Hamkorlik yo‘nalishlari belgilanmoqda

Date:

Hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, yangi investitsiyalarni jalb etish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish bugungi iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan biridir. Shu ma’noda Surxondaryo va Belarus hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muzokaralar amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Farxodjon Ismoilov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Belarus Respublikasida ishchi tashrif bilan bo‘lib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda.

Tashrif doirasida “Mogilyov” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati o‘rganilib, mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda investitsiya loyihalarini joylashtirish imkoniyatlari, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, ishlab chiqarish hamda muhandislik infratuzilmasi masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Savitskiy, tegishli qo‘mita va boshqarmalar rahbarlari bilan o‘tkazilgan muloqotda investitsiya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Delegatsiya Byxov tumanidagi “Voronino” OAJ va Bouki qishlog‘ida bo‘lib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ishlab chiqarishni tashkil etish va hududni kompleks rivojlantirish borasidagi amaliy tajriba bilan tanishdi.

Tashrif yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, muzokaralarni davom ettirish hamda investitsiyaviy va qo‘shma loyihalar bo‘yicha axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Mazkur tashrif Surxondaryoning xorijiy hududlar bilan amaliy iqtisodiy aloqalarini kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va yangi investitsiyaviy loyihalar uchun zamin yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Baxtli bolalik sari

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Jarqo‘rg‘on tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha...

14 jamoa — bir maqsad sari

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Semurg‘” bolalar oromgohida “Yashil chiroq–2026”...

35 bolajon uchun unutilmas bayram

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Muzrabot tumanida ijtimoiy ko‘makka muhtoj...

264 nafar vatandosh O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi

Mustaqillik bayrami arafasida imzolangan Prezident farmoni bilan 264 nafar...
KunTun
KunTun