Aktivlar aylanmaga qaytadi

Date:

Davlat mulkini xususiy sektorga o‘tkazish iqtisodiyotga investitsiya jalb etish, tadbirkorlikni kengaytirish va mavjud aktivlardan samarali foydalanish imkoniyatini oshiradi.

Prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–177-son Farmoni shu jarayonni jadallashtirish bilan birga, davlat mulkini xarid qilish va undan foydalanishning yangi mexanizmlarini belgilaydi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yilda 84 ta jamiyat ustav kapitalidagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti va 8 ming gektar yer uchastkasini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, 85 ta davlat ishtirokidagi korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish, umumiy qiymati qariyb 100 trillion so‘mlik aktivlarni savdoga chiqarish va kamida 14 trillion so‘m tushum olish ko‘zda tutilgan.

Farmonda davlat aktivlarini sotib olish uchun qulayroq to‘lov shartlari belgilangan. Umumiy tartibda xaridor 15 foiz avans to‘lashi, qolgan mablag‘ni esa belgilangan shartlar asosida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.

Ayrim yirik aktivlar va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari uchun qo‘shimcha imtiyozlar nazarda tutilgan. Jumladan, qiymati BHMning 23 ming baravaridan yuqori bo‘lgan davlat aktivlari hamda BHMning 8 ming baravaridan yuqori bo‘lgan tegishli yer uchastkalari bo‘yicha xarid qiymati olti oy ichida to‘liq to‘lansa, 25 foiz chegirma qo‘llanadi. To‘lovning kamida 50 foizi olti oyda amalga oshirilsa, qolgan summa yetti yilgacha, uch oyda kamida 35 foizi to‘lansa, qolgan mablag‘ besh yilgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.

Aktiv qiymatining kamida 50 foizi to‘langach, xaridor belgilangan tartibda obyektni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash yoki yangi qurilish uchun buzish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu xarid qilingan mulkni yangilash va undan iqtisodiy faoliyatda foydalanishni tezlashtirishga xizmat qilishi mumkin.

Auksionda xaridor topilmagan davlat aktivlarini qayta savdoga chiqarish mexanizmlari ham belgilangan. Jumladan, uch oy davomida sotilmagan aktivlarning boshlang‘ich narxini belgilangan tartibda bosqichma-bosqich pasaytirish, ikki oy davomida sotilmagan aktivlarni esa lotlarga ajratish yoki birlashtirib qayta savdoga chiqarish mumkin.

Yangi tartiblarning samarasi nafaqat davlat aktivlarining sotilishida, balki ularning keyinchalik qay darajada samarali ishlatilishida ham namoyon bo‘ladi. Xususiy investitsiyalar hisobiga ishlab chiqarish va xizmatlar rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda mulkning iqtisodiy aylanmaga jalb etilishi ushbu jarayonning muhim natijalaridan bo‘lishi mumkin.

B.Jumayev,

“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Surxondaryo viloyati vakili

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Narkotik savdosining noqonuniy kanali fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan...

Sifatsiz tovar va xizmatlar: huquqiy yechim qayerda?

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filiali majlislar zalida «Yuksalish»...

Imkoniyatlar va muammolar o‘rganildi

Angor tumani hokimi Qosim Mardonov «Angor karvonsaroy» savdo kompleksida...

Bir bayroq — bir xalq, bir maqsad

Termiz tumani hokimligi tadbirlar maydonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i...
KunTun
KunTun