Viloyatimizda mavjud 10 ming 790 gektardan ortiq uzumzorning 4 ming 760 gektari Oltinsoy tumanida joylashgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Uzumchilik Oltinsoy tumani iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy drayverlaridan biriga aylanib ulgurgan. Hududning tuprog‘i, iqlimi va suvi ham sarxil meva, boldek shirin uzum yetishtirish uchun juda qulay.
Oltinsoy tumaniga yo‘lingiz tushsa, yo‘l chetida yastanib yotgan uzumzorlar sizga hamrohlik qilayotgandek bo‘ladi. Ayni paytda g‘arq pishib yotgan uzumning turli navlari esa quyosh nurida tovlanib, ishtahangizni qitiqlaydi. Uzum sotayotganlarni sekin ko‘z qiringiz bilan qidira boshlaysiz. Biz esa shu tariqa oltingururtli suvi o‘zining shifobaxshligi bilan mashhur bo‘lgan Xo‘jaipok sanatoriysiga kelib qolibmiz. Sanatoriy ostonasidan xatlashimiz bilan “Uzum sayli” festivali sabab dunyoning eng sarxil mevalari-yu uzumlari shu yerda jam bo‘lganiga amin bo‘ldik. Festivalga puxta hozirlik ko‘rilgan. Fermer xo‘jaliklari, qolaversa, uzumchilikda boy tajriba ega sohibkorlar tomonidan yetishtirilgan biz bilgan va bilmagan, totgan va totmagan uzum navlari, uzumdan tayyorlangan mahsulotlarning ko‘rgazmasi kishi e’tiborini tortadi. Kayfiyatni ko‘tarib, tatib ko‘rishga ishtiyoqni oshiradi.
“Uzum sayli” festivali avvalida ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar hamda keng jamoatchilik vakillari uchun pres-tur uyushtirildi. Barcha avtobusga o‘tirib, tashkilotchilar hozirlagan manzillar tomon yo‘l oldik. Ilk manzil “Xushbekjon Sohibkor dalasi” bo‘ldi. Fermer xo‘jaligi rahbari Xushbek Norboyev bizni yorug‘ yuz bilan kutib oldi va uzumzori tomon boshladi. 2.8 gektar yer maydonida barpo etilgan uzumzorda uzumning mers, kishmish, rizamat, qora go‘zal turlari hosil berar ekan. E’tiborimizni tortgani, uzumzorga kiraverishda oppoq matoga quritish uchun yoyib qo‘yilgan uzumlar bo‘ldi. Qolaversa, sal nariroqda ham voish usulida o‘rnatilgan to‘sinlar oralab bosh-bosh uzumlar mayiz qilish maqsadida osib qo‘yilgani ajoyib manzara hosil qilgan. Sohibkor uzumdan daromad olish bilan birga uni mayiz holida tayyorlab ham yaxshigina foyda qilishini aytdi. Haqiqatan ham bozorda kilosi 4-5 ming so‘m sotiladigan uzum mayiz holida 10-15 baravar qimmat bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, uzumlar o‘z sohibkorlari mehnatini yerda qoldirmasligiga amin bo‘ldik.
— Uzumlarni quritishga yotqizganimizga 20 kun bo‘lyapti, — deydi sohibkor X.Norboyev. — Yana o‘n kundan keyin mayizlarimiz tayyor bo‘ladi. Ko‘rib turganingizdek, mayizni tabiiy sharoitda oftob tig‘ida quritib tayyorlaymiz. Tabiiy sharoitda qurigan mayizlarning ta’mi mazali bo‘ladi. Qolaversa, uzum tarkibidagi foydali vitaminlarni saqlab qoladi.
Bu fikrlarning nechog‘lik to‘g‘ri ekanini isbotlash maqsadida ikki xil yo‘l bilan tayyorlangan mayizlarni tatib ko‘rdik. Kimyoviy ishlov berib tayyorlangan mayizdan ko‘ra tabiiy yo‘l bilan quritilgan mayizlarning mazasi shirin, shirasi tilni oladi.
Bu tumanda qaysi xonadonga kirmang, hovlisida ko‘zni qamashtiradigan uzum yetishtirilayotganiga guvoh bo‘lasiz. Ota-bobolari an’anasi asosida mojazgina tomarqasida tanga shifo, ming dardga davo uzum parvarishlanayotir. Shu sababdan ham bozorlarimizda uzumning narxi arzon va barqaror. Hozirgacha viloyatda yig‘ib olingan 130 ming tonnadan ortiq uzum hosilining qariyb 56 ming tonnasi Oltinsoy tumani hissasi mirishkorlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ilk taassurotlar hayajoni tark etmay, “Hafizullo O‘rolov” fermer xo‘jaligi uzumzoriga yetib keldik. Ishkomli to‘sinlarda osilib turgan uzum toklari orasida hosil zich. Uzumchilikda katta tajribaga ega fermer xo‘jaligi rahbari Rustam Xo‘jaqulov o‘z tajribasi haqida o‘rtoqlashib, 2.1 gektar yer maydonidagi uzumzorining har gektaridan 30 sentnerdan ortiq hosil olishini aytib, pres-tur ishtirokchilarining qiziqishini oshirdi.
— Biz asosan uzumning toyfi navini ko‘proq ekkanmiz, — deydi fermer xo‘jaligi rahbari R.Xo‘jaqulov. — Toyfi — issiqqa va sovuqqa chidamli nav. Ta’mi ham shirin. Tokda dekabr oyining o‘rtalarigacha saqlasak, tokdan uzgandan so‘ng, aprel oyigacha tabiiy sharoitda, muzlatkichlarda saqlaymiz. Bu shu paytgacha uzumdan daromad ko‘ramiz degani.
Uzumchilikdan baraka ko‘rgan sohibkor uzumning mers, husayni, damskiy kabi yangi navlarini ham ekib, sinab ko‘ryapti. 10 ga yaqin ishchi mehnat qilayotgan uzumzorda mavsumga qarab mavsumiy ishchilar yollanadi.
Pres-tur bahona uzumzor o‘rtasida uzumxo‘rlik qildik. Uzum quyosh nurini sevar ekan, soyada yetilganlaridan ko‘ra oftobdan to‘yingan uzumlar shirin ekan.
— Uzum ham alohida e’tibor va parvarish talab etadi, — deydi sohibkor. — o‘g‘itlarni, suvni vaqtida va me’yorida bersangiz, ortiqcha barg va toklarni olib tursangiz, hosil mo‘l va mazali bo‘ladi.
Sohibkorning uzumchilik haqidagi qimmatli ma’lumotlarini qulog‘imizga ildik-da, yana yo‘lga tushdik.
***
Oltinsoy tumani nafaqat uzumlari bilan, balki go‘zal tabiati, ajoyib iqlim sharoiti, ob-havosi, muqaddas qadamjolari bilan ham e’tiboorimizni tortdi. “Uzum sayli” festivali bahona Oltinsoy tumanini yangidan kashf etdik va ulug‘ avliyolar yashab o‘tgan maskanlarni ziyorat qilish imkoniga ega bo‘ldik. Yo‘limiz osmonlarga tutash to‘g‘larga ulanar ekan, yuqoriga ko‘tarilganimiz sayin havo salqinlashib bordi. Olis tog‘li hudud sanalmish qishloqda ham hayot qaynayapti. Alp o‘g‘lonlar uy solyapti. Kelin-qizlar issiq nonni tandirdan uzib olyapti. Dimog‘imizga issiq non isi uriladi. Yo‘l bo‘ylab dalada javlon urib ishlayotgan mehnatkashlarni, maktabdan o‘ynab, chopib qaytayotgan o‘g‘il-qizlarni kuzatib, Vaxshivor qishlog‘ida joylashgan, islom olamida katta obro‘ qozongan Mavlono Muhammad Zohid ziyoratgohiga kelib qolibmiz. U zoti oliyga qurilgan maqbara muqaddas ziyoratgohga aylangan. Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhining nabiralari, ya’ni qizlarining o‘g‘li bo‘lgan Xoja Muhammad o‘z zamonasida ilm va taqvoda tengsiz zot sifatida ta’riflanadi. Buyuk allomaning betakror tabiat manzaralariga boy tog‘li go‘shada mangu qo‘nim topgan so‘lim maskani obod ziyortgohga aylangan. Muqaddas bu joyni nafaqat mamlakatimiz balki, butun musulmon olami dunyosi davlatlaridan kelayotgan sayyohlar ham ziyorat qilib, ul zot bilan g‘oyibona suhbatlashishga, ma’naviy ozuqa olishga oshiqadi.
Purviqor tog‘lar qo‘ynidagi bu tumanda yana bir ulug‘ zot So‘fi Olloyor hoki qo‘yilgan maqbaraga yo‘limiz ulandi. XVII asr tasavvuf ilmining bilimdoni va shoir Soʻfi Olloyor Buxorodagi Joʻybor shayxlari dargohida taʼlim olgandan soʻng, murid ovlab Vaxshivorga kelgan va bu qishloqni maskan tutgan.
Alloma islom ma’rifatini keng xalq orasiga yoyib, tasavvufning insoniy kamolot bilan bogʻliq gʻoyalarini targʻib-tashviq qilgan. Masjid 1713-yilda qurilgan va ikki tomoni ayvon va qoʻshimcha xonalardan tashkil topgan. Xonaqoh va ayvon tomi toʻsin bilan yopilgan. Shimoliy-sharqiy tomoni hashamatli boʻlib, mehrobsimon ravoqlar ishlangan. Eshiklar tepasidagi tabadonlar ganchkori panjaralar bilan bezatilgan. 1961-yildagi ta’mir davrida ustunlari va deraza panjaralari qayta ishlangan. Masjid hovlisida Soʻfi Olloyor davrida ekilgan tut koʻkarib turibdi. Katta Vaxshivor mozorida Soʻfi Olloyorning qabri bor, ammo qaysi ekani (uning vasiyatiga ko‘ra) maʼlum emas. So‘fi Olloyorning avlodlari hali ham hayot va ular bobokalonining ruhlarini shod etish maqsadida masjidda xizmatda. Ziyorat paytida qo‘llar duoga ochilib, allomaning ruhi poklariga Qur’on tilovat qilindi. So‘fi Olloyorning sakkizinchi avlodi Obidjon Azimovdan bobokaloni haqida qimmatli ma’lumotlari, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan voqealarni tingladik.
***
Uzum sayli bergan taassurotlardan ruhlanib, ruhimiz tetiklashib, ziyoratdan yana festival bo‘layotgan Xo‘jaipok sanatoriysi tomon yo‘l oldik.
Aytish kerakki, uzumning besh mingdan ortiq turi bor va u shifobaxsh ne’mat sifatida qadrlanadi. Buyuk ajdodimiz Ibn Sino uning xom va pishgan mevasi bilan ko‘plab kasalliklarni davolagan. Ayrim kasallarni davolashda uzum sharbati, bargi va sirkasidan ham foydalangan. Abu Rayhon Beruniy bobomiz esa uzum poyasini kesganda oqib tushadigan suvining juda shifobaxsh ne’mat ekanini yozib qoldirgan. Poyasidan efir moyi olingan. Mahalliy ishbilarmonlar esa uzumdan mayiz va shinni tayyorlash bilan birga vino va uzum sharbati ham tayyorlashni yo‘lga qo‘yishgani sohadagi muhim va e’tirof etish lozim bo‘lgan jihat. Vohamizda quvvati 12 ming 500 tonna bo‘lgan 9 ta uzumni qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, qayta ishlash korxonalarining 5 tasi Oltinsoy tumanida joylashgan. “Sulton sharbati”, “Musallas” agrofirmalari, “Ilhom Nodir” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Oltinsoy uzum sharbatlari”, “Polvontosh” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida ishlab chiqarilayotgan vino va sharbatlar o‘z xaridoriga ega ekani bunga misol bo‘la oladi. Jumladan, “Sulton sharbati” agrofirmasida ishlab chiqarilayotgan vino mahsulotlari Yaponiya, Rossiya va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Ayni ko‘rgazmada ham mahalliy ishbilarmonlarning brendi ostida chiqayotgan vino mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Uzum sayli davomida ana shu vinolarning degustatsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Uzum sayliga kelganlar ushbu vinolarning taqdim etilgan 16 xil turidan tatib ko‘rishdi va baho berishdi.
Vino mahsulotlarini qo‘yib berib, u haqida ma’lumot berayotgan mutaxassisning tavsiyalariga amal qilgan degustatorlar haqiqiy vinoning mazasi qanday bo‘lishini mahalliy brend ostida chiqayotgan vinolar orqali bilishdi, tanishishdi.
Degustatsiya jarayonida bildikki, bu vinolar tabiiy mahsulotlardan tayyorlanib, mutlaqo spirtsiz. Qolaversa, shifobaxshligi, qonni ko‘paytirishi bilan ahamiyatli. Vinoning turlari ko‘p, bu turlar uzum xomligida, endi pishganida va mayiz holidaligida ham olinar ekan. Har qaysi holatda tayyorlanadigan vinolarning ta’mi ham turlicha bo‘lar ekan.
Ha aytgancha, “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi orqali xorijga uchayotgan yo‘lovchilarga ayni Oltinsoyda ishlab chiqarilayotgan vinolar tortiq qilinadi.
“Sulton sharbati” agrofirmasi rahbari Ikrom Sultonov o‘zining tadbirkorlik faoliyatida tashlagan ilk odimlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Oltinsoyda mo‘l va serob bo‘ladigan uzumdan sifatli va tabiiy usulda vino va sharbatlar ishlab chiqarishni maqsad qildi va xorijning Bolgariya, Vengriya kabi davlatlariga borib, ish o‘rgandi, tajribasini oshirdi. Italiyadan kerakli asbob-uskunalarni olib kelgach, “Sultan” brendi ostida vinolar ishlab chiqara boshladi. Bu vinolar bugun o‘z ta’mi va mazasi bilan sevimli va o‘z muxlislariga ega mahsulotga aylangan.
Ikrom Sultonov Italiyaga ishlab chiqargan mahsulotidan olib borganda degustator “Sultan” vinosidan ichib, ko‘zlarini bir muddat yumib, jim qolganini va oxiri:
—Men yurtingizda, O‘zbekistonda bo‘lmaganman, ammo vino orqali O‘zbekiston havosini, quyoshining taftini, tuprog‘ini hidini, uni tayyorlayotgan muhandisni his qildim, — deya eng yaxshi ta’rifni bergan ekan.
Bunday fikrlar nafaqat MCHJ rahbarini, balki uni tinglayotgan bizni, festival ishtirokchilarini-da ta’sirlantirdi. Yurtimizdan, unda yetishtirilayotgan ne’matlardan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘ota oldi.
***
Degustatsiyadan so‘ng, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda “Uzum sayli” festivalini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad va muddaolar, tumanning turistik faoliyatini yanada ommalashtirish borasidagi fikr va mulohazalar haqida to‘xtalib o‘tildi.
“O‘zbekistonda uzumchilik istiqbollari” mavzuida soha mutaxassislarining qiziqarli ma’ruzalari tinglandi. Albatta, soha vakillari o‘zaro tajriba almashishlari kelgusida sohani yanada rivojlantirishga asos bo‘lishiga xizmat qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, tashkil etiladigan mana shunday tadbirlar, sayllar-u festivallar uzumchilikda tajriba almashishga, tuman turizmini rivojlantirishga, uzumchilik, uni qayta ishlashni ommalashishiga imkoniyat yaratadi. Bu esa faqat va faqat tuman ahlining hayotini farovonlashtirishga, shart-sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Samoda shafaqning ranglari quyuqlashayotgan bir pallada “Uzum sayli” festivalining bayram dasturi boshlanib ketdi. Surxondaryo viloyati hokimi o‘inbosari Jo‘rabek To‘rayev festivalni ochib berdi va barchani Surxon zaminida o‘tkazilayotgan yana bir ajoyib tadbir – “Uzum sayli” respublika festivalining tantanali ochilishi bilan chin yurakdan tabrikladi.
Mehmonlarga, sohaning yetuk mutaxassislari va shijoatkor sohibkorlarga elimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan mashaqqatli, ammo ezgu ishlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
— Mana, bugun kun davomida “Uzum sayli”da qatnashib, tumanda uzum parvarishlash sirlari bilan tanishdingiz, — dedi J.To‘rayev. — Ko‘rgazma maydonida viloyatimizda yetishtirilayotgan uzumlardan totib ko‘rdingiz. “O‘zbekistonda uzumchilik istiqbollari” mavzuidagi seminarda yetuk olimlar va soha mutaxassislarining qiziqarli ma’ruzalarini tinglab, o‘zaro tajriba almashdilaringiz. Albatta, bu kelgusida sohani yanada rivojlantirib, Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishiga ishonaman.
Viloyatda uzumchilikni yanada yuksaltirish, sohibkorlarning boshini bir joyga qovushtirib, ularning o‘zaro tajriba almashishi uchun qulay muhit yaratish va tumanning turizm salohiyatini keng namoyish etish maqsadida o‘tkazilgan festival doirasida “Eng shirin uzum-2022”, “Eng mazali uzum sharbati-2022”, “Eng katta bosh uzum-2022”, ”Eng shirin mayiz-2022” nominatsiyalari bo‘yicha ko‘rik-tanlovning g‘oliblari munosib taqdirlandi.
Shundan so‘ng, navbat viloyatdan tashrif buyurgan san’atkorlarga berildi. Ajib navolar, dilrabo kuy-qo‘shiqlar festivalga bayramona ruh, ajib kayfiyat ulashdi. Barcha dildan raqsga tushib, xursandchilik qildilar.
Sayyora ALLAYEVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV,
(FOTO)