berdisi sabab jahlimni jilovlay olmadim. Shayton meni yo‘ldan urdimi, bilmayman. Qanday qilib uning joniga qasd qilganimni ham bilmay qoldim. Besh nafar farzandim bor. Ular meni ko‘rishga kelishganida bot-bot tushuntiraman. Bilmasdan bunday katta xatoga yo‘l qo‘ydim, meni kechiringlar, baxtiqaro onangdan nafratlanmanglar, deb ulardan ko‘zlarimni olib qochaman. Ozodlikka chiqsam, gunohimni qilgan yaxshi ishlar qilaman, farzandlarimga yaxshi tarbiya berib, ularni jamiyatga foydasi tegadigan inson qilib ulg‘aytiraman. Halol mehnat qilib, sabr bilan hayotimni oq qog‘oz kabi qaytadan boshlayman, deydi mahkuma K.H”.
Eng og‘ir jazoni sodir etgan mahkuma ayolning so‘zlariga quloq tutar ekanman. U hali hanuz o‘sha stress holatdan chiqib keta olmagani, qilib qo‘ygan jinoyati ko‘z o‘ngidan sira ketmayotgani, jinoyati nihoyatda og‘ir ekanini ich-ichidan his qilib, vijdon azobida qovrilayotganini angladim. Mahkumaga qamoqxona devorlari orasida yashashdan-da, vijdon azobi, qalb qiynog‘i og‘irroq jazo berayotgani va insonning umriga zomin bo‘lishning qinyog‘i ham, so‘rog‘i ham qattiq bo‘lishining yana bir bor angladim. Zero, inson pashshaga ozor bersa, qanchalik qalbi og‘rinadi. Uku bir insonning hayotiga nuqta qo‘ydi…

Yoshlikdan sartaroshlik bilan shug‘ullanib, mehnati bilan el orasida yuzi yorug‘ bo‘lgan, biroq ayni vaqtda kaloniyada ota-ona diydoridan, farzandlar mehridan mosuvo, jinoyatchi deya “tamg‘a” bosilgan mahkuma Z.M ham davlatning siyosiy tuzumiga qarshi chiqib javobgarlikka tortilgan. Yetti yildan beri ushbu kaloniyada jazosini o‘tamoqda. Bu yerda ham sartaroshlik qilib ayollarga xizmat ko‘rsatadi. Qilgan mehnatiga esa maosh ham oladi. Uning gap-so‘zlariga quloq tutsangiz, sharoitu pul ham, imoniyatlar ham yarashig‘i bilan ekanligini, ozodlik deb atalmish bebaho ne’matga, halol va pok vijdon bilan yashashga hech narsa yetmasligini anglaganini, ich-ichidan vijdon azobi kemirayotganini anglash qiyin emasdi…
Kaloniyadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirish, o‘rganish chog‘ida mahbuslar uchun gazeta-jurnallarning yo‘qligi, oila, vatanni qadrlovchi, milliy mintalitetni targ‘ib qiluvchi, ayollik, onalikdan saboq beruvchi, qadriyatlarni targ‘ib qilishga yo‘g‘rilgan badiiy asarlarning yo‘qligi mutasaddilarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Negaki, bu yerda yaratilgan risoladagidek shart-sharoit, ishga yo‘naltirish, ular bilan insoniylik jihatdan yaxshi munosabatda bo‘lish bilan bir qatorda ularning ongidagi salbiy fikrlarni, illatlarning ildizini qo‘porib tashlash, qilmishidan pushaymon bo‘lishi, qayta bu yo‘lning yoqasidan ham yurmasiklari uchun ham ana shunday asarlarning, ma’naviy targ‘ibotlarning ahamiyati yuqori ekanligi aytib o‘tildi. Kaloniyada masalaning bu tomonini mutasaddilar kengroq mulohaza qilishi lozim, nazarimda.
Kaloniya boshlig‘i podpolkovnik D.To‘raxonovning bergan ma’lumotiga qaraganda, bu yerda turli xil jinoyat sodir etgan mahbuslar bor. Ayrimlari takror va takror jinoyat sodir etaverib, yashashdan umidi qolmagan, maqsadsizlari qancha. Ularning ba’zilari qamoqxonadan qochishga uringan vaqtlar ham bo‘lgan. Biroq bunday holatlarda tezda ularni topib keltirilgan. Imkon qadar bunday holatlarning oldi olinishi, mahbuslar o‘rtasida tortishuv, nizolar yuzaga kelmasligi uchun ham kaloniya kamrelara nazoratida. Biri-biri bilan tortishib qolgan, tajovvuzkorligi yuqori, jinoyat sodir etishga moyilligi bor ayrim mahbuslarni esa ma’lum bir vaqt maxsus panjara ortida saqlab turiladi. Jahl ustida o‘z joniga qasd qilib qo‘ymasligi uchun og‘ir toifadagi mahbuslar xavfsiz devor, ya’ni yumshoq g‘ovak bilan o‘ralgan xonalarda jahlidan tushguncha saqlab turilish holatlari ham bor.
Mahbuslarning yashash sharoiti, ularning turush turmushi, ma’naviyatini yuksaltirish, insoniylik tuyg‘ularini yanada jonlantirish borasida kaloniyada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishar ekanmiz mahkum va mahkumalarning ko‘zlarida qayg‘uni, pushaymonlik, o‘kinch va ba’zilarida sovuqqonlik va nafratni, umidsizlik va achinishni ko‘rganday bo‘ldim. Ming sharoit bo‘lsin biroq ular baribir aybdor va jazosini o‘tashga mahkum. Mahbuslar qaysidir insonning mol-mulkini, sog‘ligini, yoinki davlatning sirini o‘g‘irlagan, kimningdir gul umrini hazon qilib, hayotiga nuqta qo‘ygan. Haqiqatki, bilibmi-behosdanmi, jahl ustidami, ataylabdan yoki huquqini bilmaslik, jaholati sabab jinoyat ko‘chasiga kirgan bo‘lishidan qat’i nazar har kim qilmishiga yarasha jazo olishi kerak. Kaloniya esa ana shu muqarrarlikning makoni bo’lib, mahbuslarni qayta hayotga tayyorlashga xizmat qilayotir.
Ombudsmanga umid bog‘lab…
Monitoring davomida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artiqov, Yuksalish harakati viloyat hududiy bo‘limi rahbari Gulmira Amirovalar mahkum va mahkumalar bilan suhbat olib borib, ularni qiynayotgan muammolarni tinglab kerakli yordam va mulohazalarini bildirdi.
Koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkuma M.H, mahkuma Y.Z, mahkum D. I.larning intizomi, qilmishidan qattiq pushaymonligi sabab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyat bo‘yicha mintaqaviy vakili Abdurashid Artiqov orqali ularni muddatidan oldin ozodlikka chiqarish, ayniqsa, xotin-qizlarni 8-mart ayollar bayrami arafasida afv etilishi uchun taklif kiritish belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabr kunidagi 158-sonli Farmoniga asosan, “O‘zbeksiton Strategiya-2030” asosan bukletlar tayyorlash kerakligi, uzoq muddatli uchrashuv xonasida Vatan haqidagi targ‘ibot materallarini ko‘paytirish, ayollar binosida oilani targ‘ib qiliuvchi stendlar o‘rnatish, kitob jamlanmasini ko‘paytirish, gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish borasida takliflar ham aytib o‘tildi.
Bir narsa aniqki, inson bo‘lib keldikmi, bu besh kunlik sinovli dunyoda insoniyligimizni yo‘qotmasligimiz, hayot deb atalmish bebaho ne’matga hiyonat qilmasdan umrimizni yaxshiliklar, ezgu niyat va amallarimiz bilan bezamog‘imiz, yelkamizdagi insonlik mas’uliyatini to‘laqonli his qilgan holda turmushning chig‘iriqlaridan, sinovli kunlaridan ma’naviyatimiz, yengilmas irodamiz, sabr va shukrimiz bilan yengib o‘tib yaratganning oldiga yorug‘ yuz bilan borish har bir bandaning o‘z qo‘lida.
XXX
Kaloniyadan chiqar ekanman, bu yerda jazosini o‘tayotgan mahbuslarning devor ortidan turib ozodlik, oilasi, yaqinlarini sog‘inib talpinishi, ko‘zlaridagi anduh va pushaymonlikni ko‘rib xayolimga Hindistonning o‘sha mashhur “Vir va Zara” filmidagi mahbus yigitning bir gapi keldi: “Men mahbus 786. Qamoqxona darchasidan mayus boqaman. Ezar yurtim sog‘inchi, qalbga olov yoqaman…”
Kaloniyadagi mahbuslar ham oila va ozodlik sog‘inchidan, qilgan jinoyatlari uchun berilgan jazodan-da, ortiq vijdon azobining qiynoqlari girdobida qolib, butun vujudi, ongu shuuri bilan erkinlik va halol hayot tomonga intilib qalblariga olov yoqishayotir…
Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi, aslida. Ma’naviy oqsoqlik, johillik va noshukurlik yoinki maishiy muammolar sabab ham bu yo‘lga kirib qoladigan odamlar talaygina. To‘g‘ri, mahbuslar bilan subbatimiz asnosida aksariyati qilmishidan pushaymonligi, agar qayta imkon berilsa, hech qachon bunday xatoga yo‘l qo‘ymasligini allaqachon anglagani oydinlashadi. Buni jinoyat sodir etib, qamoqxona devorlari ortida umrini o‘tkazar chog‘ida emas, xatoga yo‘l qo‘yishdan oldin, ozodligi va imkoniyatlari, bir so‘z bilan aytganda, “qalam” qo‘lida ekanligida umr daftariga ana shunday ezgulikni bitganida, anglab yetganida edi…

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yuksak mukofotlar muborak, surxondaryolik o‘g‘lonlar!

Yurtimiz sharafini yuksakka ko‘tarib, o‘zlarining yutuqlari bilan o‘rnak bo‘lib...

Yirik investitsiya loyihalari bilan tanishildi

Loyihalar, g‘oyalar har doim qimmtli va muhim ahamiyatga ega....

Prokuraturada yangi bo‘linma tashkil etiladi

Har soha va tizimni rivojlantirish uchun yangi qadamlar tashlanadi....

Migrantlarning farzandlari ta’limi uchun to‘lov joriy etiladi

Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlarining farzandlari o‘qishi uchun to‘lov...
KunTun
KunTun