Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirishda tegishli xizmatlarning hamjihatligi, tezkor va muvofiqlashtirilgan harakati muhim ahamiyatga ega. Buning uchun kuch va vositalarning shayligini sinovdan o‘tkazish, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirib borish zarur.
Shu maqsadda bugun Boysun tumanida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ehtimoliy oqibatlarini bartaraf etish va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
Dastlab, mashqlarga jalb etilgan kuch va vositalarning saf ko‘rigi tashkil etildi. Unda maxsus texnika va jihozlarning shayligi, shaxsiy tarkibning belgilangan vazifalarni bajarishga tayyorgarligi hamda favqulodda holatlarda tezkor harakatlanish imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi.
O‘quv mashqlari davomida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xizmatlarning o‘zaro hamkorligini ta’minlash, kuch va vositalarni muvofiqlashtirish, xavf-xatarlar oqibatlarini minimallashtirish hamda aholi hayoti va mol-mulkini muhofaza qilishga qaratilgan vazifalar ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, bunday hamkorlikdagi o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar respublikaning turli hududlarida, jumladan, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham tizimli ravishda o‘tkazilmoqda. Bu kabi mashqlar favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirish, xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va aholi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

