Insoniylik fazilatlarimiz, oqibatimizning ko‘tarilmagani yuzimizni issiq qilib, qadrimizni oshiradi. O‘zaro mehr-shafqatli bo‘lishni, minnatdorlik, shukronalik hissi ila yashashni boshlaymiz. Surxondaryo viloyat prokurorining tashabbusi, insoniy fazilatlari uni ezgu ishlarga boshladi. Sariosiyo tumanidagi 52 nafar bolajonning va ularning oila a’zolari ko‘nglini shod etdi. Ular uchun tashkil etilgan sunnat to‘yi o‘zgacha ko‘tarinkilikda o‘tdiki, bu ish ko‘plarga ibrat va namuna vazifasini o‘tadi.
Sariosiyo tuman prokuraturasi binosida boshlangan sunnat to‘yining sadolari barchani to‘yga chorladi. To‘y bolalari samimiy qutlanib, ularga homiy va mutasaddilarning to‘yonalari, ya’ni bayram sovg‘alari ulashildi.
Bolajonlar ko‘zida quvonch, yuzida tabassum. Bu kun ularning kuni, ularning shodiyonasi. Bayram bayramdek bo‘lishini istagan tashkilotchilar to‘y bolalarni tumandagi “Yoshlar bog‘i”ga olib bordilar. Bog‘da esa bolalarni kutib olish maqsadida o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rilgan. Sho‘x-shodon ohanglar, ertak qahramonlarining shodon o‘ynab-kulib yurishi to‘y bolalarni ham raqsga chorladi.
Ajoyib sayrdan so‘ng, bolajonlar bog‘ yaqinida joylashgan kinoteatrda qiziqarli multfilm tomosha qilib, madaniy xordiq chiqarishdi. Quvonchga boy bo‘lgan kun yakunida esa to‘y bolajonlar va ularning qarindoshlari uchun tumandagi “Sarvar” tantanalar saroyida sunnat to‘ylari nishonlandi.
Yaxshi xabarning daragi tez tarqaladi, deyishadi. Bunday sunnat to‘ylari Denov tumanida ham bo‘lib o‘tdi.
Mehr 2020-Denov” xayriya jamg‘armasi tomonidan 60 nafar bolajonning sunnat to‘ylari hamda 30 nafar qizaloqning aqiqa marosimlari o‘tkazib berildi. Mana shunday yaxshi xabarlar viloyatning barcha hududlaridan o‘z daraklarini berishini, ko‘ngil uylarini obod qilib, ezgu maqsad va g‘oyalarga chorlashni umid qilamiz.
S.Murodova