Fuqarolarning murojaatlariga e’tibor va ularni tezkor hal etish bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda Viloyat Kengashi deputati Saloxiddin Pardayev saylovchilarning elektr ta’minoti bo‘yicha murojaatlari yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo hududiy filialiga deputatlik so‘rovi yuborgan edi.
Jarqo‘rg‘on tumani “G‘ur-g‘ur” mahallasida yashovchi aholi tomonidan bildirilgan muammolar asosida yuborilgan mazkur so‘rov ijobiy hal etildi. Natijada hududdagi 427- va 428-sonli transformator punktlari ta’mirlash rejasiga kiritildi, shuningdek, eskirgan sim ustunlar o‘rniga yangi temir-beton ustunlar olib kelib o‘rnatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, may oyi yakuniga qadar transformator punktlari to‘liq ta’mirdan chiqarilib, olib kelingan ustunlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu esa hududda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Fuqarolar deputat tomonidan bildirilgan murojaatlarning tezkor va amaliy yechim topganidan mamnun ekanliklarini bildirib, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga minnatdorlik bildirdilar.
Mazkur jarayon deputatlik institutining xalq bilan davlat o‘rtasidagi muhim ko‘prik ekanini yana bir bor tasdiqlab, fuqarolar muammolarini hal etishda amaliy natijalar ustuvor ekanini ko‘rsatdi.

