Turizm sohasi rivoj topib, so‘nggi bir necha yil ichida sayyohlarning yurtimizga qiziqishi ortgan. Albatta, bu borada mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga urinilmoqda. Ayniqsa, ekologik turizmni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. Qarorga koʻra, Ekologiya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida (ekohududlar) joylashgan yer uchastkalari kompleks turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻygan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Bunda yer uchastkalari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali faoliyat koʻrsatish muddatini keyinchalik oʻzgartirish imkoniyati bilan 10 yil muddatga ijaraga beriladi. Shuningdek, turistik klasterlar hududidagi turistik obyektlar yengil va tez quriladigan konstruksiya hamda ekologik toza qurilish materiallaridan barpo etiladi.
Qolaversa, Ekologiya vazirligi tomonidan ekohududlarni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Dasturlar klasterlarda turizm xizmatlarini koʻrsatishda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmaslik masalasiga qaratiladi.
Qarorga koʻra, ekohududlarning mavjud tabiiy resurslaridan kelib chiqqan holda turistik soʻqmoqlar, selfi zona va piknik zonalar, manzalari tomosha maydonchalari va hayvonlarni masofadan kuzatish imkonini beruvchi fototurlar tashkil qilinadi. Chiqindilarni tashlash va ekohududda oʻrnatiladigan yoʻl koʻrsatkichlari nuqtalarini belgilash hamda ekologik talablarga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari joylashtiriladi. Kemping, glemping, oʻtov, ekouylar va boshqa turdagi joylashtirish vositalari oʻrnatiladi. Ekohududlarga kirish qismida elektromobillar uchun quvvatlantirish stansiyalari, koʻchma restoranlari boʻlgan avtoturargohlar quriladi hamda turistlar oʻzlari kerakli maʼlumotlarni olishlari uchun tashrif markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, 2024-yil 1-sentyabrga qadar “Tabiatga sayohat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Ular turistik klasterlarning elektron xaritasi, turistik klasterlarning tashrif markazlarida koʻrsatiladigan xizmatlar, sayohatni rejalashtirish va joylashtirish vositalarini oldindan band qilish imkoniyati, mavjud togʻ va gʻorlar, turistik soʻqmoqlar va ularning imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Shu bilan birga, 2027-yil 1-yanvarga qadar choʻl hududlarida rekreatsion turistik xizmatlar koʻrsatuvchi kurort zonalarini (toifali mehmonxonalar, SPA-mehmonxonalar, sanatoriy va pansionatlar) tashkil qilgan tadbirkorlik subyektlari uch yil davomida foyda soligʻini va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻining 50 foizini toʻlaydi. Choʻl hududlarida tematik xiyobonlarni tashkil qilgan yuridik shaxslar ham xiyobonlar foydalanishga topshirilgan kundan eʼtiboran uch yil davomida mol-mulk va yer soligʻining 50 foizidan ozod qilinadi.
Ekoturizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi
Date: