Imkoniyati cheklangan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va har tomonlama rivojlanishi uchun munosib sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Muzrabot tumanida yangi kunduzgi parvarish maskani foydalanishga topshirildi.
Tumanning “Shaffof” mahallasida joylashgan “Aqilvoy Baby” MCHJ tomonidan tashkil etilgan 36 o‘rinli kunduzgi parvarish maskanining ochilish marosimida tuman hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, nuroniylar, mahalla faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda yangi maskanda imkoniyati cheklangan bolalarning ta’lim olishi, dam olishi va sog‘lom rivojlanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi. Tantanali ochilishdan so‘ng mehmonlar muassasadagi qulay infratuzilma va jihozlar bilan tanishdi.
Tadbir davomida bolalarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Ishtirokchilar mazkur maskan faoliyati imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatga moslashuviga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy loyiha ekanini qayd etdilar.

