Yer xususiy mulkka aylanmoqda. Bu amaliyot esa ijaraga yoki vaqtinchalik foydalanib turgan yer maydonlarini xususiylashtirish imkonini beradi. Buning uchun o‘zingizga ma’qul yer maydonini tanlab, auksion orqali sotib yoki ijaraga olishingiz mumkin. Mazkur huquqlar qonun va hukumat qarori bilan kuchga kirgani aholi va ishbilarmon vakillari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Maqsad e’tiborsiz qolgan, bo‘sh va foydalanilmaydigan yer maydonlarini obod qilishga, daromad ko‘rishga sabab bo‘ladi.
Ko‘pchilikda qiziqish va savollar paydo qiladigan ayni mavzudagi qonun va hukumat qarori bo‘yicha joylarda tushuntirish ishlari, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borilmoqda. Termiz shahridagi yoshlar markazida ham Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida “roadshow” tadbiri o‘tkazildi. Unda tuman va shaharlar hokimlari o‘rinbosarlari, aloqador tashkilot va korxonalar rahbarlari, hokim yordamchilari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
“Roadshow” ommaviy savdolarga kiritilgan va kelgusida kiritilishi rejalashtirilgan bino-inshootlar hamda yer uchastkalari, bo‘sh turgan bino-inshootlarni ijaraga berish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma va taqdimotlar bilan boshlandi. Tashrif buyurganlar yer maydonlari, bo‘sh turgan bino va inshootlar haqida qiziqdilar. Mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan masalalarda ma’lumotlar olishdi.
Shundan so‘ng, “roadshow”ning ochilish marosimi boshlandi. Surxondaryo viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari F.Mamanov, Davlat aktivlari agentligi direktori o‘rinbosari A.Miraliyevlar so‘zga chiqib, keyingi yillarda xususiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash masalalari yuzasidan ma’lumotlar berishdi hamda korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushi va aktivlarini xususiy investorlarga sotish, iqtisodiyotda xususiy mulkning darajasi va rolini tubdan oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi.
Bunday islohotlar shubhasizki, aholi turmush darajasini yaxshilaydi. Ishbilarmonlik muhitini yaratadi. O‘z navbatida sarmoyadorlarning davlat mulkini xarid qilish va bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanishga nisbatan ishtiyoqini oshiradi. Viloyatda 130,1 milliard so‘mlik davlat mulki obyektlari xususiylashtirilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 52,1 milliard so‘mlik davlat aktivlari sotildi.
Prezidentimizning 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin.
Tadbirda yer uchastkalarini xususiylashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, bo‘sh turgan obyektlarni ijaraga berish, ijara shartnomalari va ijara summalari haqida ma’lumotlar berildi. Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman, shahar hokimining yordamchilari uchun “E-auksion” elektron savdolari orqali barcha turdagi mulklarni xarid qilish va bino-inshootlarni ijaraga olish tartiblarining taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimot ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob berildi. Yer uchastkasini xususiylashtirib olgan bir guruh fuqarolarga egalik qilish huquqini beradigan orderlar topshirildi.
–5-6 yildan beri 9 sotix yer maydonida ekin ekib, daromad ko‘raman. Yer maydonlari xususiylashtirilishi haqidagi yangilikni eshitib, yer uchastkamni xususiy mulk qilib olish uchun ariza topshirdim, — deydi Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Qumqishloq” mahallasida yashovchi Mamayusuf Safarov. – Auksionda ishtirok etdim. Buni qarangki, bugun tashkil etilgan tadbir bahona foydalanib kelayotgan yer maydonimga egalik qilish haqidagi orderni qabul qilib oldim. Endi bu yer mening xususiy mulkim, istasam, kredit olish uchun garovga ham qo‘yishim mumkin ekan.
“Roadshow” doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bo‘sh turgan davlat obyektlarini investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatda xususiylashtirib olib, o‘z biznesini yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari va elektron savdoga chiqarilgan bo‘sh turgan bino-inshootlarga press-tur uyushtirildi.
Birinchi manzil “Surxondaryo agroxizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati joylashgan bino bo‘ldi. MChJ Termiz shahridagi mexanika zavodining bino-inshootini 21 million YEVRO investitsiya kiritish majburiyati bilan “nol” xarid qiymatida sotib olgan ekan. Jurnalistlar korxonaning ish jarayonlari bilan tanishdi.
Viloyat markazidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining eski binosiga qadam ranjida qilsangiz, oldingi qiyofadan asar ham qolmaganiga guvoh bo‘lasiz. Eski bino ham investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida savdoga chiqarilgan va “Oravit keramik” mas’uliyati cheklangan jamiyati 1 million 850 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan xususiylashtirib olingan. Eski inshoot o‘rnida zamonaviy korxona uchun yangi bino barpo etilgan va birinchi bosqichida maishiy va dekorativ keramik buyumlar ishlab chiqarilmoqda.
Korxona rahbari Samariddin Sultonov loyihaning ahamiyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati, korxona quvvati, narxining xamyonbopligi va raqobatbardoshligi haqida so‘zlab berdi. Pres-tur ishtirokchilari maishiy va dekorativ keramik buyumlar ishlab chiqarish jarayonini tomosha qildilar.
Mazali taomlari va shirinliklari bilan dovruq qozongan sobiq “Lola” restaranining esa oldingi salobati-yu hashamatidan asar ham qolmagan. Shunchaki it-mushuklar makon tutgan, cho‘pon bolalar podasini olib kelib o‘tlatadigan tashlandiq joyga aylangan. Viloyat hokimligi balansidagi ushbu bino yer maydoni bilan 3 milliard 824 million 194 so‘mga elektron savdoga qo‘yilgan. Pres-tur bahona ushbu obyektga odam qadami yetgan edi. Surxondaryosi bo‘yida joylashgan katta yer maydoni va binoni obod qilsa, kapital rekonstruksiya qilinsa bormi, tadbirkorlik qilib, mo‘may daromad keltiradigan joyga aylanishiga shubha yo‘q. Qiymati o‘zini oqlaydigan bu obyektning narxi tadbirkorlarni biroz cho‘chityapti shekilli, haligacha o‘z egasini topmagani yomon. Ammo, bu obyekt kimnidir qiziqtirib, qandaydir loyihalarni o‘ylab qo‘ygan bo‘lsa, maqsaddan voz kechmaganlari ma’qul. Sababi auksionga qo‘yilgan obyekt yoki yer maydoni ma’lum muddatgacha sotilmasa, qayta xatlovdan o‘tkaziladi va narxi arzonlashtirib, yana auksionga qo‘yiladi. Bu ham mablag‘ tikib, tashabbus ko‘rsataman deguvchilar uchun yana bir imkoniyat.
S.Normurodova,
N.Muhibulloyev,
(foto)