Surxondaryo viloyatida 2026-yilning 9 oyida ma’muriy sudlar tomonidan davlat organlari qarorlarining qonuniyligi, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda manfaatlariga daxldor nizolar ko‘rib chiqildi. Hisobot davrida 665 ta ish mazmunan hal etilib, 230 tasi bo‘yicha murojaatchilar talablari qanoatlantirildi.
Sudlar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining qonuniyligini ta’minlashdir. Shu davrda ularning qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi bilan bog‘liq 562 ta ish ko‘rib chiqilib, 206 tasi qanoatlantirilgan. Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 147 ta xususiy ajrim chiqarilgan.
Alohida toifadagi nizolar orasida pensiya ta’minotiga oid ishlar e’tiborni tortadi. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mansabdor shaxslarining qarorlari va harakatlari bilan bog‘liq 149 ta ish ko‘rib chiqilib, 134 tasi qanoatlantirilgan. Bu yo‘nalishdagi nizolar insonlarning kundalik turmushi va qonuniy manfaatlariga bevosita taalluqli ekani bilan ahamiyatlidir.
Fuqarolarning sud qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori instansiyalarga murojaat qilish huquqi ham ta’minlanmoqda. Hisobot davrida apellyatsiya instansiyasida 107 ta, kassatsiya instansiyasida 41 ta, taftish instansiyasida 56 ta ish ko‘rib chiqilgan.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va huquqiy savodxonlikni oshirishga ham e’tibor qaratildi. Viloyat ma’muriy sudiga 475 ta murojaat kelib tushgan. Bundan tashqari, aholi, korxona va tashkilotlar hamda ta’lim muassasalarida 270 ta huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalarida 260 marotaba chiqish qilingan.
Ma’muriy sudlarning faoliyati fuqarolar va tadbirkorlarga o‘z huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilish imkonini beradi. Har bir nizoning xolis ko‘rib chiqilishi, dalillarga asoslangan va qonuniy qaror qabul qilinishi esa sudga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Bobomuratova,
Surxondaryo viloyat ma’muriy sudi raisi

