Surxon vohasida ilk bora “Anor festivali” bo‘lib o‘tishi haqidagi xushxabar nafaqat respublikamiz, balki qo‘shni hamda xorij davlatlarida ham katta qiziqisish uyg‘ota oldi. Mevalar shohi anor daraxtining ildizidan bargigacha, mevasidan po‘stlog‘igacha kon-u foyda ekani uchun ham sifatli, shifobaxsh, arzon anorlarni xarid qilish har bir davlat va uning ishbilarmonlari uchun manfaatli. Ayni maqsadlarni ko‘zlagan holda tashkil etilgan festivalda ishtirok etish maqsadida erta tongdan Termiz aeroportida mehmonlar kutib olindi.

“Anor festivali”ga mezbonlik qilayotgan Sherobod tumanida esa o‘zgacha tayyorgarlik, bayram shukuhi hukmron. Mahalliy aholi, yosh-u keksa tumandagi “Sherobod anor impex” MChJ hovlisi tomon oshiqyapti.
“Sherobod anor impex”da katta to‘y, shodiyona tantanalari boshlanib ketgan. U yerga qadam ranjida qilishingiz bilan surxoncha liboslar ila o‘ziga zeb bergan yigit-qizlar sizni qarshi oladi. Karnay-surnay sadolari ostida qizil yo‘lakdan ichkariga odimlar ekansiz, Farg‘ona viloyatining siz-u bizga ma’lum-u mashhur Quva anorlari zeb bilan taxlangan ko‘rgazmaga ko‘zingiz tushadi. Quva anorlarining dovrug‘ini eshitib, o‘zini totmaganlar uchun ushbu ko‘rgazma eng yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Sababi Quva anorlarining o‘zi surxonliklarni izlab kelgan-u, mazasini ko‘z-ko‘z qilayotgandek edi. Vodiylik bog‘bon-u fermerlar ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarni Quva anorlari bilan siylayapti. Hajmi kichik, po‘stlog‘i danagidek qip-qizil anorlarning mazasi tilni yoradi. Ta’mini totgan borki, bay-bay demay, boshini saraklatmay keta olmaydi.

Quvaliklar anorchilikdagi boy tajribasini takomillashtirib, sohada yangi bosqichga qadam qo‘yishganini to‘lqinlashib so‘zlashdi. Quvada mirishkorlar anorning antiqa – ichida urug‘i yo‘q navini yetishtirishibdi. Mazasi boshqacha shirin ekanini aytishdi-yu, tatib ko‘rish uchun Quvaga taklif etishdi.
Quvaning anorlaridan keyin Qashqadaryoning anorlari marjondek tizilib turibdi. O‘ziga xos ta’m va ko‘rinish bobodehqon-u bog‘bonlarning mashaqqatli mehnatining mevasi sifatida maqtov va go‘zal ta’rif-u tashbehlarga munosib bo‘lib turibdi. Qashqadaryoliklar nafaqat tajribali bog‘bon, balki yaxshigina tadbirkor, Sherobod anorlarining xaridori ham. Tonna-tonna anorlarimizni xarid qilib, xorij davlatlariga eksport qilishda ham ularga yetadigani yo‘q. Shu sababdan ham Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining anorlari ham o‘xshash, mazasi va ko‘rinishi egizakdek.

Yo‘lingiz Surxondaryo viloyatining tumanlari tomonidan tuzalgan ko‘rgazmalarga ulanadi. Anorchilikda Muzrabot ham qo‘shni tumandan qolishmaydigan anorlarini ko‘z-ko‘z qilayotgan bo‘lsa, bu ishni endigina boshlab, 2000 gektarli anorzor tashkil etgan qiziriqliklar ham kaftingizni to‘ldirgulik anorlari bilan kelgan.
Festivalda eng mazali, eng katta anorlar tanlovi bo‘lishi haqidagi mish-mishlar yodimizga tushib, eng katta anorlarni qidirishga tushdik. Izlovimizga “labbay” degandek qarshimizdan chiqqan eng katta anorlarni sherobodliklar parvarish etgan ekan. Haqiqatan ham ko‘rganda e’tiborni tortgulik anorlarning hajmi bu qadar katta bo‘lishining sababi, siri nimada ekaniga qiziqdik. Albatta, bog‘bon otaxondan buning sirini so‘roqlaganimizda anorlarini taxlab qo‘yayotgan fermer Yunus Rasulov shunday dedi:

— Anorning navlari bir qancha bo‘lib, biz uchun eng asosiysi “Toshqo‘rg‘on” navidir. U kattaligi, sersuvligi hamda mazasi bilan boshqa navlardan farq qilib turadi. Anorning sifatli, yeyishli bo‘lishi unga ozuqa berish, vaqtida suvlash, ximikatlar, mineral o‘g‘itlar bilan dorilashga bog‘liq. Vaqtida berilgan qarov natijasida anor kutilgan natijani berib, 1,5, va hatto 2 kilogramgacha vazn bosadi. Bugungi sayl bizga o‘z dalalarimizda yetishtirgan, peshona terimiz, mehr qo‘rimiz singgan anorlarni namoyish qilish sharoitini yaratib berdi. 45 yildan beri anorchilik bilan shug‘ullanib kelmoqdaman. Albatta, Sirdaryo, Quva va boshqa hududlardan anorlar olib kelib ekkanmiz. Biroq, ularning hech biri bizning yerimizdan o‘sgan anorchalik natijadorlikka ega bo‘lmagan.
Tajribali fermerning aytganlarini qulog‘iga tumordek ilib olayotgan yoshlarning aytishiga qaraganda, ular ham anorchilikda o‘ziga yarasha yutuqlarga erishgan ekan. Buyog‘ini aytsak, ehhe, Sherobod tumanida har bir mahalla, har bir oila anor yetishtiradi. Sabab esa bu hududning quyoshida toblangan anorlar 7-8 oygacha o‘zining sifatini, mazasini yo‘qotmay turishida. Bu holat, shubhasizki, mevaning “transportable”, ya’ni eksportbop ekanligini ta’minlab beradi.

Uvaysiyning “Ul na gumbazdur eshigi-yu tuynigidin yo‘q nishon…” jumlasini eshitiboq sevib iste’mol qiladigan “gumbaz”dan iborat anorning festival davomida o‘zimiz bilmagan turfa turlaridan, navi, parvarishi, barcha-barchasidan xabardor bo‘lib oldik. “Achchiq dona”, “Desertniy”, “Kazake-nav”, “Kzil uluchshenniy” kabi navlardan tatib ko‘rish u yoqda tursin, ko‘pchiligimiz nomini ham eshitmagan bo‘lsak kerak. Ularning har biriga o‘ziga yarasha qarov, quyosh tafti-yu, qulay shart-sharoit kerak, albatta.
Milliylikni, dehqon-fermerlarning mehnatini yaqqol namoyish etuvchi ko‘rgazmalardan so‘ng, mehmonlar rasmiy ochilish marosimiga kuzatib qolindi. Respublikamizda birinchi marta tashkil qilingan “Anor festivali”ning ochilish marosimi ham o‘ziga xos tarzda, a’lo kayfiyatda boshlandi. Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov barcha festival qatnashchilarini, fermerlarni qutlab, davlatimizning eng janubiy hududi, Surxon vohamizning anorchilik sohasida erishgan yutuqlariga, ayniqsa, Sherobod tumani bu yo‘nalishda ilg‘or ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

—Bugun viloyatdagi anor bog‘larining 5 852 gektari aynan shu tumanda ekani, o‘tgan yili viloyatda yig‘ib olingan anor mevasining deyarli 15 ming tonnasi shu tuman bog‘bonlarining hissasiga to‘g‘ri kelgani ham bunga yaqqol dalildir, — deydi Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov. — Tumandagi bog‘larning 3475 gektari keyingi yillarda barpo etilgan yosh anorzorlar ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, yaqin yillarda sherobodliklar yillik anor ishlab chiqarish quvvatini 100 ming tonnaga yetkazish imkoniyatiga egadir. Xususan, kelgusi yil bahorda viloyat bo‘yicha 3114 gektar maydonda yangi anor bog‘lari barpo etiladi. Shundan 1655 gektari esa Sherobod tumanida tashkil qilinadi.
Hech shubhasiz, biror tizim yo‘qki, nazariyaga asoslanmasa. Ilmsiz, yangilik, kashfiyotsiz sohada rivoj, o‘zgarish bo‘lmaydi. Anorchilik sohasi ham bundan holi emas. Soha doirasida chuqur bilimga ega, professor, fan doktori Alisher To‘rayev rivojlanish yo‘lida, mevaning yanada xaridorgir bo‘lishi xususida bosh qotirib kelmoqda.

—Dunyo bozoriga danaksiz anor yetkazish hozirda bizning oldimizda turgan eng asosiy, dolzarb muammolardandir, — deydi fan doktori Alisher To‘rayev. — Bundan tashqari xorijga mahsulot chiqararkanmiz, shubhasiz, birinchi navbatda ularning talab darajasini o‘rganishimiz zarur. Yirik-yirik anorlar ko‘zni quvnatishi tabiiy. Ammo, chetga chiqarilganda ko‘pincha ularning ixcham turlari, 200-300 gramliklari ma’qul ko‘riladi. Ularga bo‘lgan talab ham xorijda ancha yuqori.
Anorchilik assotsatsiyasining raisi, tinim nimaligini bilmaydigan Mastura Sayfuddinova butun festivalning yo‘nalishini, kelajakdagi rejalariga ochilish marosimi davomida alohida urg‘u berib o‘tdi. Assotsatsiyaning oldiga qo‘ygan maqsadi bir qator bo‘lib, ular ichida qishloq xo‘jaligining holatini o‘rganish, anor yetishtiriluvchi maydonlarning hajmini oshirish, maydonni yanada kegaytirishdir. Festival mamlakatimiz anor yetishtiruvchi tadbirkorlar va dehqonlarni birlashtiribgina qolmay, o‘zaro tajriba almashish uchun ham keng imkoniyat yaratdi. Buning ustiga xorijdan tashrif buyurgan mehmonlar ham so‘zga chiqishib, o‘zaro hamkorlik qilishdan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Ochilish marosimi Surxondaryo viloyati hokimi, viloyatlardan hamda xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarning tashkil qilingan ko‘rgazmalarning tomoshasiga, mevaning va tabiiy anor sharbatining degustatsiyasiga ulanib ketdi.

Anorchilikda, uning istiqbollari uchun albatta, O‘zbekistonning turli go‘shalarida soha bilan mashg‘ul fermer-u bog‘bonlarning, mutaxassislarning bilimlari, tajribalari birlashtirilsa, tizimda yanada yuqori natijalarga erishish mumkin. “Anor festivali”ning ochilishidan so‘ng “O‘zbekistonda anorchilik va uning istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman boshlandi. Seminarda so‘zga chiqqan mutaxassislar yurtimizda anorchilikni rivojlantirish, anorni qayta ishlash haqida to‘xtalibgina qolmay, mahsulotni sotish, marketingini to‘g‘ri tashkil etish, jahon bozoriga anor importi, O‘zbekiston eksporti borasida ham qimmatli ma’lumotlar berib o‘tishdi.
Anorchilikda yaxshi natijaga erishish uchun avvalo mevalar shohini maxsus navlari va ko‘chatlarini ekish lozim. Seminar davomida bu bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tildi. Xullas anor ko‘chatini ekish, parvarish qilish, meva tugib, hosil yetilgungacha bo‘lgan holatdagi jarayonlar, agrotexnik ko‘mak ishlari xususida so‘z bordi.
— Anor mehnat talab qiladigan, suvni yaxshi ko‘radigan meva, — deydi sherobodlik anorchi Faxriddin Xo‘shmonov. — Shu sababdan ham bahor, yoz oylarida tinim bilmaymiz. Daraxtga tinimsiz ishlov beramiz. Qurtga, shiraga qarshi dorilaymiz. May oyining boshida mevalarga qog‘oz o‘rab, kerakmas shoxlarini olamiz. Vaqtida suvlaymiz. Aks holda daraxt anor bermaydi.

Ha aytgancha, anorning sersuv va mazali bo‘lishi uchun vaqti-vaqti bilan suvlash, kerakli oziq moddalari bilan ta’minlab turish shart. Vaqtida suv ichmagan anorlar yaxshi yetilmaydi, po‘sti qotib qolib, mevasi kattarmaydi. Har qanday sharoitda ham tonnalab anor yetishtirib, xalqqa, ortiqchasini eksportga yo‘naltirayotgan fermer-u dehqonlarning xizmati tahsinga sazovor, albatta.
O‘zining 30 so‘tix yer maydonida 450 tup anor daraxtidan yiliga 50-60 million so‘m mablag‘ foyda ko‘rib, anorchilik ortidan ro‘zg‘or tebratayotgan Faxriddin Xo‘shmonovning festivaldan ko‘zlagan umidlari katta. U yetishtirgan anorini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishni, eksport qilishni istaydi. “Ana shundagina anor yetishtirgan fermer-u bog‘bonning mehnati munosib baho topgan bo‘larmidi”, deydi F.Xo‘shmonov.

Festivalga tashrif buyurganlar anorni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib chiqishdi. Qiymati 1 million dollarlik zamonaviy texnologiya o‘rnatilgan “Sherobod Anor Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi anorning ta’mini, rangini, og‘irligi-yu po‘stining qalin yoki yupqaligini aniqlash hamda turlarga ajratilgach, eksportbop qilib qadoqlash dastgohlari bilan jihozlangan. Ikkinchi navga ajratilgan mevani qayta ishlab, tabiiy sok oladigan korxona, xomashyo va tayyor mahsulotni saqlaydigan yirik omborxonalar ham bunyod etilgan. Eng muhimi, anor mevasidan sharbat olish jarayonida uning shifobaxsh, foydali jihatlari sof holicha saqlab qolinadi. Korxonaning holati sohaning kelajak istiqboli qay darajada ekanligini so‘zsiz isbotlab turibdi.
Shubhasizki, “Anor festivali”dan ko‘zlangan maqsad katta. Buni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari, respublika hamda viloyat teleradio kompaniyalari, boshma nashrlar vakillari-yu blogerlar festivalda bo‘layotgan voqea-hodisalarni, yangiliklar tafsilotlarini jarayonning o‘zida efirga uzatishdi. Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib borishdi. OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumani esa festivaldan ko‘zlangan maqsad va muddaolar, kelajakdagi vazifalar haqida ma’lumot berish bilan boshlandi. Assotsiatsiya raisi, fermerlar va chet ellik mutaxassis-ekspertlar bu borada atroflicha to‘xtalib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

—Bu kun tarix zarvaraqlaridan joy olishini sezib turgan bo‘lsangiz kerak, —deydi assotsiatsiya raisi Mastura Sayfuddinova. Biz katta maqsadlar bilan, ya’ni Rspublika anorchilarini birlashtirish, anorchilar manfaatlarini himoya qilish, sohani yanada rivojlantirish, anorning yangi navlarini ommalashtirish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yo‘lida festival tashkil qildik. Umid qilamizki, festival ko‘zlangan maqsadiga erishib, bu kun har yilgi an’anaga aylanadi.

Festivalning yakunlovchi qismida “Eng mazali anor navi”, “Eng katta anor”, “Eng mazali anor sharbati”, “Eng chiroyli tozalangan anor” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ularga estalik sovg‘alari topshirildi. “Eng chiroyli tozalangan anor” nominatsiyasi bo‘yicha Sirdaryo viloyatida joylashgan “Teodors” korxonasi vakillari, “Eng katta anor” nominatsiyasi bo‘yicha 1,5 kilogramlik anori bilan Surxondaryo viloyatidan Muhiddin Abdurahmonov, “Eng mazali anor navi” nominatsiyasida esa Namangan viloyati “Toshloq agrologistik” korxonasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Taqdirlash jarayonida faqatgina nominatsiya g‘oliblarigina emas, balki mas’ul tashkilotlar, barcha viloyat vakillari, qolaversa, Surxondaryo viloyatidan mehnati bilan e’tirof-u e’tiborga sazovor bo‘lgan tumanlar fermerlari ham munosib rag‘batlantirildi.

“Anor festivali” bu soha istiqboliga tashlangan ilk muhim qadamdir. Bu qadam, bu tashabbus anorchilikni rivojlantiribgina qolmay, uni sotish, eksport qilish, yangi navlarni yaratish, bilim, ko‘nikma va malakalarni almashishda ham katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Fermer-u dehqonlar mehnati munosib baholanishida, agrar sohada yangi bosqichlarni boshlab beradi.
Dildora OTAQULOVA,
Sayyora ALLAYEVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV,
“Surxon tongi” muxbirlari