Unutilmas o‘n kun — chiroy ochar Boysun

Date:

Bugun dunyo ahli yangilikka, o‘ziga xoslikka, qadimiy sivilizatsiya o‘choqlarini bilishga, olam-olam taassurotlar olishga chanqoq. Bu istak esa ko‘ngillilarni Surxondaryoga, ochiq osmon ostidagi muzey yanglig‘ ta’rif berilguvchi Boysun tumaniga chorlashi aniq. Sababiki, tumanning “Bibishirin” mahallasidagi “Boysun bahori” turizm majmuasida yirik festival o‘tayotir. “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali — O‘zbekistonning eng rang-barang va qadimiy an’analarga boy madaniy tadbirlaridan biri bo‘lib, har ikki yilda dunyo xalqlarining tarixiy xotirasi, madaniy o‘zligi va milliy iftixorini ifoda etuvchi yirik anjumandir. Aynan festivalning jozibasiga zeb beradigan, madaniyatlar kesishuvi sifatida tanlangan Boysun 2001-yilda “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi durdonasi” sifatida tan olingan madaniyati bilan bu yirik loyiha uchun uzukka qo‘yilgan ko‘zdek. Noyob madaniy festivalning shukuhi dunyoning e’tirofiga sazovor, qolaversa, yildan yilga nufuzi oshayotgan, auditoriyasi kengayayotgan festival sabab vohada turizm ko‘lami beqiyos darajada oshdi. “Boysun bahori” xalqaro etno-festivali o‘tkazilayotgani natijasida Surxondaryoda sayyohlar oqimi 4 karra ko‘payganligi esa fikrimiz tasdig‘i bo‘la oladi. Iqtisodiy foydasidan ko‘ra uning ijtimoiy ahamiyati yuqoriroq. Shuni anglagan holda har safar festival doirasidagi tadbirlar sifat jihatidan o‘sdi. Bu yilgi etno-festival 10 kun davom etadi, mazkur vaqt davomida milliy madaniyat namoyishi asnosida Boysun qadim Surxonning bor tarovatini namoyish etuvchi ochiq osmon ostidagi turizm yarmarkasiga aylanadi. “Boysun bahori” festivali Surxondaryoda turizm mavsumi boshlanganini ifodalovchi taklifnoma singari ahamiyatga ega.

“Boysun bahori” — madaniyatlar chorrahasi

Milliy madaniyat va boy folklor merosini keng targ‘ib etuvchi “Boysun bahori” xalqaro festivali nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo xalqlarining madaniy boyliklarini bir maydonga jamlayotgani bilan alohida e’tiborga loyiq. Ochilish marosimi doirasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov xorijiy mehmonlar va rasmiy delegatsiyalar bilan birgalikda hududlarda tashkil etilgan pavilyonlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda milliy hunarmandchilik namunalari, xalq amaliy san’ati durdonalari hamda ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan an’anaviy turmush tarzi jonli namoyish etildi. Har bir ko‘rgazma xalqimizning boy tarixi, qadriyatlari va betakror madaniy merosini o‘zida mujassam etgani bilan tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.

 “Boysun bahori” turizm majmuasida xalqaro folklor festivali tantanavor ruhda boshlandi. Ushbu nufuzli anjuman viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning kirish so‘zi bilan rasman ochib berildi.

Viloyat rahbari o‘z nutqida festivalni xalqimizning bebaho madaniy merosi, asrlar davomida sayqallanib kelayotgan milliy an’analari, o‘ziga xos urf-odatlari va milliy o‘zligini namoyon etuvchi yirik madaniy maydon sifatida alohida e’tirof etdi. Barchani ushbu ulkan bayram bilan samimiy muborakbod etib, uning nafaqat hudud, balki mamlakatimiz nufuzini oshirishdagi o‘rnini ta’kidladi.

Joriy yilgi festivalda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan — Xitoy, Rossiya, Kanada, Fransiya, Italiya, Polsha, Gretsiya, Germaniya, Yaponiya va Hindistondan tashrif buyurgan rasmiy delegatsiyalar va ijodiy jamoalar ishtirok etayotgani tadbirning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yanada oshirdi. Bu esa “Boysun bahori”ni madaniyatlar chorrahasiga aylantirib, turli xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Festivalning ochilish marosimi rang-barang konsert dasturi bilan davom etmoqda. Poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlar, vohaning iste’dodli ijodkorlari, maqom, folklor va baxshichilik san’ati ustalari o‘z chiqishlari orqali tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etmoqda. Har bir kuy-qo‘shiqda milliy ruh, har bir sahna chiqishida ajdodlar merosi va xalq qalbi aks etmoqda. Zamonaviy texnologiyalar ham bayramga o‘zgacha joziba bag‘ishladi. Ayniqsa, dronlar ishtirokidagi yorqin shou kechaga betakror kayfiyat olib kirib, an’anaviy va zamonaviy san’at uyg‘unligini namoyish etdi.

“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bugun nafaqat madaniy tadbir, balki milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosni asrab-avaylash va uni dunyoga targ‘ib etuvchi muhim platformaga aylanib bormoqda. U xalqlarni birlashtiruvchi, yuraklarni yaqinlashtiruvchi va insoniyatning umumiy qadriyatlarini ulug‘lovchi betakror bayram sifatida tobora yuksalib bormoqda.

Qadriyatlar sadosi yangrar

Milliy folklor — bu xalqning yuragi, uning o‘tmishi, buguni va ertangi kunini bog‘lab turuvchi ruhiy ko‘prikdir. Ana shu bebaho merosni asrab-avaylash, uni dunyoga tanitish yo‘lida “Boysun bahori” xalqaro festivali yildan yilga nufuzi ortib borayotgan muhim madaniy maydonga aylanmoqda. Festival doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda nafaqat O‘zbekistonning yetakchi folklor jamoalari, balki Buyuk Britaniya, Indoneziya,

Vengriya, Slovakiya, Gretsiya, Yaponiya, Ozarboyjon, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan tashrif buyurgan san’atkorlar ham o‘z milliy qo‘shiq va raqslari bilan sahnani bezadi. Go‘yo bir maydonda turli xalqlarning asrlar osha sayqallangan ruhiy boyligi jam bo‘ldi — har bir ohang qalbga iliqlik baxsh etib, har bir raqs tomoshabinni o‘ziga rom etdi.

Kunning ikkinchi yarmida baxshilarning do‘mbira sadolari ostidagi terma va dostonlari, momolarning samimiy lapar va o‘lanlari Boysun tog‘larida aks-sado berib, milliy o‘zligimizni yana bir bor yuksak ifoda etdi. Bu jarayon go‘yo ajdodlar ovozi bilan bugunning uyg‘un suhbatidek yangradi.

Ijrochilarning mahorati xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, yakunda Surxondaryo viloyatining “Boysun” folklor-etnografik jamoasi munosib ravishda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham eng sara jamoalar e’tirof etildi: Qashqadaryoning “Kifti-ob ohanglari” jamoasi milliy qadriyatlarni yuksak mahorat bilan ifoda etgani uchun, Qirg‘izistonning “Dilgir” ansambli tomoshabinlar mehrini qozongani uchun taqdirlandi. Vengriyaning “Barkon Dance Ensemble” jamoasi cholg‘u ijrochiligida, Buyuk Britaniyaning “The London International Klezmer Experience” jamoasi sahnaviy talqinda, Gretsiyaning “Kyklos” ansambli esa mukammal ijrosi bilan alohida ajralib turdi.

Festival doirasida milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishiga ham keng o‘rin berildi. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, tantanali ravishda taqdirlandi. 1-o‘rinni Jizzax viloyatining “Bog‘don”, Rossiyaning “Radoves” hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Meros” folklor jamoalari qo‘lga kiritdi.

Nominatsiyalar bo‘yicha esa Sirdaryoning “Sayxun yigitlari” jamoasi milliy qadriyatlarni aks ettirgan tomosha dasturi uchun, Surxondaryoning “Surxon

dorbozlari” maydon tomosha san’atidagi mahorati uchun, Toshkent shahrining “Ohanrabo” jamoasi sahnaviy uyg‘unligi uchun e’tirof etildi. Indoneziyaning “Ki Ageng Ganjur” ansambli an’anaviy o‘yin va tomoshalarni asrab-avaylashdagi hissasi uchun, Farg‘onaning “Farg‘ona gavhari” jamoasi esa milliy urf-odatlarni badiiy talqinda mukammal ifoda etgani uchun mukofotlandi.

“Boysun bahori” festivali yana bir bor isbotladiki, folklor — bu faqat o‘tmish yodgorligi emas, balki xalqlarni birlashtiruvchi, qalblarni yaqinlashtiruvchi tirik va abadiy san’atdir. Bu maskanda yangragan har bir ohang, ijro etilgan har bir raqs insoniyatning yagona ildizdan oziqlangan rang-barang madaniy daraxti borligini eslatadi.

Milliy kurash — bu nafaqat sport, balki xalqimizning jasorati, mardligi va or-nomusini ifoda etuvchi qadimiy an’anadir. Kurash maydonida har bir olishuv kuch, chaqqonlik va matonatni sinovdan o‘tkazdi, tomoshabinlarga esa chinakam hayajon baxsh etdi.

“Boysun bahori” xalqaro festivali doirasida o‘tkazilgan kurash musobaqasi ham ana shunday ruhda, keskin va murosasiz bellashuvlarga boy tarzda o‘tdi. Turli vazn toifalarida polvonlar gilamga chiqib, o‘z mahoratini namoyish etdi. Musobaqa yakunida g‘oliblarga munosib tarzda bosh sovrinlar — “Cobalt” va “Damas” avtomobillari kalitlari hamda boshqa qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

“Boysun bahori” bugungi kunda nafaqat madaniy festival, balki xalqlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlovchi, milliy qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi va turizm salohiyatini yuksaltiruvchi muhim xalqaro platformaga aylanib ulgurdi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

53 nafar fuqaro ishli boʻldi

Sho‘rchi tumanida “Murod shifo” xususiy tibbiy markazining ochilishi aholiga...

Yoshlarimiz sovrindor boʻldi

Toshkent viloyatining Angren shahrida o‘tkazilgan parayengil atletika bo‘yicha U-20...

Festival yakunlandi

Boysun tumanida o‘tkazilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali...

“Xotira turniri” — jasorat va matonatni ulug‘ladi

Termiz shahrida “Burch, jasorat, matonat” shiori ostida Sariosiyo voqealaridagi...
KunTun
KunTun