Surxondaryo viloyati hokimligi delegatsiyasi Afg‘onistonning Balx viloyatida bo‘lib, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Qariyb 40 nafar afg‘onistonlik tadbirkor ishtirok etgan uchrashuvda meva-sabzavot, ko‘mir, paxta, chigit va go‘sht mahsulotlarini import qilish, ularni Termiz xalqaro savdo markazida qayta ishlash hamda uchinchi davlatlarga eksport qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tibbiyot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va Hayraton hududida 100 gektar maydonda erkin iqtisodiy zona tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Mazkur takliflar ikki hudud o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish va o‘zaro manfaatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

