Yozning issiq kunlarida mehnat qilayotgan xodimlar uchun qonunchilikda qo‘shimcha himoya choralari belgilangan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, may–avgust oylarida havo harorati 43 daraja va undan yuqori bo‘lsa, janubiy hamda cho‘l hududlarida esa 46 darajadan oshsa, bunday sharoit kuchli issiq deb baholanadi.
Ochiq havoda, sovitish tizimisiz xonalarda yoki og‘ir jismoniy mehnatda ishlayotgan xodimlarga ish kuni davomida qo‘shimcha tanaffuslar berilishi mumkin. Ish beruvchi esa dam olish uchun qulay, zarur hollarda sovitish vositalari bilan jihozlangan sharoit yaratishi lozim.
Shuningdek, ish jarayonidan kelib chiqib, ayrim xodimlarni masofaviy ish shakliga o‘tkazish imkoniyati ham mavjud.
Mutaxassislar jazirama kunlarda sog‘liqni asrash uchun yetarli suyuqlik ichish, quyoshning eng qizigan vaqtida uzoq vaqt ochiq havoda qolmaslikni tavsiya etmoqda.

