O‘zbekistonda 2026-yil 1-noyabrdan tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan maxsus foto va video qayd etish qurilmalari orqali haydovchilarning xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlarini aniqlashga ruxsat beriladi.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-oktyabrdagi 596-son qarori bilan belgilandi. Hujjatga muvofiq, Hukumatning 2021-yil 21-apreldagi 232-son qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi talablarga ko‘ra, qoidabuzarlik qayd etilgan fotosuratlarda haydovchining yuzi hamda xavfsizlik kamarini taqqan yoki taqmagani aniq ko‘rinishi shart.
Shuningdek, qurilmalar qoidabuzarlik haqidagi ma’lumotlarni «Ma’muriy amaliyot» moduliga avtomatik uzatish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Bunda metrologik qiyoslash guvohnomasining raqami va amal qilish muddati, qoidabuzarlik sodir etilgan sana-vaqt hamda joyning aniq koordinatalari uzatiladi. Bundan tashqari, elektr ta’minoti uzilgan taqdirda ham qurilmalar kamida sakkiz soat ishlashini ta’minlaydigan zaxira elektr manbayi bilan jihozlanishi talab etiladi.

