Muzrabot tumanida aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy soha obyektlarini rivojlantirish borasidagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Xususan, “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Darband mahallasidagi 39-sonli umumta’lim maktabi zamonaviy qiyofa kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-martdagi PQ–141-son qarori ijrosi doirasida, Islom taraqqiyot banki ishtirokida BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha asosida maktabda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borildi.
“YULDUZ-AZIZA-XAFIZAXON” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida maktab hududida qo‘shimcha 120 o‘rinli yangi o‘quv binosi hamda 50 o‘rinli zamonaviy oshxona bunyod etildi. Ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun qulay sinfxonalar, jihozlangan fan kabinetlari va zamonaviy sharoitlar yaratildi.
Yangi binoning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, tuman rahbarlari, nuroniylar, mahalla faollari, ta’lim sohasi vakillari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mehmonlar maktabda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, ta’lim jarayoni uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholadilar.
Yangi va zamonaviy o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, pedagoglarning samarali faoliyat yuritishi hamda hududdagi ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

