Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev, “Silk Road Innovation and Development Institute” direktori Akmalxon Sharapov hamda Xitoyning “Beijing Silk Road Culture Development Co. Ltd.” kompaniyasi prezidenti Zang Hongyan (Shirin) o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kelishuv qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va universitet professor-o‘qituvchilarining Xitoyda stajirovka o‘tashi, malakasini oshirishi hamda ilg‘or agrotexnologiyalarni o‘rganib, hudud qishloq xo‘jaligiga joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi xodimlari malakasini oshirishga ixtisoslashgan Xitoy markazini tashkil etish masalasi ham memorandum yo‘nalishlaridan o‘rin olgan.
Hamkorlik doirasida universitet ta’lim dasturlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijiy talabalarni jalb etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, xalqaro ilmiy tadbirlar tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Besh yil muddatga tuzilgan memorandum universitetning xalqaro aloqalarini kengaytirish, ta’lim va ilm-fan rivojini qo‘llab-quvvatlash hamda Surxondaryo qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish uchun hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi.

