Prezident qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-oktyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida fuqarolar va tadbirkorlar uchun qator yangi elektron xizmatlar ishga tushiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulk va avtotransportni garov yoki ipotekaga qo‘yish hamda ularni begonalashtirishga taqiq o‘rnatish yoki bekor qilish masofadan turib amalga oshiriladi. Shuningdek, fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqamlari va bank kartalari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish, foydalanilmayotgan raqamlarni o‘chirish bo‘yicha murojaat yuborish, pulli xizmatlarni nazorat qilish hamda bank kartalarini bloklash uchun elektron ariza jo‘natish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, fuqaro nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda bu haqda Yagona portal orqali avtomatik xabarnoma yuboriladi. Mazkur yangiliklar davlat xizmatlarini yanada qulay, tezkor va xavfsiz ko‘rinishda olish, shuningdek, fuqarolarning mol-mulki va shaxsiy ma’lumotlari ustidan nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

