Hamma narsa pul bilan hal bo‘ladi…mi?

Date:

Tasavvur qiling: yangi maktab qurilishi uchun ajratilgan mablag‘ning bir qismi noqonuniy yo‘llar
bilan o‘zlashtiriladi. Natijada maktab sifatsiz quriladi, bolalar xavfsiz sharoitda ta’lim olmaydi, davlat esa yana qo‘shimcha mablag‘ sarflashga majbur bo‘ladi. Bir qarashda oddiy moliyaviy qonunbuzarlik bo‘lib tuyulgan bu holat aslida minglab insonlarning hayotiga ta’sir qiladigan jiddiy muammoga aylanadi. Ana shu muammoning nomi — korrupsiya.
Korrupsiya nafaqat iqtisodiyotga, balki jamiyatning ma’naviy poydevoriga ham putur yetkazadi. U halol mehnatning qadrsiz-lanishiga, qonun ustuvorligining zaiflashishiga va fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchining pasayishiga olib keladi. Eng xavflisi shundaki, korrupsiya rivojlanish yo‘lidagi ko‘rinmaydigan to‘siq bo‘lib, uning oqibatlari ba’zan yillar davomida sezilib turadi.
Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlari korrupsiyaga qarshi kurashni jazoni kuchaytirish bilangina emas, balki uning ildizlarini bartaraf
etish orqali olib bormoqda. Ochiqlik, shaffoflik, raqamlashtirish va jamoatchilik nazorati ana shunday samarali vositalar hisoblanadi. Chunki korrupsiya eng ko‘p yopiq tizimlar, murakkab byurokratik jarayonlar va nazorat sust bo‘lgan joylarda rivojlanadi.
Davlat xizmatlarining elektron shaklga o‘tkazilishi, davlat xaridlarining ochiqligi, raqamli platformalarning keng joriy etilishi va murojaatlar bilan ishlash tizimining takomillashtirilishi fuqarolar uchun qulaylik yaratish bilan birga, noqonuniy manfaatlar uchun imkoniyatlarni ham qisqartirmoqda. Masalan, ilgari bir nechta idoralarga borishni talab qilgan ayrim xizmatlarni bugun elektron shaklda, qisqa vaqt ichida olish mumkin. Natijada ortiqcha qog‘ozbozlik, inson omili va norasmiy kelishuvlar ehtimoli kamaymoqda. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashni faqat davlat organlari zimmasidagi vazifa deb hisoblash to‘g‘ri emas. Jamiyatning har bir a’zosi halollik tamoyiliga amal qilmas ekan, eng mukammal qonunlar ham kutilgan natijani bermaydi. Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham korrupsiyaning bir bo‘lagiga aylanadi. Demak, muammoni faqat jazolash emas, balki fuqarolik madaniyatini yuksaltirish orqali ham hal etish mumkin.
Aslida korrupsiyaning eng katta zarari pul yo‘qotilishida emas. Uning eng og‘ir oqibati — odamlarning adolatga bo‘lgan ishonchi yo‘qolishidir. Agar jamiyatda “hamma narsa pul bilan hal bo‘ladi” degan qarash shakllansa, iste’dod, bilim va halol mehnat o‘z qadrini yo‘qotadi. Bunday muhit esa hech qachon barqaror taraqqiyotga olib bormaydi.
Korrupsiyadan xoli jamiyatni barpo etish faqat huquqni
muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun xalqning umumiy maqsadi bo‘lishi kerak. Aynan mana shu qadriyatlar ustuvor bo‘lgan jamiyatda iqtisodiyot barqaror rivojlanadi, investitsiyalar ko‘payadi, fuqarolarning huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinadi hamda kelajak avlod uchun mustahkam poydevor yaratiladi.

Hamidjon Olimjonov,
Surxondaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi AKT bosh mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Hamma narsa pul bilan hal bo‘ladi…mi?

Tasavvur qiling: yangi maktab qurilishi uchun ajratilgan mablag‘ning bir...

Samarqandga safar: tarix, mehr va ilhom manzili

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida ishchi va xodimlarni...

“Vatanparvar” bog‘ida unutilmas kun…

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining bo‘sh vaqtini mazmunli...

Takrorlardan xoli…mi?!

Xususiy notarial institutining rivojlanishi notarius faoliyatini samarali tashkil etish...
KunTun
KunTun