Transport vositalari qadimdan odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilib kelgan. Ayniqsa, hozirgi murakkab zamonda ularning roli va ahamiyati nihoyat darajada oshib ketdi.
Yaqinda ish bilan Termizdan Toshkentga borib kelishimga to‘g‘ri keldi. Yo‘l haqi nisbatan qimmat bo‘lishiga qaramasdan, samolyotda borishni tanladim. Samolyotda parvoz qilmaganimga ham ko‘p yillar bo‘lgan edi. Ilgari zamonlarda AN-24 rusumidagi samolyotda 1,5 soatdan ziyod vaqtda uchilgan uzoq masofani zamonaviy aerobusda 50 daqiqada bosib o‘tganimizni sezmay qoldik. Samolyotdagi komfort qulayliklar, xizmatchilarning yo‘lovchilarga iliq munosabatlari tahsinga sazovor, albatta.
Ammo har mukammal narsaning bir nuqsoni bor, deganlaridek, Toshkentdan oxirgi kechki reysda Termizga uchib kelganimizda ko‘ngilni xira qiladigan ayrim holatlarga duch keldik: Kimningdir qo‘lida og‘ir yuki, chaqalog‘i bor, yurishi qiyin qari-yu xastalar, ayollar va yosh bolalar samolyot uchish va qo‘nish zonasidan aeroportning kutish zaligacha bo‘lgan qariyb 500 metrlik masofaga yayov yurishimizga to‘g‘ri keldi. Odatda yo‘lovchilarni samolyotgacha va undan aeroportgacha maxsus avtobuslarda tashib qo‘yishadi-ku. Bu ishni Termiz aeroportida ham joriy qilishning iloji yo‘qmi degan savol meni qiynadi.
Eng og‘ir muammo Termiz aeroportidan uyimizga yetib olish bo‘ldi. Kechki soat o‘nlar chamasi, aeroport maydonida marshrut bo‘yicha shaharga qatnaydigan avtobuslardan dom-darak yo‘q. Aytishlariga qaraganda, ular hatto kunduz kunlarida ham aeroport maydonidagi bekatda emas, balki undan qariyb 1 kilometr naridagi yo‘l qayrilishida to‘xtarmish. “Olg‘ir” taksichilar ularga joy ham, yo‘l ham bermasmish. Oshig‘i olchi “taksichi”lar esa Termizgacha 5-6 kilometr masofaga olib borish uchun 60 ming so‘m kira haqidan pastga tushishni aslo xohlashmaydi. Arzingni Xudoga ayt, noiloj cho‘ntagingdagi oxirgi so‘mlarni bu yulg‘ichlarga berib, uyingga eson-omon yetib olishingni o‘ylaysan kishi. Nahotki, mutasaddi tashkilotlar va ularning rahbarlari bu muammodan bexabarlar?!
Aeroportdagi bu holatlar transport xizmatlari bilan bog‘liq yechimini kutayotgan yagona muammo emas ekan. Yaqinda temir yo‘l transportidan foydalanganimda ham yo‘lovchilar uchun noqulay bo‘lgan ayrim holatlarga guvoh bo‘ldim. “Termiz – Darband” yo‘nalishi bo‘yicha qatnaydigan poyezdda Qumqo‘rg‘ongacha borishimga to‘g‘ri keldi. Chipta narxi 15 ming so‘m – har holda cho‘ntak ko‘taradigan darajada. Ammo ko‘zlangan manzilgacha yetib borish nihoyatda azob: iyulning jazirama kuni, poyezdni tashkil etuvchi ikkala vagonda ham diqqinafas issiq, na ventilyator, na konditsioner degan havoni sovituvchi vositalar bor, hatto tepadagi tuynuklar, yondagi derazalar ham ochib qo‘yilmagan, yosh bolalar baqirib yig‘lamoqda, katta-yu kichik vagonlar yo‘lakchasida o‘tirib olgan, ming dard-u azoblar bilan Qumqo‘rg‘onga yetib olganimizga shukurlar qildik. Odamlar tugul hatto mollarni ham bu holatda tashish gunoh va jinoyat ekanligini vagon kuzatuvchilariga aytganimizda, ular yelkalarini qisib, bizning qo‘limizdan hech narsa kelmaydi, bu rahbarlarga bog‘liq deyishdi.
Transport tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etgan holda, yo‘lovchilar duch kelayotgan bunday muammolar ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Zero, transport sifati yangi poyezd yoki zamonaviy samolyot bilangina emas, balki yo‘lovchining safar davomida o‘zini qanchalik xavfsiz va qulay his qilishi bilan ham baholanadi. Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar ushbu masalalarga munosabat bildirib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Norali BERDIYEV,
Termiz davlat universiteti dotsenti
Uzog‘i yaqin-u og‘iri og‘irroq
Date:

