Termiz davlat universiteti hamda Surxondaryo viloyati Gidrometeorologiya markazi o‘rtasida ilmiy hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hamkorlik doirasida universitet huzuridagi “Afg‘on shamoli ta’sirini kamaytirish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy tadqiqot markazi” faoliyati yanada rivojlantirilib, Afg‘on shamoli va chang bo‘ronlarining ekologik hamda iqlimiy ta’siri chuqur o‘rganiladi. Shuningdek, atmosfera havosidagi chang zarralari monitoringi yo‘lga qo‘yilib, meteorologik ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur hamkorlik ekologik xavfsizlikni ta’minlash, hududda kuzatilayotgan iqlimiy jarayonlarni ilmiy asosda tahlil qilish va Afg‘on shamolining salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, yosh olimlar va talabalarni ilmiy tadqiqotlarga keng jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

