“Anor festivali”ga puxta hozirlik ko’rildi

Date:

Yer yuzidagi eng foydali mevalardan biri shubhasizki, bu anor. Qadimdanoq mevalar shohi sifatida sevib iste’mol qilinishida ham uning foydali xususiyatlari sababdir. Tarkibida turli-tuman vitaminlar, biriktiruvchi to‘qimalar, mikroelementlar mavjud anorning po‘stlog‘i va ildizlari ham shifobahsh. Qolaversa, barglarini damlab ichish mumkin bo‘lsa, quritilgan anor gullari hushtam choy kabidir.
Qip-qizil anor donalari esa mineral, vitamin va aminokislotalar xazinasidir. Har kuni pir piyola anor sharbatini ichish qonni tozalash va yangilashga yordam beradi. Yurak-qon tomiri tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, immunitetni mustahkamlaydi, shamollashning oldini oladi. Anor sharbatini organizmning sillasi quriganida, kamqonlikda, aterosklerozda, nafas olish yo‘llari infeksiyalarida, bronxial astmada, anginada, radioaktiv nurlanishida ichish tavsiya etiladi.
Tabiiy anor sharbatiga biroz suv qo‘shish lozim, chunki uning tarkibidagi kislotalar tish emalini yemirishga qodir. Shuningdek, anor ishtahani ochadi, uning urug‘lari esa yurak mushaklarini mustahkamlaydi.
Anorning jahonda 500 dan ortiq turi parvarishlanadi. O‘zbekistonda esa 30 dan ortiq navi yetishtirilmoqda. Ayniqsa, anorchilikda, Surxondaryo viloyati, xususan Sherobod tumanining o‘z tajriba maktabi bor. Tan olish kerakki, Sherobod tumani tuprog‘i, iqlimi va suvi bilan ham anor yetishtirish uchun qulay muhitga ega. Qayga boqmang, anorzorlarga, shoxlari mevasini bazo‘r ko‘tarib turgan anor daraxtlariga ko‘zingiz tushadi. Sherobodlik dehqon va fermer xo‘jaliklari qariyb ming gektar, aholi tomorqasida esa 3 400 gektardan ortiq maydonda anor parvarishlanayotganidan bilish mumkinki, tuman nafaqat viloyat ahlini, balki butun respublikani anor bilan ta’minlash quvvatiga ega. Qolaversa, ko‘pgina davlatlarga ham eksport qilinayotgani bilan ahamiyatli.
O‘tgan yilning o‘zida yana 1 200 gektardan ziyod maydonda yangi anorzorlar barpo etildi. “Sherobod Anor Impex” mas’uliyati cheklangan jamiyati bir million dollar mablag‘ evaziga anor mevasini saralab qadoqlaydigan va tabiiy sharbat ishlab chiqaradigan zamonaviy korxona bunyod etdi.
Anorchilikdagi boy tajriba Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “O‘zbekiston anorchilar kuni” respublika festivali o‘tkazishga sabab bo‘ldi, deyish mumkin. Yevropa Ittifoqi komissiyasi, Jahon banki, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan tadbirda xorijlik va mahalliy mutaxassislar, mamlakatimizning barcha hududlaridan anor yetishtiruvchilar ishtirok etadi.
Viloyatda festivalni yuksak saviyada o‘tkazish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Sherobod tumanidagi “Sherobod Anor Impex” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida mamlakatimizda yetishtiriladigan anor ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Bu orqali zamonaviy yangi korxonaning ish jarayonlari bilan tanishish imkoni tug‘iladi. Qolaversa, “O‘zbekistonda anor yetishtirish va uni qayta ishlash istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan.
Festival Sherobodda anor parvarishlaydigan eng tajribali bog‘bonlarning ish usullari bilan yaqindan tanishtirish, yurtimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlarning o‘zaro tajriba almashishi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
– Xorijliklar ishtirokida ilk bora tashkil etilayotgan mazkur festival mamlakatimizda anor yetishtiruvchi tadbirkor va bog‘bonlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirish, o‘zaro tajriba almashishi, anorchilikning istiqbollari va sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishi uchun qulay imkoniyat bo‘ladi, — deydi O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi raisi Mastura Sayfitdinova. — Shu bois festivalni anor yetishtiruvchilar uchun bayramona ruhda o‘tkazish chora-tadbirlarini belgilab, puxta tayyorgarlik ko‘rdik.

Surxon zaminiga festival mehmonlarini kutib olish, joylashtirish va sifatli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ham alohida hozirlik ko‘rilgan. Mehmonlar uchun Termiz shahri va Sherobod tumanidagi o‘nga yaqin mehmonxona taxt qilib qo‘yilgan va sifatli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilangan.
Festival o‘tkaziladigan hududlar xaritasi ishlab chiqilib, katta ekranlar o‘rnatildi. “Wi-Fi” nuqtalari tashkil etildi. surxondaryoga kelgan har bir mehmon shunchaki kelib-ketmasligi kerak. Shu maqsadda ishtirokchilarning bo‘sh vaqtida vohadagi tarixiy obidalarni ziyorat qilishi, arxeologik yodgorliklar va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishishi ham inobatga olingan.
“Anor festivali”da mehmonlar zerikib qolmaydi, “Eng mazali anor navi”, “Eng katta anor”, “Eng mazali anor sharbati”, “Eng chiroyli tozalangan anor” kabi nominatsiyalar bo‘yicha tashkil etiladigan ko‘rik-tanlovlar, ularning vaqtlarini mazmunli o‘tishiga xizmat qiladi. San’atkor tomonidan uyushtiriladigan kontsert dasturi esa madaniy xordiq bilan birga katta taassurotlar qoldirishi shubhasiz.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mas’uliyat – muvaffaqiyat garovi

Korrupsiya rivojlnishga to‘siqdir. Tanish-bilishchilik, manfaat evaziga kimnidir muammosini hal...

Mobil qurilmalar uchun kvant himoya yaratildi

Xavfsizlik choralarini ko‘rish maqsadida olimlar tomonidan izlanishlar olib borilmoqda....

Novosibirsk gubernatori Jarqo‘rg‘onda

Xususan, viloyatimiz hokimi Ulug‘bek Qosimov hamrohligida delegatsiya a’zolari Jarqo‘rg‘on...

Olis O‘shor qishlog‘ida ko‘chma kutubxona tashkil etildi

Kitob yosh-u keksaning doimiy hamrohi bo‘lar ekan, ma’naviyatimiz yuksalib,...
KunTun
KunTun