Biror viloyat haqida o‘ylaganimizda, birinchi navbatda uning nomini dunyoga mashhur qilgan mahsuloti xayolimizda aylanadi. Samarqand o‘zining nonlari, Farg‘ona uzumlari, Jizzax qovunlari bilan mashhur bo‘lsa, Sherobod tumani haqida gap ketganida, yo biror joydan uning nomini eshitganimizda, albatta, anorlari ko‘z o‘ngimizga kelib, og‘zimizning suvi qochadi.
Sherobod tumani o‘zining sersuv, mazzasi biri-biridan o‘tuvchi anorlari bilan so‘nggi yillarda nafaqat o‘zimizda, balki jahon bozorida ham xaridorgir mahsulotga aylanib bormoqda. Talab ortidan tumanda hozirgi kunda 5 ming gektarga yaqin maydon anorzorga aylantirilgan bo‘lsa, ulardan 700 gektardan ortig‘i fermer va dehqon xo‘jaliklariga, 3 ming 400 gektardan ziyodi esa aholi tomorqalari va tadbirkor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Joriy yilning 5-oktyabr sanasida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida respublikamizda birinchi bor “Anor festivali” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yevropa Ittifoqi komissiyasi, Jahon banki, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, vazirlik huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqot xalqaro markazi, Surxondaryo viloyat hokimligi, O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilayotgan festival “Mevalar qiroli” sifatida ta’riflanadigan anor navlari xususida o‘zaro ma’lumot almashish, yangidan-yangi ko‘rinishlarini, turlarini kashf etish va ishtirokchilar uchun o‘zaro bilim-malaka almashish eshiklarini keng ochib beradi.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun Sherobod tumanida press-tur uyushtirildi.
Yaratilayotgan sharoit, zamonaviy texnika-texnologiyalar, qolaversa, hukumatimiz tomonidan berilayotgan e’tibor tumanda sohaga qiziquvchilar sonini kundan kunga oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramizda anorning 500 ga yaqin turi mavjud. Mamlakatimizda esa 30 turdan ortiq anor navlari parvarishlanadi. Tumanda yetishtirilayotgan “Gulobi”, “Qozoqi”, “Toshqo‘rg‘on”, “Gayzara”, “Qora dona” shular jumlasidandir. Shu kunlarda esa tumanda “Quva” navi sinovdan o‘tkazilib, mahalliy sharoitga moslashtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Press-tur qatnashchilari tumandagi “Sherobod Anor Impeks” MCHJ, “Sardorbek Sultonbek” anorchilik va chorvachilik mas’uliyati cheklangan jamiyatida, shuningdek, “Abdulazizov Ziyodullo Baxriddinovich” anorchilik fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, tumandagi anor sanoati qay darajada yo‘lga qo‘yilgani haqida yaqindan ma’lumot olishib, ko‘rib o‘zlari-da guvohi bo‘lishdi.
Qiymati 1 million dollarlik zamonaviy texnologiya o‘rnatilgan “Sherobod Anor Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasida anorning ta’mini, rangini, og‘irligi-yu po‘stining qalin yoki yupqaligini aniqlash hamda turlarga ajratilgach, eksportbop qilib qadoqlash dastgohlari bilan jihozlangan. Ikkinchi navga ajratilgan mevani qayta ishlab, tabiiy sok oladigan korxona, xomashyo va tayyor mahsulotni saqlaydigan yirik omborxonalar ham bunyod etilgan. Eng muhimi, anor mevasidan sharbat olish jarayonida uning shifobaxsh, foydali jihatlari sof holicha saqlab qolinadi. Korxonaning dastlabki mahsulotlari Koreya va Rossiyaga ekspot qilingan bo‘lsa, endilikda Yevropa bozoriga chiqish uchun tegishli sertifikat ham olindi. Quvonarli holat esa zamonaviy korxona yuzga yaqin shaxslarni ish bilan ta’minlab berganidadir.
Tumandagi “Sherobod Anor Impeks” MCHJ, “Sardorbek Sultonbek” anorchilik va chorvachilik mas’uliyati cheklangan jamiyatida, shuningdek, “Abdulazizov Ziyodullo Baxriddinovich” anorchilik fermer xo‘jaliklaridagi yirik-yirik anorlarni ko‘rib, bu dalalarga mas’ullarning mehri, mehnati, jonining bir parchasi singdirilganining guvohi bo‘lasiz. Hatto, hali to‘liq pishib yetilmagan anor shoxlari ham g‘uch-g‘uch bo‘lib meva tukkan. Press-tur davomida jurnalistlar va blogerlarning bog‘bonlar bilan suhbati mazali mevalar iste’moli bilan yanada totli va qiziqarli o‘tdi.
—Festival mamlakatimizdagi anor yetishtiruvchi tadbirkorlar va dehqonlarni birlashtiribgina qolmay, o‘zaro tajriba almashish uchun ham keng imkoniyat yaratadi, — deydi O‘zbekiston Anorchilar assotsatsiyasi raisi Mastura Sayfitdinova. — Buning uchun festival doirasida seminar tashkil etish rejalashtirilgan. Unda xorijlik mehmonlar ham ishtirok etadi. Tajribali olimlardan qiziqarli ma’ruzalar tinglanadi.
Festival doirasida mamlakatimizning anor yetishtiruvchilari o‘z mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etishadi. “Eng mazali anor navi”, “Eng katta anor”, “Eng mazali anor sharbati”, “Eng chiroyli tozalangan anor” kabi nominatsiyalar asosida g‘oliblar aniqlanib, rag‘batlantiriladi.
Dildor Otaqulova