Aholi tanlovi — o‘zgarishlar mezoni

Date:

Hududlarni obodonlashtirish, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mavjud muammolarni hal etishda “Tashabbusli byudjet” loyihasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur jarayonda aholining faolligi, jamoatchilik fikri va mahalliy tashabbuslar hududlar taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda.Sho‘rchi tumanida ham fuqarolarning takliflarini qo‘llab-quvvatlash, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va ijtimoiy soha obyektlarini yanada yaxshilash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
2026-yilning uchinchi choragi yakuniga ko‘ra, Sho‘rchi tumani Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasida jami 28 milliard 343 million so‘mdan ortiq mablag‘ shakllangan.
Ushbu mablag‘lar turli moliyaviy manbalar, jumladan, tuman byudjeti ajratmalari, daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi, avvalgi mavsumlarda tejalgan mablag‘lar hamda boshqa tushumlar hisobidan shakllangan. Bu esa aholi tashabbuslarini moliyalashtirish, mahallalardagi dolzarb muammolarni hal etish va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun muhim moliyaviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Joriy yilning birinchi va ikkinchi mavsumlari doirasida tumani ahli tomonidan jami 267 ta taklif bildirildi. Belgilangan tartibda o‘rganish va saralash jarayonlaridan so‘ng 235 ta taklif tanlab olindi, 32 tasi esa belgilangan mezonlarga muvofiq emasligi sababli rad etildi. Ovoz berish jarayonlarida tasdiqlangan takliflardan
86 tasi bo‘yicha jami 115 615 ta ovoz berildi. Bu raqamlar aholining mahalla va tuman hayotidagi muammolarni hal etishga bo‘lgan qiziqishi, o‘z hududi taqdiriga daxldorlik hissi hamda jamoatchilik faolligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ushbu mavsumlar natijalari bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarda 1-mavsumda 9 ta, 2- mavsumda 16 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Shuningdek, deputat tashabbusi va sheriklikda moliyalashtirish mexanizmlari asosidagi loyihalar ham qo‘llab-quvvatlangan. G‘olib loyihalarning asosiy qismi aholi kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan yo‘nalishlarni qamrab olgan. Jumladan: ichki yo‘llar va piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash; umumta’lim maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash; sog‘liqni saqlash muassasalarini rivojlantirish; boshqa ta’lim muassasalarini ta’mirlash va jihozlash; elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash; mahalla guzarlari va umumfoydalanishdagi obyektlarni ta’mirlash.
Mazkur yo‘nalishlardagi loyihalarning amalga oshirilishi mahallalar qiyofasini o‘zgartirish, aholi uchun qulayliklar yaratish va mavjud infratuzilma muammolarini bosqichma-bosqich bartaraf etishga xizmat qiladi.
Birinchi mavsumda g‘olib bo‘lgan 9 ta loyihaning barchasida qurilish ishlari yakunlangan. Shundan 8 tasi foydalanishga topshirilgan, yana bir loyiha bo‘yicha foydalanishga topshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Ikkinchi mavsumda g‘olib bo‘lgan 16 ta loyiha bo‘yicha esa amaliy jarayonlar davom etmoqda. Jumladan, 2 ta loyiha bo‘yicha pudratchi aniqlangan, 13 tasida loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda,
1 ta xarid loyihasi bo‘yicha tovar va mahsulotlar birja savdolariga qo‘yilgan. Bu jarayonlarda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish hamda amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
“Tashabbusli byudjet” loyihasining ahamiyati faqat mablag‘ ajratilishi yoki loyihaning g‘olib bo‘lishi bilan cheklanmaydi. Uning asl natijasi — ta’mirlangan yo‘llar, obod mahallalar, zamonaviy ta’lim maskanlari, yaxshilangan elektr ta’minoti va aholi hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Sho‘rchi tumanida fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni yanada obod qilish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Zero, xalq tashabbusi bilan boshlangan har bir xayrli ish — obodlikka qo‘yilgan qadam, aholi ishonchi va farovon kelajak sari intilishning amaliy ifodasidir.

Nigina Shoyeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomorqadan daromad, tikuvchilikdan bandlik

Angor tumanining "Bahor" mahallasida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini...

Taekvondochilarimiz xalqaro musobaqada sovrindor

Namangan shahrida Taekwondo WT bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Uzbekistan Open 2026”...

Ustozlar ichra a’lo

“Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovida Boysun...

Bolalar xavfsizligi axborot makonidagi mas’uliyatdan boshlanadi

Bugun bolalarni zararli axborotdan himoya qilish faqat ota-onalar yoki...
KunTun
KunTun