Sud himoyasi: tadbirkor uchun nima o‘zgaradi?

Date:

Sudga murojaat qilishda vaqt, hujjatlar va ortiqcha protsessual to‘siqlar tadbirkor uchun muhim masalalardan. Shu bois sud himoyasining qulay va samarali bo‘lishi iqtisodiy nizolarni ko‘rib chiqish jarayonidagi asosiy talablardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2026-yil 14-avgustdagi “Odil sudlov—2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-160-son Farmoni bilan bu borada qator yangi mexanizmlar belgilandi. Farmon sudlarni byurokratiyadan xoli qilish, sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish va zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Iqtisodiy sudlar uchun muhim yangiliklardan biri — sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirishdir. “Yagona darcha” tamoyili asosida arizani qaytarish bilan bog‘liq ayrim to‘siqlarni kamaytirish, agar ish boshqa sudga tegishli bo‘lsa, arizani tegishli sudga o‘tkazish tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, da’vo arizasidagi juz’iy, ya’ni formal kamchiliklarni sudning faol ko‘magida bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish — “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standartini joriy etish. Unga ko‘ra, ishni ko‘rish jarayonida juz’iy kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish sudya zimmasiga yuklanishi nazarda tutilgan. Bu yondashuvda protsessual shakl nizoni mazmunan hal qilishga to‘sqinlik qilmasligi kerak, degan tamoyil ustuvor bo‘ladi.
Iqtisodiy ishlarni ko‘rish tartibini soddalashtirish ham Farmonda alohida o‘rin tutadi. Ayrim ishlarni taraflarni chaqirmasdan, zarur hujjatlar asosida yozma tartibda ko‘rib chiqish imkoniyatini beruvchi yagona soddalashtirilgan mexanizmni joriy etish nazarda tutilmoqda. Bu, avvalo, tadbirkorning vaqtini tejash va nizolarni ortiqcha protsessual bosqichlarsiz hal etishga xizmat qiladi.
Sudga murojaat qilishning raqamli imkoniyatlari ham kengaytiriladi. 2027-yil yakuniga qadar Oliy sudning my.sud.uz portalidagi mobil ilovani yangilash, “Sudga murojaat namunalari” xizmatini takomillashtirish va sud hujjatlarini interaktiv izlash imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan.
Demak, Farmonda belgilangan yangiliklarning mazmuni faqat protsessual qoidalarni o‘zgartirishdan iborat emas. Asosiy maqsad — fuqaro va tadbirkor buzilgan huquqini himoya qilish uchun sudga murojaat qilganda ortiqcha vaqt, xarajat va byurokratik to‘siqlarga duch kelmasligini ta’minlash. Sudning faol ishtiroki, soddalashtirilgan tartiblar va raqamli xizmatlar esa ana shu maqsadga xizmat qiladi.

Botirjon Abdullayev,
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Probatsiyadan — bandlik sari

Denov tumanida probatsiya nazoratida turgan fuqarolar bandligini ta’minlashga qaratilgan...

Tayyorgarlik ishlari o‘rganildi

Oltinsoy tumanining “Bo‘ston” mahallasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “O‘zbekiston enoturizmi va...

Ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan yordam beriladimi?

Sovuq kunlarda kommunal xarajatlarning ortishi, ayniqsa, kam daromadli oilalar...

Surxon suv ombori yangi sayyohlik manziliga aylanadi

Surxon suv ombori nafaqat suv resurslari, balki betakror tabiati...
KunTun
KunTun