Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chogʻida berilgan topshirigʻiga asosan viloyatda “Ma’naviyat sektori” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yoshlarimizda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, iftixor hissini shakllantirish, fidoyi insonlar etib tarbiyalash, ularning ongu tafakkurini yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi.
Darhaqiqat, hayot shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi globallashuv sharoitida ma’naviy tarbiya va ilmiy tafakkursiz katta marralarni ko‘zlash imkonsiz. Chunki yuzaga kelayotgan muammolar zamirida ma’rifatdan bebahralik, beparvolik va ma’naviy immunitetda bo‘shliq borligi ayon. Ma’naviy tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymasdan, bu muammolarni bartaraf etib bo‘lmaydi. Ma’naviyat oqsasa, kelajakka putur yetadi, davlat parokandalikka yuz tutadi.
Aholi ma’naviyatini yukslatirishda inson kapitali — odamlarning bilimi, ko‘nikma va malakasini safarbar etish muhim omil bo‘ladi. Inson ma’nan yetuk, barkamol bo‘lib voyaga yetishida oilaviy muhitning, mahalla va nuroniylarning saboqlari g‘oyat muhim o‘rin tutadi.
Yoshlar tarbiyasi o‘ta murakkab va mas’uliyatli, shu bilan birga, natijasi aniq ish. Bu esa har bir otaonadan o‘z ustida muntazam ishlashni, farzandlar tarbiyasiga oid barcha ma’lumotlardan boxabar bo‘lishni talab etadi. Tarbiya o‘zo‘zidan bo‘lib ketaveradigan ish emas. U hozirgi globallashuv davrida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bugungi kunda viloyat hokimi tashabbusi bilan ushbu sektor faoliyatini yanada jonlantirish, joylarda ma’naviyatni keng targ‘ib qilish, hududlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash hamda oilalarda notinchlikning oldini olish, aholi o‘rtasida kitobxonlikni, milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish hamda boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasida belgilangan rejaga asosan hududlarda turli soha vakillaridan iborat targʻibot guruhlari faoliyat yuritmoqda.
Ana shunday targ‘ibotchilar guruhi tomonidan tashkil etilayotgan “Mahallada duv-duv gap” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri Sherobod tumanidagi 1-umumta’lim maktabida tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artiqov, Yuksalish harakati viloyat hududiy bo‘limi rahbari Gulmira Amirova, “Amudaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi rahbari Shohida Xolliyeva, tuman hokimining Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gulshoda Aminova, mahalla va maktab faollari, otinoyilar, oqsoqollar, ko‘chaboshilar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etishdan maqsad, fuqarolarning milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, kitobxonlikka keng jalb etish, mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash, ishchanlik qobiliyatini oshirish, Vatanga daxldorlik hissi bilan yashash kabi muhim masalalarda ma’ruzalar qilindi. Ma’naviyat va madaniyatni yuksaltirishni, eng avvalo, har birimiz o‘zimizdan, oilamiz va mahallamizdan boshlash lozimligi targ‘ib qilindi.
“Mahallada duv-duv gap” tadbiri tumanning “Chechalar” xalq havaskorlik ansamlining chiqishlari, A’zam baxshi Allayevning termalari bilan yanada qizg‘in kechdi. Targ‘ibot tadbiri asnosida maktabda tashkil etilgan ma’naviyat sektori burchagi, o‘qituvchi va o‘quvchilarning ilm olishi, mehnat qilishi uchun yaratilgan sharoitlar, kutubxona hamda muzey faoliyati bilan yaqindan tanishilib, ma’naviy yo‘nalishdagi ishlarni yanada jonlantirish lozimligi, o‘quv adabiyotlar, ko‘paytirish, o‘quvchilarni ilmga qiziqtirish, turli xil to‘garak va tanlovlarga jalb etish borasida ham taklif va tavsiyalar berildi.
Adolat MO‘MINOVA