Kechasidan buguni nurli…

Date:

Bugungi kunda jamiyatda ayollar faolligi har qachongidan ortiq sezilmoqda, har sohada, har jabhada o‘z izini ko‘rsatmoqda. Viloyatimiz aholisining qariyb yarmi — 1 million 360 ming nafardan ortig‘i yoki 49,4 foizi xotin-qizlardir. Ularning 1 million 65 ming nafari qishloqlarda istiqomat qiladi. Mehnatga layoqatli xotin-qizlar esa 721,6 ming nafarni tashkil etadi. So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda ayollarning faolligi sezilarli darajada oshgan. Gender tengligini ta’minlash sohasida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Shubha yo‘qki, bu ishlar o‘z natijalarini ham bermoqda. Jumladan, bugun ayollarning 2 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 1 nafari senator, 17 nafari Xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda 88 nafari tuman (shahar) Kengashlarida deputat sifatida xizmat qilmoqda. Viloyatda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi 12 nafar, tuman (shahar) bo‘limlarida 57 nafar hamda mahallalarda 723 nafar xotin-qizlar faollari aynan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash borasida faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning faoliyati qay darajada natijalar olib kelayotgani xususida Surxondaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasining navbatdagi matbuot anjumani doirasida ma’lumot berib o‘tildi.

—Joriy yilda mahalla xotin-qizlar faollari tomonidan uyma-uy kirish davomida 33 mingdan ziyod ishsiz xotin-qiz ro‘yxatga olinib, 25 ming 682 nafarining bandligi ta’minlandi. Shundan 8 ming 407 nafari ishga joylashtirilgan, 6 ming 24 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan, 7 ming 260 nafari jamoat ishlariga jalb etilgan, — deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarma boshlig‘i Zulxumor Xidirova. — 156 nafar ayol ishsizlik nafaqasi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 945 nafariga subsidiyalar ajratildi. 14 ming 975 nafar xotin-qizga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 316 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berildi. Shuningdek, “Bir hunarmand ayolga o‘nta shogird” loyihasi doirasida 1 221 nafar ishsiz xotin-qiz 850 nafar hunarmand ayolga shogird sifatida biriktirildi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini keng targ‘ib qilish uchun gender masalalari bo‘yicha 16 nafar trener hamda 2 ta targ‘ibot guruhlari shakllantirildi. Shu bilan birga viloyatda “Gender — madad” elektron huquqiy maslahat platformasi hamda uning mobil ilovasi ishga tushirildi. Ularga “Ayollar xususiy himoyasi”, “Gender tenglik”, “Ayollarga imtiyozlar”, “Oilaviy munosabatlar” va “Oilaviy zo‘ravonlik” kabi huquqiy maslahatlarni onlayn chat orqali berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Qizlar tabiatan ilm olishga yigitlarga nisbatan anchayin intiluvchan bo‘ladi. Keng dunyoqarashga, bilimga ega bo‘lgan ayol osongina oq-u qorani ajrata oladi, farzand tarbiyasida qiyinchilikka uchramaydi. Ammo, ta’lim olish uchun imkon yetarlicha bo‘lmasachi, oila mablag‘ jihatidan qizni o‘qitish uchun chiqim qila olmay qolgan taqdirdachi? Shu va shu kabi vaziyatlar inobatga olingan holda ehtiyojmand oilalardagi ilmga intilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xotin-qizlar.uz platformasi orqali 7 171 nafar xotin-qizning 3 658 nafariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish maqsadida belgilangan mezonlar asosida tavsiyanomalar berilgan.

Xotin-qizlar faolligini yanada oshirish maqsadida barcha ta’lim muassasalarida hamda mahallalarda “Qizlarjon” klubi, “Buvijonlar makatabi” to‘garaklari tashkil etilib, har oyda ikki marotaba yoshi ulug‘, barchaga namuna bo‘la oladigan, katta hayotiy tajribaga ega oila sohiblari bo‘lgan otaxon va onaxonlarni taklif etgan holda, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi.

Inson a’zolari harakatda bo‘lgandagina sog‘lom, ko‘rkam holatini saqlaydi. Tana harakati miya-yu yurakning sog‘lom ishlashi uchun ayni muddao. Sog‘lom turmush tarzini amalga oshirish maqsadida 258 marta xotin-qizlar o‘rtasida sektorlararo sport musobaqalari, “Sport malikalari” sport haftaliklari, “Sog‘lom oila — Yangi O‘zbekiston tayanchi” shiori ostida uch bosqichli sport musobaqalari, “Sport — nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida mehnat jamoalarida sport festivallari o‘tkazilib kelinmoqda. Mahallalarda xotin-qizlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, 174 ta sport to‘garaklari tashkil etilgan.

Oila va xotin-qizlar masalasida shu kungacha bajarilgan va jarayonda ketayotgan ishlar misli ko‘rilmagan tarzda. Bugun biror jabha yo‘qki xotin-qizlar ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lsa. Ularga berilayotgan ma’naviy-madaniy ko‘mak har doimgidan-da ziyoda, har doimgidan-da ortiqroq ko‘zga tashlanmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ba’zan davlatni ularga berayotgan e’tibor yuki og‘irlik qilayotgandek, go‘yo. Noshukrlik qutqusi qalbida qora dog‘ tushirayotganlar ham, afsuski, yo‘q emas. Tayyor uy qurib, o‘zi va bolalari uchun issiqqina go‘shaga ega bo‘lsa hamki norozilik ro‘yxatini ko‘rib, hayron qolasiz, o‘yga cho‘masiz ham. Ehtimol, ularning shukrona hissidan yiroqligi o‘zlarini nochor holga qoldirayotganiga sabab hamdir.

Xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash, ularning jamiyatdagi rolini yanada oshirish yo‘lidagi islohotlar, albatta, davomiydir. Anjuman davomida har bir soha tilga olinib, ularda ayollar faolligi, xotin-qizlarga ko‘mak berish yo‘lida qay tarzda yondashilayotgani batafsil izohlab o‘tildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga misollar bilan javob berildi.

Shu paytga qadar bajarilgan ishlarning isboti tarzida esa Qumqo‘rg‘on tumanidagi ayollar faoliyatiga bir nazar tashlandi. Tumandagi Boymoqli chevarlari bilan tanishib, ular uchun yaratilgan sharoitni ko‘rib, kishi havas qiladi. 2019-yildan buyon faoliyat yuritayotgan “Boymoqli-Baraka chevarlari” MChJ firmasida ish ayni qizg‘in pallada…

—Har kim o‘zining qiziqish doirasiga ega bo‘ladi, — deydi boymoqlilik chevar Fazilat Sherdanova. — Tikuvchilik meni yoshlik davrimdan buyon qiziqtirgan yo‘nalish. Qo‘limga matoni olib, tikishni boshlaganimda asablarim joyiga tushadi, ishdan boshqa hech narsa haqida o‘ylamayman. 4 ta farzandim bor. Katta qizim hali maktabni tugatmagan bo‘lsa-da, menga ergashib, shu yerga kelib, tikuvchilik bilan shug‘ullanadi.

 Quvonarlisi shundaki, chevarlar bugungi ishi tugab qolgach, “endi nimani tikamiz?”, deb hech ikkilanib, o‘ylab o‘tirishmaydi. Toshkentning “Ixlos” firmasi bilan shartnoma asosida oldindan bichilgan yuklar bu yerga yetib kelib, tikuvchi qizlarga bir daqiqa bo‘lsa ham bo‘sh qolishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Chevarlarning asosiy ishi esa ushbu yarim tayyor mahsulotlarni yuqori sifatda tayyorlab berish. Albatta, tovar chetga eksport qilingandan keyin mahalla chevarlarining yuzi yerga qarab qolmasligi kerak-da. Shu maqsadda bir mahsulot tayyor holatga kelguniga qadar bir necha kishining ishlovidan o‘tadi. Hozirda 20 kishidan iborat firmaning sig‘imi 150 kishiga mo‘ljallangan. Tumanning mas’ullari xotin-qizlarni yanada ko‘proq jalb qilish maqsadida umumiy va kasb-hunar maktablariga borib, kerak bo‘lsa, uyma-uy yurib, ularning bo‘sh qolmasliklari uchun targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borishmoqda. Bu har bir xotin-qiz uchun imkoniyat, sharoit degni.

Tikish-bichish ishlari uchun qobiliyat, iqtidor, diqqatning o‘zi yetarli. Qo‘l kelishib ketib, ishga kirishib ketsangiz, atrofdagilarni sezmay ham qolasiz. Hatto, iqtidori bo‘lsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar ham bu ishni erkin eplab ketaveradi. “Boymoqli Baraka chevarlar” MChJ firmasida ana shunday imkoniyat jihatidan cheklangan xotin-qizlarning 2 nafari o‘zgalardan ortiq bo‘lsa borki, kam bo‘lmasdan mehnat qilishmoqda. Zulxumor Xidirova chevar qiz Mastona Nazarova bilan yaqindan suhbatlashib, ishini ko‘zdan kechirdi. Murojaati asnosida, unga ko‘mak berish, faoliyati davomida qulaylik yaratish ko‘zlanib, nogironlik aravachasi hadya etildi.

—3-4 yildan beri ushbu firmada ishlab kelmoqdaman, — deydi Mastona Nazarova. — Ilgarilari uyimdan xatlab, biror yerga chiqishga iymanardim. O‘z qobig‘imga o‘ralib o‘tirardim. Bu yerga kelib esa insonlar bilan muloqot qilish qanaqa bo‘lishini o‘rgandim.  Do‘stlar orttirdim. Jamoada ishlash baxtini tuydim. Onam ko‘magida firmaga kelib-ketib yurgan edim. Endi aravacha yordamida o‘zim erkin harakatlana olaman.

   Bilasiz, tikuvchilarning asosiy mehnati to‘laligicha chiroqning mavjud bo‘lishi bilan bog‘liq. Chiroq o‘chganda esa tikish-bichish ishlari butkul to‘xtab qoladi. Belgilangan vaqtdan kechikib yetkazilgan mahsulot esa xaridorni jig‘ibiyron qilishi tayin. Chevar Fazilat Sherdanova Boymoqlida chiroq bilan muammolar borligini bildirdi. Bu muammoni mas’ullar o‘z bo‘ynilariga olib, masala hal qilinadigan bo‘ldi. O‘ylaymizki, yaqin kunlarda muammo o‘z yechimini topib, chevarlar faoliyati hozirgidan-da a’lo tarzda tashkil etilib,  bekam-u ko‘st darajaga borib yetadi.   

  Quvonarli holat 2-sektorga qarashli ta’lim maskanining bo‘sh turgan qismida tadbirkorlik markazi tashkil etilgani bo‘ldi. Barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv markaz son-sanoqsiz xotin-qizlarni bekor o‘tirishdan yiroq tutmoqda. Milliy kashtalardan tortib liboslar, chopon, ko‘rpachalar, to‘qima buyumlar, ayollarning husniga husn qo‘shib turguvchi buyumlarning bari shu yerda muhayyo. “Ustoz-shogird” an’analari nafasi tadbirkorlik markazida sezilib turibdi.

—18 yildan beri tikuvchilik bilan shug‘ullanaman, — deydi “Fonus ilm” o‘quv markazi ustoz-hunarmandi Qunduz Usanova. — Barcha ishlarimiz uchun qo‘l mehnati talab qilinadi. Shu sababdan mahsulot tayyor bo‘lishi uchun 3-4 kun, ba’zan esa haftalab mehnat qilishni taqozo etadi. Subsidiya asosida mablag‘ olib, shogirdlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib oldim. 30 dan ziyod shogirdlarim bor. Ular hunar o‘rganish yo‘lida 6 oydan 1 yilgacha vaqt sarflashadi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan, qo‘lida kasbi yoki hunari bo‘lmagan xotin-qizlar bu yerda hunarmandga shogird bo‘lib, bir muddat undan mehnatni o‘rganib, o‘zi mustaqil tikishni boshlaydi. O‘quv markazda ta’lim olishga istak bildirgan borki, uzoq masofadan kelib bo‘lsa ham hunarmandchilik sir-asroridan boxabar bo‘lib ketmoqda. Hunar o‘rganish, bilim olish eng yuksak saodat. Qo‘lingizda hunaringiz bor ekan, ko‘chada ham, och ham qolmaysiz, birovga mute’ ham bo‘lmaysiz. “Fonus ilm” hunarmandlari” markazining ba’zi ustoz-tikuvchilariga murojaatlariga ko‘ra tikuv mashinalari sovg‘a qilindi.

***

 Umringiz davomida biror marta ko‘chat ekib ko‘rganmisiz? Eng avvalo, ko‘chatni ekib bo‘lgach, jarayonga sho‘ng‘ib ketib butun tashvishlaringizni unutasiz, uning yonidan bir necha daqiqa jilmay turasiz. O‘zingizcha xayollanib, uni o‘sib-unishi, meva yoki soya-salqin berishini o‘ylaysiz. Bahorda esa qiyg‘os gullagani bahri dilingizni ochadi. Ko‘nglingiz xira tortganda, unga boqib taskin topasiz. “Onalar yashil makon uchun” umummilliy loyihasi doirasida Qumqo‘rg‘on tumanidagi ko‘chat ekish jarayoni quvonch ulashib, unutilmas damlar bilan xotirada mustahkamlandi.

Dildora Otaqulova,

Naimullo Muhibulloyev

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Kichik inspektor lavozimi joriy etiladi

Kriminogen vaziyat ogʻir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmlari joriy...

Kambag‘al oilalarga subsidiya ajratiladi

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari...

Termiz “Inklyuziv” shaharga aylanmoqda

So‘nggi paytlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzu — inklyuziyadir....

Kitob o‘qisa, jazo muddati qisqartiriladi

Kitob o‘qishni foydasi haqida bot-bot to‘xtalamiz. Dunyoqarashimizni kengaytiruvchi kitoblarning...
KunTun
KunTun