“Eng yirik mevamiz 600 gramgacha tosh bosdi”

Date:

“Olma sayli” festivali bo‘lishi haqidagi xabarni eshitgan borki, Boysun otlandi. Ko‘pdan qolmaslik, elga kelgan to‘yni xalq bilan birdamlikda o‘tkazish, axir millatimizga xos odatga aylanib ulgurgan-da.

Yo‘lingiz oxiri samoga tutashib ketgan tog‘larga ulanadi. Demak, siz haqiqatan ochiq osmon ostidagi dunyo ahlini o‘ziga chorlayotgan mo‘jizakor Boysun tumanidasiz. Bu tumanning tabiati, ob-havosi, to‘g‘lari-yu soylari o‘ziga maftun etadi. Ona tabiatning musavvirligiga qoyil qolasiz. Tasannolar o‘qiysiz. Sababi ko‘zlaringiz ko‘rib turgan manzara ramkaga tushirilgan ajoyib san’at asariga o‘xshaydi.

Olma, nok, xurmo-yu anor daraxtlari qilgan mo‘l-ko‘l hosildan esa daraxt shoxlari egilib, kelgan mehmonlarga ta’zim qilib, xush ko‘rdik deyayotgandek. Kuz faslining go‘zal yaratig‘i oldida maftun bo‘lib qolmaslikning imkoni yo‘q.

Nihoyat “Olma sayli” festivaliga tinim bilmay hozirlik ko‘rilgan yoshlar istirohat bog‘i qarshisida paydo bo‘lasiz. Karnay-surnay sadolari ostida sizni qarshi olishadi. Ichkarida esa mo‘jizalar makoniga tushib qolgandek, hayrat nigohi ila tomoshaga tutinasiz. Olma yetishtiruvchi bobo dehqon-u bog‘bonlar eng sarxil mevalari, olmalari bilan shunday ko‘rgazma tashkil etishganki, ajib dekoratsiyalardan, mohirona terilgan bezaklardan ko‘zlaringiz quvnaydi. Olmaning ifori tutib ketgan bog‘da soha mehnatkashlari sizni olmaxo‘rlikka taklif etadi. Beixtiyor degustatsiyaga tushib ketasiz. Qaysi olma eng mazali ekanini aniqlay turib, munosib bahoni berishga qiynalasiz. Sababi har bir olma turining o‘z mazasi, o‘z ko‘rinishi bor. Sersuvligini aytmaysizmi?..

Olma saylida kezaversangiz, yosh iste’dodlarning surat chizayotganiga guvoh bo‘lasiz. Ko‘rgazmalardan, ona tabiat, tog‘ yon bag‘rlaridan parchalar aks etgan suratlarga rang berilayotgan ekan. Bu ranglar orqali jonlanayotgan suratlar tomoshasi zavqingizni oshiradi. Undan nariroqda esa milliy taomlar ko‘rgazmasi e’tiboringizni tortadi va degustatsiyaga tushib ketasiz…

Surxondaryo viloyatida 10 451 gektar maydonda olmaning turli navlari yetishtiriladi. 1 800 gektari esa Boysun tumaniga to‘g‘ri keladi. Tog‘ning musaffo havosidan, zilol suvlaridan to‘yingan olmalarning ta’mi-mazasi ham o‘zgacha. Vitaminlarga boy va minglab dardlarga davo ekani bilan mashhur. Ayniqsa, Duoba, Xo‘jaidod, O‘rmonchi, Machay, Darband, Avlod mahallalarida yetishtirilgan olmalar bozorlarda xaridorgir sanaladi. Tog‘ yon bag‘irlarida olmaning Krepson, Simerenko, Golden, Karlik, Boysun mahalliy navi kabi turlari yetishtiriladi. Shuning uchun ham Boysun olmalarini qidiramiz, oilamiz, yaqinlarimiz bilan baham ko‘ramiz. Demak, aynan Boysun tumanida “Olma sayli” festivalining o‘tkazilishining sababi ham shunda.

—Aslida olmaning vatani Markaziy Osiyo deb o‘ylayman, — deydi “Barador” fermer xo‘jaligi rahbari Q. Jo‘rayev. – Jahonda uning turlari ko‘p. Bizning mamlakatimizda yuzdan ortiq olma navlari parvarishlanadi. Bir yarim gektar olmazorimiz mavjud. 200 oila asalari ham boqaman. Ayniqsa, Boysunning mahalliy navi sersuv va shirin ta’mi bilan xorijliklarga ham manzur bo‘ladi.

Sayohatga kelgan chet ellik mehmonlar sevib iste’mol qiladigan olmaning shifobaxsh xususiyatlarini aytsak, aslo oxiriga yetmaymiz. Ushbu meva tarkibidagi pektin moddasi organizmdan ortiqcha xolesterinni chiqarib yuborishga yordam beradi. Qandli diabetda ham foylali. Yuz terisining tarang va tiniq bo‘lishini ta’minlashi ham isbotlangan. Qadimdan Boysunda olma qoqi tayyorlanadi. Qoqni qo‘lbola usulda kelida maydalab, talqon ham tayyorlanar ekan. Ko‘rgazmada qo‘yilgan olma qoqilaridan ta’tib, mazasiga tan berdik.  Bu ayniqsa, keksalar uchun quvvat manbai bo‘lishi haqidagi fikrlarni yon daftarimizga qoralab oldik.

Mutaxassislarning fikrlarinicha, olmada ko‘p miqdordagi S, V1, V2, R, YE, A vitaminlari, kaliy, marganets va temir moddasi mavjud. S va V vitaminlari barcha a’zolarda modda almashinuvini yaxshilasa, R va YE darmondorilari organizmni yoshartirib, teri va to‘qimalar holatini tiklaydi. Kaliy moddasi arterial qon bosimini me’yorlashtiradi.

Olmaning 80 foizi suvdan, qolgan 20 foizi foydali vitaminlardan iborat. 100 gramm yangi uzilgan olmada atigi 47 kilokaloriya mavjud. Tarkibida deyarli yog‘i bo‘lmagan bu meva uglevodlarga boy. Shuning uchun to‘yimlilik darajasi yuqori. Ozishni istaganlar uchun yaxshi oziq bo‘ladi. Olma tanani zararli moddalardan tozalab, qorin dam bo‘lishidan xalos etadi. Oshqozon-ichak xastaliklarida, yo‘g‘on ichak yallig‘lanishi va dizenteriyada yordam beradi.

Festival bahonasida ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar va keng jamoatchilik vakillari uchun uyushtirilgan pres-tur esa Boysunning bor mo‘jizasini, tabiat yaratiqlarini ko‘rishga, olam-olam zavq olishga imkoniyat yaratdi.

Jurnalist va blogerlar dastlab mashhur Omonxona qishlog‘ida bo‘lib, bu yerdagi balneologik sanatoriy va shifabaxsh buloq suvi bilan tanishdi. Tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar olishdi. aytish kerakki, mamlakatimizning turli hududlaridan kelib, tabiiy usulda davolanayotganlar ko‘p. pres-tur davomida jurnalistlar ular bilan suhbatlashdi.

—Jigar xastaligi tanamni yiqitay dedi, – deydi buxorolik Gulnora Rustamova.– qo‘l-oyog‘imdagi shish, ko‘zimning xiralashgani yetmaganday to‘shakka mixlanib qoldim. Omonxona ta’rifini eshitdim-u, shu yerdan shifo topishga ishonchim, ixlosim ortdi. Keldim, tabiiy usulda davolandim. Ikki haftada tanamdan dard arib, og‘riqlar meni tark etdi.

Pres-tur davomida “Omonxona” mehmonxonasi bilan ham yaqindan tanishildi. Mahalliy va xorijlik turistlar uchun yaratilgan shart-sharoit esa maqtashga arziydi. Hazrat Sulton Valiy mangu qo‘nim topgan sokin go‘sha ziyorati esa ko‘ngilga taskin berganday bo‘ladi.

Boysun kanionlari haqida eshitgan edigu o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rmaganimiz attang qiladigan jihat bo‘lgan bo‘lsa, Olma sayli bahona maftunkor kanionlarni ko‘rdik. Barchada katta qiziqish o‘yg‘ota olgan tabiat mo‘jizasi haqida viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi birinchi o‘rinbosari Zebuniso Alimardonova ta’rif berib, kanionning jahonda noyob turistik obyekt ekani va kelgusida bu yerda sayyohlarga yaratiladigan sharoitlar haqida gapirib berdi.

Boysun tumani bo‘ylab qilingan sayohatimiz davomida olgan taassurotlarimizdan ruhlanib, soha mutaxassislari va tajribali fermerlar ishtirokida olmachilik istiqbollariga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etdik. Olmachilik, daraxtni parvarishlash hamda barcha sevib iste`mol qiladigan olmaning ajoyib xususiyatlari haqida, sohaning istiqbolli rejasi, amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Ilk bor tashkil etilgan “Olma sayli” respublika festivali nafaqat tomoshadan zavq olish, tumanning turizm salohiyatini ko‘z-ko‘z qildi, balki olma yetishtiruvchi dehqon va bog‘bonlar yetishtirigan mahsulotga xaridor toppish, sotish, eksport qilish, tajriba almashishni ko‘zlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Soha mehnatkashlari o‘zaro fikr almashdilar, yutuqlari haqida o‘rtoqlashdilar. Har tomonlama manfaatli bo‘lgan festivalning ochilish marosimini barcha intiqlik bilan kutdi.

Festivalni ochib bergan Boysun tuman hokimi Asqarali Jo‘rayev hududning boy turistik salohiyati va agraturizmni keng yo‘lga qo‘yish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, olmachilikni yanada rivojlantirish borasida to‘xtalib o‘tdi.

“Eng shirin olma bog‘i yaratuvchisi”, “Eng faol mahalla”, “Eng faol tashkilot” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, festival tashkilotchilarining diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

–Festival ko‘rik-tanlovida “Eng shirin olma bog‘i yaratuvchisi” yo‘nalishida g‘olib bo‘lganimdan faxrlanaman, – deydi “Eronur” fermer xo‘jaligi rahbari Juma Eronov. – Tog‘ etagidagi uch gektar toshloq yerni o‘zlashtirib, Krepson, Semirenko, Golden va Boysun mahalliy navli olmalarni yetishtiryapman. Bu yil 50 tonnaga yaqin hosil oldik. Eng yirik mevamiz 600 gramgacha tosh bosdi. Endilikda olmani eksportbop qilib parvarishlashga intilyapmiz. Bugun o‘tkazilayotgan ushbu tadbir esa mashaqqatli mehnatimizga berilgan yuksak e’tibor namunasi bo‘ldi.

Festivalda faol ishtirok etgan mahalla va tashkilotlarga rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.

Viloyatdan tashrif buyurgan estradan xonandalari ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar, sho‘x ohanglar kechaga bayram shukuhini uyg‘otgan bo‘lsa, folklor jamoalarining ajoyib chiqishlari esa barchani raqsga chorladi.

Sayyora ALLAYEVA,

Naimullo MUHIBULLOYEV,

(FOTO)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun