Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Surxondaryoda yurt obodligi va farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan insonlarga e’tibor va ehtirom ko‘rsatishga qaratilgan ezgu tadbir tashkil etildi.
Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan 350 nafar obodonlashtirish xodimi ishtirokidagi tadbir viloyat hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakilligi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida o‘tkazildi.
Unda hududlar obodligi, ko‘chalar va mahallalar ozodaligini ta’minlashda halol mehnati bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarga samimiy minnatdorlik bildirildi. Ishtirokchilarga xayriya yordamlari ulashilib, ularning zahmatli mehnati doimo e’tibor va ehtiromda ekani ta’kidlandi.
Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilgan ushbu ezgu tadbir mehnat ahliga hurmat, inson qadriga e’tibor va xalqimizga xos mehr-oqibatning yorqin ifodasiga aylandi.
Bunday tashabbuslar jamiyatda saxovat, hamjihatlik va o‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

