“Oʻtgan kunlar”dan “Yaldo kechasi”gacha: Millat taqdiri va tarix xotirasi

Date:

Oʻzbek milliy romanchiligi tarixida Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” asari alohida oʻrin tutadi. Bu roman nafaqat muhabbat va fojea qissasi, balki Turkiston xalqining XIX asr oxiridagi ijtimoiy-siyosiy hayoti, milliy qadriyatlari va ozodlikka intilish ruhini badiiy ifoda etgan bebaho durdonadir. Asar yaratilganiga qariyb bir asr boʻlgan boʻlsa-da, uning gʻoyalari bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.

“Oʻtgan kunlar” oʻquvchini Otabek va Kumush muhabbati orqali ezgulik va jaholat, yangilik va eskilik, adolat va zulm oʻrtasidagi abadiy kurash haqida chuqur mushohadaga chorlaydi. Qodiriy yaratgan qahramonlar bugungi kitobxon qalbida ham yashaydi. Chunki ular insoniy fazilatlar, vatanparvarlik va maʼrifat timsolidir.

Milliy adabiyotimizda ana shu ulugʻ asarning badiiy va maʼnaviy davomidek eʼtirof etilayotgan “Yaldo kechasi” romani yangi davr adabiy hodisasi sifatida katta qiziqish uygʻotdi. Asar Abdulla Qodiriy boshlab bergan tarixiy-badiiy yoʻlni davom ettirishga intilib, Turkiston xalqining keyingi tarixiy taqdirini, jadidlar harakati va mustamlaka davrining ogʻriqli sahifalarini badiiy talqin etadi.

Adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov ushbu asarni yuksak baholab, uni “Oʻtgan kunlar”ga ijodiy ilova tarzida yozilgan badiiy hodisa sifatida eʼtirof etgan. Unga koʻra, roman Qodiriy anʼanalarini davom ettirish bilan birga, yangi tarixiy davrning ruhini ham oʻzida mujassam etadi.

“Yaldo kechasi”da xalq boshidan kechirgan zulmatli yillar ramziy maʼnoda yaldo — eng uzun tun timsolida ifodalanadi. Biroq har qanday uzun tun ortidan tong otgani kabi, asarda ham millatning maʼrifatga, ozodlikka va kelajak sari intilishi bosh gʻoya sifatida namoyon boʻladi. Shu jihatdan roman kitobxonni nafaqat tarix bilan yuzlashtiradi, balki milliy xotira va maʼnaviy uygʻonish haqida chuqur oʻylashga undaydi.

Bugun yosh avlod uchun “Oʻtgan kunlar” va “Yaldo kechasi”ni ketma-ket mutolaa qilish tariximizni yaxlit anglash, ajdodlarimizning orzu-intilishlarini his etish va milliy oʻzlikni teranroq idrok etish imkonini beradi. Bu ikki asar bir-birini maʼnaviy jihatdan boyituvchi, millatning kechmishi va kelajagini bogʻlovchi badiiy koʻprikdir.

Kitob insonni tafakkurga, tarix esa xotiraga chorlaydi. Ana shu ikki buyuk asar esa kitobxonni oʻz tarixini sevishga, Vatan taqdiri uchun masʼuliyat hissini chuqur anglashga undaydi. Abdulla Qodiriy yaratgan buyuk adabiy maktab va uning ruhini davom ettirgan “Yaldo kechasi” singari asarlar milliy adabiyotimizning bebaho maʼnaviy xazinasidir.

Xilola Raxmonova,

Angor tuman Axborot-kutubxona markazi Abonement va foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish xizmati rahbari 

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

14 ta ijtimoiy obyekt foydalanishga topshirildi

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Muzrabot tumanida aholi, ayniqsa, yosh...

Bayram ko‘tarinki ruhda o‘tdi

Bandixon tumani markaziy sport o‘yingohida “Yagona Vatan, yagona xalq...

“Yangi kun” — mehr va e’tibor maskani

Termiz shahrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan...

Xalq muammosi — deputat e’tiborida

Aholi bilan muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish,...
KunTun
KunTun