Majburiy ijro byurosining Surxondaryo viloyati boshqarmasiga murojaat qilgan Denov tumanida yashovchi Muyassar Xamrayevaning masalasi qisqa muddatda ijobiy hal etildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qaroriga muvofiq, davlat ijrochilari tomonidan o‘tkazilgan majburiy ijro harakatlari natijasida ikki nafar voyaga yetmagan qiz farzand sog‘-salomat onasi bag‘riga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, bolalar avval ham sud qarori asosida onasi tarbiyasiga topshirilgan bo‘lsa-da, keyinchalik sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan yana olib ketilgan. Onasining takroriy murojaatidan so‘ng Byuro tomonidan zudlik bilan choralar ko‘rilib, sud hujjatining ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Ushbu holat sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi, shuningdek, voyaga yetmagan bolalarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilishda majburiy ijro organlarining o‘rni naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.

