Mustaqillik — xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, milliy davlatchiligini tiklashi va kelajagini mustaqil qurishi uchun tarixiy imkoniyatdir. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik yo‘li ham ana shu imkoniyatni amaliy taraqqiyotga aylantirish, zamonaviy davlat va jamiyat barpo etish yo‘lidagi izchil izlanishlar davri bo‘ldi.
Tarixiy yo‘lga xolis nazar tashlasak, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda mustaqil davlatning huquqiy va institutsional asoslari shakllantirildi, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning milliy ustuvorliklari belgilandi. Yangi iqtisodiy munosabatlarni qaror toptirish, bozor tamoyillarini joriy etish, zamonaviy davlat boshqaruvi va huquqiy institutlarni shakllantirish oson kechmadi. Bularning barchasi katta mehnat, tajriba va mas’uliyatni talab qildi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimiz taraqqiyotida yangi bosqich boshlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash asosiy mezon sifatida belgilandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning umumxalq referendumi asosida qabul qilinishi esa inson huquqlari, ijtimoiy davlat va fuqarolarning konstitutsiyaviy kafolatlarini yanada mustahkamladi.
Bugun bu o‘zgarishlar iqtisodiyot va tadbirkorlik, ta’lim va tibbiyot, infratuzilma, raqamlashtirish hamda aholini ijtimoiy himoya qilish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda namoyon bo‘lmoqda. Tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlarning yaratilishi, zamonaviy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining kengayishi, hududlarda yangi ish o‘rinlarining barpo etilishi iqtisodiy faollikni oshirmoqda. Ta’lim tizimida yangi maktab, oliy ta’lim va kasbiy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi esa kelajak avlod uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda.
Taraqqiyotning yana bir muhim omili — tashqi siyosatdagi ochiqlik va pragmatik yondashuvdir. Bugun O‘zbekiston xalqaro maydonda milliy manfaatlariga tayangan holda ochiq va konstruktiv muloqot olib borayotgan, ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlab bormoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilgani muhim ahamiyatga ega.
Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi muntazam siyosiy muloqot savdo-iqtisodiy aloqalar, transport va kommunikatsiya, energetika, suv resurslaridan oqilona foydalanish, xavfsizlik hamda madaniy-gumanitar hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu esa O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni va xalqaro hamkorlik salohiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Mustaqillikning 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanayotgani bejiz emas. Zero, bu sana nafaqat bosib o‘tilgan yo‘l va erishilgan natijalarni sarhisob qilish, balki oldimizdagi vazifalarni belgilash uchun ham muhim fursatdir.
O‘tgan 35 yil bizga bir haqiqatni ko‘rsatdi: taraqqiyot bir kunda yuz bermaydi. U izchil islohot, bunyodkor mehnat, xalqning faolligi va kelajakka bo‘lgan ishonch bilan barpo etiladi. Bugungi natijalar ham ana shu uzoq va mashaqqatli yo‘lning mahsulidir.
Endi asosiy vazifa — erishilgan yutuqlarni asrab-avaylash, mavjud muammolarni ochiq tan olib, ularni bartaraf etish va yangi imkoniyatlardan samarali foydalanishdir. Bunda yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirish, ta’lim va ilm-fan sifatini oshirish, inson qadrini yanada yuksaltirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
35 yillik mustaqillik yo‘li — bu shunchaki tarixiy sana emas. Bu xalqimizning o‘z kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchi, bunyodkorlik salohiyati va kelajak sari intilishining 35 yillik ifodasidir. Bugungi tajriba va erishilgan natijalar esa yangi marralar uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Jamshid Aliyev,
“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati
hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi

